Test natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar ertadan apellatsiya shikoyati berishlari mumkin
Oliy taʼlim muassasalarining bakalavriat taʼlim yoʻnalishlariga kirish test sinovlarida ishtirok etgan va natijasidan norozi boʻlgan abituriyentlar 5-sentyabr kuni 09:00 dan boshlab apellatsiya.dtm.uz sayti orqali apellatsiya shikoyati berishlari mumkin boʻladi. Bu haqda DTM xabar berdi.
Apellatsiya arizalari 14-sentyabrga qadar 10 kunda davomida onlayn qabul qilinadi.
Bunda apellatsiya arizasini bermoqchi boʻlgan abituriyent dastlab apellatsiya.dtm.uz saytining “Bakalavr-2021” boʻlimiga kirib, pasport seriyasi va raqami hamda shaxsiy identifikatsiya raqamini kiritishi lozim.
Agar abituriyent haqiqatdan ham test sinovlarida ishtirok etgan va test sinovlaridan chetlatilmagan boʻlsa, apellatsiya arizasini berishi mumkin boʻladi va ariza berish oynasi ochiladi.
Mazkur sahifaga tegishli maʼlumotlarni kiritish orqali apellatsiya arizasi beriladi.
Apellatsiya arizasini bergan abituriyentlarga uni koʻrib chiqish sanasi va vaqti koʻrsatilgan xabarnoma beriladi. Abituriyent xabarnomada belgilangan vaqtda shaxsini tasdiqlovchi hujjat, xabarnoma va abituriyent ruxsatnomasi bilan Davlat test markaziga kelishi shart.
Apellatsiya shikoyatlarini koʻrib chiqish apellatsiya komissiyasi tomonidan 2021-yil 7-sentyabrdan boshlanadi.
Izoh: apellatsiya.dtm.uz saytida uchta boʻlim mavjud boʻlib, magistratura mutaxassisliklariga kirish imtihonlarining chet tili fani va xorijiy davlatlardan oʻqishni koʻchirish boʻyicha apellatsiya arizalari mazkur imtihonlarning yakuniy natijalar eʼlon qilingandan soʻng ishga tushiriladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring