Texnologik metallar: Oʻzbekistonning xalqaro bozordagi oʻrni mustahkamlanmoqda
Ayni paytda Kanadaning Toronto shahrida dunyo miqyosidagi eng nufuzli tadbirlardan biri — Xalqaro togʻ-kon sanoati konferensiyasi boʻlib oʻtmoqda. Unda dunyoning 135 dan ortiq mamlakatlaridan 27 mingdan ortiq mineral resurslar sohasidagi yetakchi mutaxassislar, investorlar va yirik kompaniyalar ishtirok etib, ishtirokchilar qatoridan Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati ham oʻrin olgan.
Anjumanning alohida eʼtiborga molik jihati unda “Oʻzbekiston kuni”ning oʻtkazilishi boʻldi. Bu tashabbus mamlakatimizning sanoat salohiyatini, ayniqsa, texnologik metallar va nodir yer elementlari sohasidagi imkoniyatlarini xalqaro maydonda keng targʻib etishga qaratilgan. Unda Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati boshqaruv raisi soʻzga chiqib, yurtimizning boy mineral resurslari va ularning strategik ahamiyati haqida xalqaro hamjamiyatga maʼlumot berdi.

Hozirgi vaqtda jahonda kritik metallarga boʻlgan talab keskin ortib borayotgan bir davrda, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati sanoat uchun muhim ahamiyatga ega 20 ta kritik mineral boʻyicha 50 dan ortiq yirik loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Farhod Abdullayev, OʻzTMK boshqaruv raisi: Ushbu anjuman jahonning eng yirik sanoat va investitsiyaviy tadbirlaridan biri hisoblanadi. Biz bu yerda oʻz mahsulotlarimiz, investitsiyaviy imkoniyatlarimiz va strategik loyihalarimizni xalqaro hamjamiyatga taqdim etmoqdamiz. Anjuman doirasida oʻtkazilgan “Oʻzbekiston kuni” ham mamlakatimizning sanoat salohiyatini va xomashyo bazasini xalqaro miqyosda kengroq namoyish etishga qaratilgan. Ushbu kun doirasida oʻtkazilgan taqdimotlarimizda Oʻzbekistonning texnologik metallar sohasidagi ulkan imkoniyatlari, xomashyo resurslari va investitsiyaviy muhiti haqida toʻliq maʼlumot berildi. Shuningdek, xalqaro kompaniyalar va investorlar bilan yaqindan muloqot qilish imkoniyatiga ega boʻldik. Albatta, texnologik metallar sohasini rivojlantirish boʻyicha berilgan aniq taklif va loyihalar nafaqat sohaning yetakchi mutaxassislarida, balki xalqaro investorlar orasida ham katta qiziqish uygʻotdi.

Xalqaro konferensiya doirasida OʻzTMK va dunyoning yetakchi konchilik texnologiyalarini yetkazib beruvchi FLS kompaniyasi bilan hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur memorandum tomonlar oʻrtasidagi strategik hamkorlikni mustahkamlash, mineral-xomashyo bazasini rivojlantirish, ilgʻor ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini yaratishga yoʻnaltirilgan. Hamkorlik doirasida, ayniqsa, zamonaviy texnologik taraqqiyot uchun muhim hisoblangan litiy va volfram kabi noyob metallarni qazib olish va qayta ishlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring