Test sinovlari boshlandi
Foto: O'zA
Bugun, 2-sentyabrdan oliy taʼlim muassasalariga kirish uchun talabgor boʻlgan abituriyentlar uchun test sinovlari boshlandi. Bu haqda O'zA xabar berdi.
Maʼlumki, 2020/2021 oʻquv yiliga qabul uch kun test sinovlari bugundan boshlanib, 14 kun davomida oʻtkaziladi. Shu bilan birga, bugun baʼzi oliy taʼlim muassasalariga kasbiy (ijodiy) imtihonlar ham boshlandi.
Bu yil mamlakat boʻyicha jami 91 oliy taʼlim muassasaciga kirish uchun 1 million 484 ming 85 abituriyent roʻyxatdan oʻtkazilgan.
Yopiq binolar epidemiologik talabga javob bermasligi, ijtimoiy masofaga rioya qilingan taqdirda imtihonlar vaqti anchaga choʻzilib ketilishi inobatga olinib, joriy yilda test sinovlari Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi stadionlarda hamda ochiq maydonlarda tashkil etilmoqda.
Test sinovlari ikki smenada – 1-smena – 08:00 dan, 2-smena – 17:00 dan boshlanadi. Test sinovlari 40 stadion va xiyobonlarda (65 ta sektor) oʻtkaziladi:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi – 3 ta hudud (4 ta sektor);
Andijon viloyati – 1 ta hudud (6 ta sektor);
Namangan viloyati – 4 ta hudud (4 ta sektor);
Fargʻona viloyati – 6 ta hudud (6 ta sektor);
Buxoro viloyati – 3 ta hudud (3 ta sektor);
Xorazm viloyati – 2 ta hudud (3 ta sektor);
Surxondaryo viloyati – 4 ta hudud (4 ta sektor);
Qashqadaryo viloyati – 1 ta hudud (4 ta sektor);
Jizzax viloyati – 2 ta hudud (3 ta sektor);
Navoiy viloyati – 2 ta hudud (2 ta sektor);
Samarqand viloyati – 4 ta hudud (7 ta sektor);
Sirdaryo viloyati – 2 ta hudud (2 ta sektor);
Toshkent shahri – 6 ta hudud (17 ta sektor).
Abituriyentlar testga borishdan oldin DTM sayti orqali abituriyent ruxsatnomasini olishi shart qilib belgilangan. Unda test sanasi, vaqti, joyi, sektor va guruh raqami aks etgan boʻladi.
Ayni vaqtda yurtimizning barcha hududida abituriyent shaxsini tasdiqlovchi hujjat va ruxsatnoma bilan test imtihonlariga kirdi. Bu jarayonda ular dezinfeksiya yoʻlakchalaridan oʻtib, harorati oʻlchanib, shaxsi tasdiqlangach sinov hududiga kiritildi.
Maʼlumot uchun, testda 2 ta mutaxassislik fanidan 30 tadan jami 60 savol beriladi. 1-fan uchun 3,2 ball, 2-fan uchun 3,1 balldan beriladi.
Test jarayonlarini test2020.uz sayti orqali onlayn tomosha qilish mumkin.
Test sinovlarisiz, kasbiy (ijodiy) imtihonlar orqali oʻqishga qabul qilinadigan taʼlim yoʻnalishlariga abituriyentlardan 122 ming 612 (kunduzgi – 69 ming 228, kechki – 971, sirtqi – 52 ming 413) ariza qabul qilingan.
Test sinovi oʻtkaziladigan hududga kiritishda tana harorati 37 darajadan yuqoriligi aniqlangan abituriyentlar test sinovlariga kiritilmasdan dalolatnoma tuzilib, tibbiy tekshiruv oʻtkazish uchun hududga biriktirilgan tibbiyot xodimiga topshiriladi.
Tibbiy tekshiruvdan oʻtgan va koronavirus kasalligi aniqlanmagan abituriyentlar uchun respublika boʻyicha test sinovlari toʻliq yakunlangandan soʻng oʻtkaziladi.
Test sinovlarida shaffoflikni taʼminlash uchun abituriyentlarni kiritishda va shaxsini aniqlashda shaxsni identifikatsiyalash vositalari – videofiksatsiya, barmoq izi skaneridan foydalanilmoqda.
Bu yil abituriyentlar 5 ta OTMni tanlash imkoniyatiga ega boʻldi. 2019-yildan buyon test topshiriladigan viloyatni tanlash abituriyentning huquqi va bu joriy yilda ham qoʻllanilmoqda. Viloyatlar tarkibidagi hududlarni tanlashda esa abituriyentning huquqi yoʻq. Shaffoflikni taʼminlash maqsadida buni maxsus dastur amalga oshiradi.
Abituriyentning toʻplagan ballari haqidagi maʼlumot test sinovi oʻtkazilgan kunning ertasiga, uning talabalikka tavsiya etilgani yoki etilmagani boʻyicha belgilangan tartibda tasdiqlangan tanlov natijasi test sinovlari oʻtkazish jarayoni toʻliq yakunlanganidan keyin bir hafta muddat ichida Davlat test markazining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring