Toʻy el oldidagi qarzmi?
Yoki oʻttiz kishilik toʻy tartibining afzalliklari
Toʻy aslida nima oʻzi? Uni oʻtkazishdan maqsad nima? Aniqki, ushbu savolga hammamiz el oldidagi qarzimizni uzish deb javob beramiz. Ha, toʻgʻri, toʻy ota-bobolarimizdan qolgan azaliy udum. Farzandining boshini qoʻsh qilib, oila deb atalmish muqaddas qoʻrgʻonini bunyod etayotganda el ogʻziga osh tutish har bir ota-onaning orzusi.Shunday ekan,toʻyni eldan qarzni uzish deyishda ham jon bor. Ammo hamma gap uni qay tarzda uzishda?
...Ochigʻi, shu kunlardagi toʻylar bundan besh-olti oy avvalgilari -kimuzarga aylanganlariga qaraganda koʻngillarni xotirjam qilmoqda. Yaʼni yurtimizda ayni paytda oʻttiz kishilik toʻy tartibi amalda. Bu holat dunyo muammosiga aylangan koronavirus pandemiyasi sharoitida yuzaga kelganligi hammaga maʼlum, albatta.
Quvonarlisi, mazkur ixcham toʻylar har jihatdan qulay, barchaga manzur boʻlganligini koʻpchilik eʼtirof etmoqda. Kechki dasturxon atrofida bobom shu haqda soʻzlab qoldilar. Yaqinda yon qoʻshnimiz Abdumajid aka oʻgʻlini uylantirgan edi.Bobom ixcham dasturxon tuzalganini, 10 kilocha gurunch damlanganini aytdilar. Bobomning soʻzlaridan toʻy barchaga maʼqul tushganligi bilinib turardi.Bunday kam kishilik toʻy oldingi, xalq tilida dangʻillama deb yuritiladiganiga oʻrganganlar uchun albatta, gʻayritabiiy tuyulishi tabiiy hol. Ammo bir oʻylab koʻraylik, toʻy ikki yosh baxtini, yangi hayot ostonasiga qadam qoʻyayotganligini nishonlash uchun qilinmaydimi, aslida. Uni musobaqaga aylantirish esa hech ham zarur boʻlmagan odat.
Avvalgi toʻylarimizni shunchalar katta xarajat sarf qilib oʻtkazar edikki, oz vaqt oʻtib hamyon boʻshligi dilni xira qilar, marosimdan soʻng topganimizning deyarli barchasi qarzlarni toʻlashga ketar edi. Toʻy bahona oʻzgalarga oʻz mol-davlatini maqtanish goʻyoki dabdabali toʻy qilsa barchaning yonida hurmatli, obroʻli insonga aylanish kabi qoʻshtirnoq ichidagi illatlar yaxshiki, bugungi kunda oʻz nihoyasiga yetdi. Qatʼiy talab barchasiga chek qoʻydi. Natijada avvallari koʻp kishilik toʻyga sarflangan xarajatdan tejalgani hozirgi kunda qancha -qancha oilaning keyingi turmushi bir maromda, xotirjam davom etishini taʼminlamoqda. Yana yangi oilaning roʻzgʻori but boʻlayotganini aytmaysizmi!?
Oʻzbek oilasi azaldan koʻp qarindosh –urugʻ, doʻstu birodarlarga ega. Ularning bari taklif qilinsa, eng kam davra yuz nafardan oshiq boʻlishi aniq. Ammo oʻttiz kishilik toʻyga hammasini ham chaqirib boʻlmaydi.Xoʻsh, mazkur tartibda hammasining koʻnglini olish uchun nima qilish kerak? Bizningcha, toʻy qilayotgan oila ham, “taklif qilinmasa uyat boʻladigan” kishi ham bu holatni toʻgʻri tushunishi va shunga oʻrganishi lozim. Demoqchimizki, “Aytmasam xafa boʻladi” yoki “Meni aytmabdi” degan gaplardan yiroq boʻlsak, ikki tomonga ham foydali. Qolaversa, kelmasangiz-da yaqiningizni toʻyini bir ogʻiz iliq soʻz bilan “Qulluq boʻlsin” qilib qoʻysangiz, uning koʻngli yorishadi. Siz ham qarzingizni uzgan boʻlasiz. Eng muhimi esa, oʻzingizga ham, yaqinlaringizga ham foyda keltirasiz.Kuzatishimizcha, yurtdoshlarimiz allaqachon bunday andisha va istiholalardan yiroq boʻlmoqda.Toʻgʻri tushunib, oʻttiz kishilik toʻyning afzalliklarini eʼtirof etgan holda, bu tartibning pandemiyadan keyin ham amalda muqim qolishini istashmoqda.Umid qilamizki, albatta shunday boʻladi va necha yillardan buyon dolzarb muammoga aylanib kelayotgan dabdabali, kimoʻzar, isrofli toʻylar tarixda qoladi. Oʻzbek toʻylari bor milliy anʼanalarini saqlagan holda davom etadi va tejalgan mablagʻdan oilalar gullab-yashnaydi, yana-da farovon boʻladi.
Gap avvalida toʻy bu el oldidagi qarzni uzish dedik. Shu maʼnoda taʼkidlash oʻrinliki, ota-bobolarimiz, ulugʻlarimiz aytganlaridek katta toʻy qilib el oldidagi qarzni uzish niyatini boshqa ezgu ishlar bilan ham amalga oshirsa boʻladi. Deylik, mahallasidagi ehtiyojmand oilaga yordam yoki xalqqa xizmat qiladigan biror bir imorat qurib berish bilan.
Xulosada bir misol. Yozda oʻtkazilgan, ilk oʻttiz kishilik toʻylardan birining sohiblari xayrli ish qildi. Kelin-kuyov Guliston shahridagi “Bolalar shaharcha”siga tashrif buyurdi. Quruq qoʻl bilan emas, katta toʻydan tejalgan mablagʻ hisobiga bolalar uchun bir olam sovgʻa-salom bilan. Shaharchaga toʻy ruhi kirib keldi, tarbiyalanuvchilar qalbiga esa unutilmas quvonch shukuhi. Negaki, xonadonlarda boʻlgani kabi koʻngli oʻksik oʻgʻil-qizlar hovlisidan ham kelin-kuyov qadam tashladi...
Diyora MISRALIYEVA,
Guliston tumani.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring