Toshkent davlat yuridik universiteti magistratura tahsilini AQSHda davom ettiradi
Toshkent davlat yuridik universiteti Pensilvaniya davlat universiteti bilan anglashuv memorandumini imzoladi. Unga muvofiq, oʻquv dasturlari hamda ilmiy loyihalarni birgalikda amalga oshirish, talabalar, ilmiy nashrlar va materiallar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, qoʻshma darslar tashkil etish koʻzda tutilgan.
Pensilvaniya davlat universiteti AQSHning nufuzli oliy oʻquv yurtlaridan biri hisoblanadi. Mazkur taʼlim dargohi koʻp yildan buyon dunyo universitetlari reytingida yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda.
Bugungi kunda yurtimizda yuridik taʼlim va fanning xalqaro taʼlim maydonidagi raqobatbardoshligini taʼminlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Mamlakatimiz rahbarining 2020-yil 29-apreldagi “Oʻzbekiston Respublikasida yuridik taʼlim va fanni tubdan takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida bu boʻyicha aniq vazifalar belgilandi. Ularning ijrosi uchun Toshkent davlat yuridik universiteti ham masʼuldir.
Yuridik taʼlim sohasida dunyodagi ilgʻor tajribalarni oʻrganish va tatbiq etish maqsadida Toshkent davlat universiteti xalqaro hamkorlar safini muntazam kengaytirib kelmoqda.
Toshkent davlat yuridik universiteti Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar boʻlimi tomonidan maʼlum qilinishicha, Pensilvaniya davlat universiteti bilan imzolangan memorandum doirasida taʼlim sifatiga bevosita taʼsir koʻrsatadigan bir qator muhim masalalar yuzasidan oʻzaro manfaatli kelishuvlarga erishildi. Jumladan, TDYUU bitiruvchilari maxsus tavsiyanoma asosida magistratura tahsilini AQSHda davom ettirish imkoniyatiga ega boʻladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring