Tibbiyot sohasidagi hamkorlik aholi salomatligini mustahkamlashga xizmat qilmoqda
Respublika ixtisoslashtirilgan koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Buxoro filialida qozogʻistonlik shifokorlar bemorlarni qabul qilishmoqda. Bu amaliy hamkorlik Buxoroda boʻlib oʻtayotgan “Qozogʻiston tibbiyot kunlari” tadbiri doirasida tashkil etildi.
— Davlatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi ushbu tadbir oʻzaro tajriba almashish, kasbiy malakani oshirish, pirovardida bemorlarga malakali tibbiy yordam koʻrsatish nuqtayi nazaridan foydalidir, — deydi Qozogʻiston koʻz kasalliklari ilmiy-tadqiqot institutining boʻlim boshligʻi L. Oʻrazbekov. — Shaxsan oʻzim qandli diabet va boshqa kasalliklar oqibatida koʻz toʻrpardasidagi oʻzgarishlar bilan bogʻliq xastaliklarga chalingan bemorlarni qabul qilyapman.
Markaz filialida mamlakatimiz poytaxti hamda Qozogʻistondan tashrif buyurgan malakali mutaxassislar ishtirokida mahalliy shifokorlar uchun mahorat saboqlari, seminarlar, muloqotlar ham tashkil etildi. “Qozogʻiston tibbiyot kunlari” tadbiri doirasida onkologiya, kardiologiya, neyroxirurgiya kabi yoʻnalishlarda ham qoʻshni davlat shifokorlari bilan hamkorlikda tibbiy koʻriklar, jarrohlik amaliyotlari oʻtkazilmoqda.
Istam IBROHIMOV
“Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring