Test sinovi topshirmay oʻqishga kirish mumkin boʻladi
2020-yildan boshlab bosqichma-bosqich yoʻlga qoʻyiladigan yana bir oʻzgarish – chet (ingliz, nemis, fransuz va sharq) tillaridan tashqari, masalan, oʻzbek tili, rus tili, matematika va boshqa umumtaʼlim fanlaridan ham sertifikat berilishi joriy etilishi mumkin. Bu haqda DTM maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, hozirda ushbu tartib yuzasidan tegishli takliflar berilgan. Takliflarga koʻra test sinovlarini soddalashtirish, abituriyentlarga qulaylik va imkoniyatlar yaratish maqsadida barcha umumtaʼlim fanlaridan xuddi shunday sertifikat berilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Abituriyentlar umumiy yoki oʻrta-maxsus taʼlim muassasasini tugatmay turib ham bunday imkoniyatdan foydalanishlari mumkin boʻladi.
"Prezidentimizning murojaatnomalarida qayd etilganidek, yoshlar istalgan vaqtda imtihon topshirib, tegishli guvohnoma olsa, oliy oʻquv yurtiga oʻqishga kirayotgan paytda shu fan boʻyicha qayta sinovdan oʻtishga hech qanday ehtiyoj qolmaydi.
Demak, abituriyent oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga qabul test sinovlariga qadar kerakli umumtaʼlim fanlaridan sertifikat olsa, test sinovida ishtirok etmay, toʻgʻridan-toʻgʻri tanlovda qatnashish imkoniyatiga ega boʻladi.
Ayni paytda manfaatdor vazirlik va idoralar bilan ushbu tartibni amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda", deyiladi xabarda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring