Termiz shahrida Oʻzbekiston–Afgʻoniston ishbilarmonlarining biznes-forumi oʻz ishini boshladi
Termiz shahridagi Sanʼat saroyida boʻlib oʻtayotgan iqtisodiy anjumanda Afgʻoniston Islom Respublikasidan yuzga yaqin yirik kompaniyalar vakillari, shuningdek qoʻshni davlat Prezidenti Devoni rahbari Muhammad Shokir Korgar, Afgʻoniston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi raisi Ismoil Gʻazanfar, Balx viloyati voliysi Muhammad Farhod Azimiy bevosita ishtirok etmoqda.
Oʻzbekiston tomonidan Respublika Bosh vazirining investitsiyalar va tashqi iqtisodiy masalalari boʻyicha oʻrinbosari - Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umrzoqov, Oʻzbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Raisi Adham Ikramov, Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov hamda mamlakatimizdagi qator vazirlik va tarmoqlar hamda ishbilarmon doira vakillari qatnashmoqda.
Tadbirda soʻzlaganlar tomonidan ikki davlatning koʻp tomonlama siyosiy hamkorlikni chuqurlashtirish, savdo-iqtisodiy va gumanitar aloqalarni kengaytirish, Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqlari farovonligini oshirish, mintaqada tinchlik va barqarorlikni taʼminlash, shuningdek, oʻzaro iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishda ushbu biznes forumning ahamiyati katta ekani taʼkidlandi.
Qayd etildiki, Oʻzbekistonda oʻtgan ikki yil mobaynida Afgʻoniston sarmoyasi ishtirokidagi korxonalar soni uch barobar koʻpayib, oʻzaro savdo hajmi 700 mln dollardan oshgan. Shu bilan birga, ikki tomonlama iqtisodiy sheriklikni chuqurlashtirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va oʻzaro savdoni oshirish boʻyicha muhim ishga solinmagan salohiyat mavjudligiga urgʻu berildi. Jumladan, energetika, toʻqimachilik, oziq-ovqat, charm-poyabzal, avtomobil sanoati hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish kabi sohalarda investitsiyaviy va savdo hamkorligi tobora yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
Forumda Oʻzbekiston tomonidan Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Geologiya va mineral resurslar Davlat qoʻmitasi va bir qator sanoat birlashmalari rahbarlari soʻzga chiqib, ayrim tarmoqlarda investitsiyaviy va savdo hamkorligini yoʻlga qoʻyishning mavjud imkoniyatlari haqida atroflicha soʻz yuritdi.
Oʻzbekiston — Afgʻoniston ishbilarmonlarining biznes-forumida qatnashayotgan Balx viloyati voliysi Muhammad Farhod Azimiy janoblarining taassurotlari bitlan qiziqdik:
— Avvalo shuni mamnuniyat bilan aytmoqchimanki, kecha Oʻzbekiston zaminida bizni juda katta hurmat va ehtirom bilan qarshi olishdi. Biz esa bundan juda ham mamnun boʻldik. Koʻpchilikka maʼlumki, Oʻzbekiston tomoni Afgʻonistonda transport logistika, energetika, savdo va taʼlim sohalarida yirik qoʻshma loyihalar amalga oshirilmoqda. Surxon – Puli- Xumri elektr liniyasi, Termizda faoliyat olib borayotgan Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazi, bojxona Terminaliga ega «Termiz-kargo» logistika markazi, Mozori-Sharif – Hirot temir yoʻli qurilishi shular jumlasidandir.
Shu kunlarda ikki davlat ishbilarmonlari uchun chegara hududida yangi erkin iqtisodiy zona barpo etilmoqda.
Davlatlarimiz rahbarlarining siyosiy irodasi tufayli azaldan doʻst, qadrdon boʻlib kelgan oʻzbek va afgʻon xalqlarining bunday oʻzaro hamkorligi bugun tamomila yangi bosqichga chiqqani quvonchlidir, albatta. Bugungi biznes-forum bu borada tom maʼnoda katta imkoniyatlar eshigini ochib bermoqda. Iqtisodiy anjuman har ikkala davlat ishbilarmonlari uchun manfaatli hamkorlik uchun koʻprik vazifasini oʻtaydi, degan umiddaman.
Biznes-forum davomida afgʻon tadbirkorlariga Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni jalb etish va qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yaratilgan shart-sharoitlar, davlat aktivlarini xususiylashtirish va davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiyalash yuzasidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar, investorlar huquqlarini himoya qilish boʻyicha amalda boʻlgan mexanizmlar haqida batafsil maʼlumot berildi.
Bugungi tadbir doirasida Oʻzbekiston va Afgʻoniston ishbilarmonlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik memorandumlari ham imzolandi.
Bugun, shuningdek, biznes-forum doirasida tashkil etilayotgan hududlar va tarmoqlararo sanoat yarmarkasi, kooperatsiya birjasi hamda “Made in Uzbekistan” milliy mahsulotlar koʻrgazmasida mamlakatimiz viloyatlari va Surxondaryoda ishlab chiqarilayotgan qurilish mollari, elektrotexnika, charm, tekstil sanoati, qishloq xoʻjaligi, avtotransport vositalari va boshqa mahsulotlar, milliy hunarmandlik buyumlari keng namoyish etiladi. V2V, G2B uchrashuvlari boʻlib oʻtmoqda.
Ilhom Rahmatov,
“Xalq soʻzi” muxbiri.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring