“Tez yordam”ning hududiy filiallarida yagona “Call-markaz”lar faoliyati yoʻlga qoʻyildi — SSV
Tibbiyot tizimidagi islohotlar natijasini odamlar, birinchi navbatda, tez tibbiy va shoshilinch yordamda boʻlgan oʻzgarishlarni koʻrganda his qiladi. Shu bois yurtimizda ushbu hayotiy muhim sohaning moddiy-texnik bazasini yaxshilash, bemorlarga xalqaro andozalarga mos tez tibbiy yordam koʻrsatish borasida katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan:
bundan 6-7 yil avval mamlakatimiz tez tibbiy yordam tizimida 1868 ta avtomashina bor edi. 2023-yilning ayni davriga kelib esa “103” xizmatida 2960 ta avtomobil aholiga sifatli tez tibbiy xizmat koʻrsatyapti.
Zamonaviy reanimobillar soni 578 taga yetdi. Maxsus avtomashinalar parki 60-70 foizga yangilandi;
2016-yilda mamlakatda 1648 ta tez yordam brigadasi faoliyat yuritgan boʻlsa, bugungi kunda ularning soni 2762 tani tashkil etmoqda;
“103” xizmatiga chaqiruv boʻlganda manzilga yetib borish vaqti oʻrtacha 25-30 daqiqadan 8-12 daqiqagacha qisqardi;
dori turlari 20 tadan 45 tagacha oshirildi;
hududlarda 39 ta tumanlararo qoʻshma shikastlanish va oʻtkir qon-tomir kasalliklari markazlari tashkil etildi. Natijada tuman va shahar aholisining viloyat markazlaridagi tibbiyot muassasalariga murojaatlari soni keskin kamaydi.
Taʼkidlash lozimki, soʻnggi yillarda ushbu yoʻnalishni yanada rivojlantirishga davlat tomonidan katta eʼtibor qaratilmoqda.
Xususan, Prezidentimiz 2022-yil 16-iyunda “Aholiga tez tibbiy yordam koʻrsatish tizimini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorni imzoladi. Unda sohada tibbiy yordam koʻrsatishni yanada yaxshilash boʻyicha bir qator muhim vazifalar belgilandi.
Unga koʻra, Respublika tez tibbiy yordam markazi va uning 14 ta hududiy filiali tez tibbiy yordam xizmati hamda tibbiy avtoxoʻjaliklar negizida tashkil etildi.
Markazning hududiy filiallarida – yagona “Call-markaz”lar faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Toshkent shahar, Andijon, Jizzax, Namangan, Samarqand, Surxondaryo va Toshkent viloyat filiallarida chaqiriqlar elektron avtomatlashtirilgan tizimi orqali joriy qilindi. Qolgan filiallarda ushbu tizim yoʻlga qoʻyilishi davom etmoqda.
“Call-markaz”larda chaqiruvlarni qabul qiluvchi xodimlar bilan birga, shifokor xodimlardan iborat maxsus tibbiy maslahat xizmati faoliyati tashkil etilyapti.
Shuningdek:
Prezident qarorida 2022-2025-yillar davomida maxsus avtomashinalar parkini yangilash ishlari belgilangan.
Shu sababli ekspluatatsiya muddatini oʻtab boʻlgan, maʼnan eskirgan “Damas” va boshqa avtotransport vositalarini “Huundai”, “Ford”, “Volkswagen” va “Iveco” kabi jzamonaviy va zarur tibbiy jihozlar bilan taʼminlangan maxsus avtomobillarga bosqichma-bosqich almashtirish koʻzda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring