2022-yil “Tez yordam”ga eng koʻp yolgʻon chaqiriq Toshkent viloyatidan kelib tushgan
“Tez yordam” xizmatining eng asosiy vazifasi ogʻir ahvoldagi bemorlarga shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatishdan iborat. Biroq ayrim paytlarda fuqarolardan tibbiyot brigadalari chaqiriq manziliga oʻz vaqtida yetib bormagani haqidagi eʼtirozlarni eshitib qolamiz. Bunga esa aksariyat hollarda yolgʻon murojaatlar sabab boʻladi.
Boisi mazkur vaziyatda shifokorlar haqiqiy yordamga muhtoj bemorlar qolib, yolgʻon qoʻngʻiroq egasi va uning manzilini aniqlash bilan ovora boʻladi. Bu holat esa oʻz navbatida “103” xizmati sifati va tezligiga salbiy taʼsir etadi.
— Avvallari aholidan yolgʻon chaqiriqlar juda koʻp boʻlgan, — deydi Respublika tez tibbiy yordam markazining Tez tibbiy yordam xizmatini muvofiqlashtiruvchi dispetcherlik markazi rahbari Davlatbek Yuldashev. — Biroq koronavirus pandemiyasi davrida aksariyat yurtdoshlarimizda tibbiy savodxonlik va shaxsiy masʼuliyat ortib, ular “Tez yordam” xizmatining ahamiyati nechogʻlik muhim ekanini anglab yetdi. Natijada bugunga kelib, yolgʻon va asossiz chaqiriqlar soni ancha kamaydi.
Raqamlarni tahlil qilsak, 2022-yil “103” xizmatiga jami 5 ming 446 ta ana shunday murojaat kelib tushdi. Quvonarlisi, mazkur koʻrsatkichni 2021-yil bilan taqqoslasak, ular soni qariyb 2 barobar kamayganini koʻrish mumkin.
Ammo ayrim hududlarda hamon yolgʻon chaqiriqlar soni yuqoriligicha qolmoqda.
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, 2022-yil davomida eng koʻp bunday murojaat Toshkent viloyatida qayd etilib, mazkur raqam 1 ming 149 tani tashkil etdi. Keyingi oʻrinda Navoiy viloyati qayd etildi — 851 ta. Shuningdek, Fargʻona viloyatidan 779 ta ana shunday murojaat kelib tushgan.
Eng kam yolgʻon chaqiriq esa Jizzax viloyatida roʻyxatga olindi — 20 ta.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring