“Temurbeklar maktabi”ning 98 nafar bitiruvchisi katta hayotga kuzatildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Shahrisabz shahridagi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga qarashli “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyi 2020-yilda tashkil etilgan edi. Bu yil muassasani 98 nafar oʻquvchi bitirib, mustaqil hayotga qadam qoʻydi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda taʼkidlanganidek, bu yoshlar ikki yil davomida “Temurbeklar maktabi”da akademik litseylar oʻquv dasturi hamda harbiy nizomlar asosida taʼlim olishdi. Endi esa oʻqishni oliy taʼlim muassasalarida davom ettirishadi.
— Oʻgʻlim yoshligidan harbiy sohaga qiziqar edi, —deydi Humoyun Qoʻyliyevning onasi Yulduz Allayeva. – “Temurbeklar maktabi”ga ham shu sabab olib kelgandik. Bu toʻgʻri qaror boʻlganiga bugun yana bir karra amin boʻlib turibman. Boisi oʻgʻlim bu yerda fanlarga puxta tayyorlandi, jismonan chiniqdi, harbiy tartib-intizomni oʻrgandi. IT sohasi boʻyicha ham bilimlarini yanada mustahkamladi. Hozirda Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasiga oʻqishga kirish uchun jiddiy tayyorgarlik koʻrmoqda.
Harbiy-akademik litsey oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan badiiy dasturlar, harbiy jang sanʼati boʻyicha koʻrgazmali chiqishlar tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Jahongir BOYMURODOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring