Til bayramidagi oʻylar
Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”ini oʻqimagan oʻzbekning oʻzi boʻlmasa kerak. Asarning asosiy voqealari Toshkentda kechgan. Yusufbek Hoji, Otabek, Hasanali va boshqalar, agar asar muallifi xohlaganida, toshkentchasiga “soʻzlagan” boʻlardi. Lekin millatning buyuk oʻgʻloni – Abdulla Qodiriy asarni butun oʻzbek elini birlashtirish vositasi sifatida adabiy tilga tayangan holatda bitib, oʻzining eng muqaddas ziyolilik burchini ado etgan, nazarimizda.
Choʻlpon, Fitrat, Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Oybek singari buyuklarning asarlari qahramonlari ham adabiy tilda “soʻzlab” kitobxonlar qalbiga kirib boradi. Toʻgʻri, sheva ham adabiy tilning boyish manbai. Ammo bugun ayrim telekanallarimiz va radiokanallarimizda jurnalistlar, boshlovchilar hamda sanʼatkorlarning shevada soʻzlashi odat tusini olayotgani kishini oʻyga toldiradi. Shevada soʻzlash hech kimga hech qachon taqiqlanmagan. Ammo nafaqat yoshlarimiz, balki yoshi katta avlod vakillarining ham oʻzbek adabiy tilini yaxshi bilmasligi, oʻz tilimizda ravon, yoqimli va taʼsirchan gapira olmasligi koʻngilni gʻash qiladi. Umuman olganda, hammamiz ham adabiy til qoidalarini bilamiz, ularga rioya etamiz, deya olmaymiz.
Televizorni yoqqanimizda, tilbuzarlarni emas, tilsevarlarni koʻrgimiz keladi, shunday emasmi?!
Zafar XUDOYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring