“Tijorat banklarida korporativ boshqaruv toʻgʻrisida”gi nizom yangi tahrirda ishlab chiqildi. Nega?

12:03 16 Iyul 2020 Iqtisodiyot
1386 0

Markaziy bank shu boʻyicha batafsil sharh berdi:

— Samarali korporativ boshqaruv bank sektorining toʻgʻri ishlashini taʼminlashda muhim rol oʻynaydi. Banklarning barqarorligi moliyaviy barqarorlikning asosi hisoblanadi, shuning uchun bank faoliyatini tashkil etish sifati iqtisodiy farovonlikka erishishning muhim omilidir.

— Banklarda boshqaruvni takomillashtirish maqsadida Markaziy bank tomonidan yangi tahrirdagi “Tijorat banklarida korporativ boshqaruv toʻgʻrisida”gi nizom (2020-yil 30-iyun, roʻyxat raqami 3254) qabul qilingan boʻlib, bank nazoratiga oid Bazel qoʻmitasining “Banklarda korporativ boshqaruvning tamoyillari” va xalqaro umumeʼtirof etilgan normalar asosida ishlab chiqilgan.

— Ushbu Nizom “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi qonunlar hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-maydagi “2020-2025-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasining bank tizimini isloh qilish strategiyasi toʻgʻrisida”gi PF-5992-sonli Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.

— Uning maqsadi korporativ boshqaruvning ilgʻor standartlarini joriy etish orqali banklarda boshqaruvni takomillashtirish, bank boshqaruvi organlari hisobdorligi va faoliyatining shaffofligini taʼminlash hamda boshqaruvga oid qarorlar qabul qilish samaradorligini oshirishdan iborat.

— Unda, shuningdek, bank boshqaruvi organlari vakolat va vazifalari, banklarda manfaatlar toʻqnashuvini oldini olishga doir koʻriladigan choralar, maʼlumotlar oshkoraligi va ochiqligini taʼminlash, bankda xodimlarning odob-axloq qoidalari hamda nooʻrin xatti-harakatlar haqida xabardor etish tizimini joriy qilish kabi normalar belgilangan.

— Nizomning yangi tahririda avvalgisidan farqli ravishda kuzatuv kengashi shakllantiradigan audit, tavakkalchiliklarni boshqarish va mukofotlash qoʻmitalarining vazifalari hamda ushbu qoʻmitalarning bank boshqaruvida tutgan oʻrni batafsil yoritib oʻtilgan. Bu esa oʻz navbatida, tijorat banki boshqaruv organlari oʻrtasida javobgarlikning shaffof sohalarini belgilashga xizmat qiladi.

— Taʼkidlash joizki, Nizom mehnatga haq toʻlash, manfaatlar toʻqnashuvining oldini olishga doir choralar va nooʻrin xatti-harakatlar haqida xabar qilish tizimlarini qamrab olgan. Bular bankning ijroiya organi aʼzolari va xodimlarning masʼuliyatini oshirish hamda oʻz ishiga sadoqat bilan yondashgan holda, faoliyat yuritishiga qaratilgan.

— “Tijorat banklarida korporativ boshqaruv toʻgʻrisida”gi nizom 2020-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер