Tibbiyot xodimlariga malaka toifasi berishning shaffof tizimi joriy etildi
Prezidentimizning 2023-yil 20-iyundagi tegishli qaroriga muvofiq yangi tashkil etilgan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markaziga malaka toifalari berishda zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish orqali uning shaffofligini taʼminlash vazifasi yuklatilgan edi.
Mazkur topshiriqqa koʻra, malaka toifasi berishda hujjat topshirish va attestatsiyadan oʻtkazishning mutlaqo yangi shaffof va adolatli tizimi yaratildi.
Unga koʻra, 2023-yil 11-sentyabrdan boshlab Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tomonidan malaka toifasi berish boʻyicha tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining hujjatlarini faqat elektron shaklda tibtoifa.ssv.uz axborot tizimi orqali qabul qilish boshlandi.
Yangi tizim asosida onlayn tartibdagi malaka toifasi berish boʻyicha dastlabki attestatsiyalarni joriy yil 16-sentyabrdan boshlab oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Ogʻzaki imtihonlar (suhbat) onlayn shaklda maxsus dastur orqali Toshkent shahri va viloyati uchun Markaz binosida zarur qurilmalar bilan jihozlangan xonalarda, Qoraqalpogʻiston va viloyatlardagi mutaxassislar uchun muassasaning hududlardagi ana shunday xonalarida oʻtkazilmoqda.
Bunda imtihonlarning onlayn suhbat bosqichi uchun beriladigan bilet savollari “Random” (inson omili minimallashgan, kompyuter texnologiyasi yordamida tasodifiy savol tanlash) dasturi orqali tanlanadi.
Biletlar 5 ta savoldan iborat boʻlib, ularga javob berish uchun koʻpi bilan 15 daqiqa vaqt ajratiladi va 10 ballik tizimda baholanadi. Imtihon yakunida ushbu dastur umumiy ballarning oʻrtacha qiymatini hisoblab, oʻsha zahoti eʼlon qiladi.
Attestatsiya jarayoni audio va videoyozuvlarda qayd etib boriladi hamda Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida onlayn translyatsiya qilinadi.
Mazkur tizimning yana bir afzalligi shundaki, endilikda tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malaka toifasi olishda hujjat topshirish hamda attestatsiyadan oʻtish uchun ortiqcha vaqt va mablagʻ sarflab poytaxtga kelishiga butunlay barham berildi.
Eng muhimi, endilikda nazariy bilimi, amaliy koʻnikmalari va kasbiy mahoratini muntazam oshirib borgan tibbiyot xodimlarigina malaka toifasini berish boʻyicha imtihonlardan oʻta oladi.
Bu esa tizimni yetuk va chuqur bilimga ega, xalqaro raqobatbardosh kadrlar bilan boyitish imkonini beradi. Zero, bu — aholiga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishni yangi bosqichga olib chiqishda muhim omil boʻlib xizmat qiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring