Tashvish va quvonch orasidagi lahzalar

21:52 06 Iyun 2022 Jamiyat
1012 0

Foto: Халқ сўзи

Odamlarni rozi qilish, ularni qiynayotgan muammolarga quloq tutish, yechimini topish bugun davlatimiz siyosatining bosh maqsadiga aylandi. Eng muhimi, ushbu masalada yangi mexanizm yaratilib, fuqarolarni kutib oʻtirmasdan, ularning huzuriga borish, xalq bilan yuzma-yuz muloqot qilish koʻlami kengaymoqda. Zero, soʻzi qadr topgan inson hayotdan rozi boʻlib, uning zahmatidan oʻzi ham, jamiyat ham baraka topadi.

“Qabullar uch oyligi” doirasida Prezident Administratsiyasi tashabbusi bilan Navoiy viloyatida oʻtkazilgan ommaviy muloqot ayni shu ezgu maqsadga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir. Uch kun mobaynida uch hududda oʻtkazilgan mazkur muloqotlarda Oliy sud, Sudyalar Oliy kengashi, Bosh prokuratura, Ichki ishlar, Oliy va oʻrta maxsus vazirliklari kabi oʻttizga yaqin vazirlik va idoralar, qoʻmitalar hamda moliya muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

“Inson qadri uchun” gʻoyasi asosidagi bu muloqotlarda Zarafshon shahrining Tinchlik mahallasida Tomdi, Uchquduq tumanlari va Zarafshon shahri, Navbahor tumanining “Keskanterak” mahallasida Nurota, Xatirchi, Konimex, Navbahor va Qiziltepa tumanlari hamda Gʻozgʻon shahri, Karmana tumanining “Zarafshon” mahallasida Karmana tumani va Navoiy shahridan fuqarolarning 1 ming 713 ta murojaati koʻrib chiqildi hamda ularning 743 tasi joyida hal qilindi. 306 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat va tushuntirish berilib, 664 tasi boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Administratsiyasi va Xalq qabulxonalari tomonidan nazoratga olindi.

Kechirimlilik ham adolat

Sayyor qabullarda Oliy sud va Sudyalar oliy kengashi masʼullari tomonidan fuqarolarning 67 ta murojaati koʻrib chiqilib, ularning 32 tasini joyida hal qildi. Murojaatlar asosida tashkil qilingan sayyor sud majlislarida jinoyat ishlari boʻyicha Karmana, Tomdi, tumanlari, Zarafshon shahar sudlari tomonidan 9 nafar shaxs jazoni oʻtashdan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi, 9 nafarining jazosi yengilrogʻiga almashtirildi.

Xususan, Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Boymurod Toʻraqulovning oʻgʻli bank sohasida faoliyat yuritib, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi, yaʼni 95 million soʻm miqdoridagi mulkni talon-taroj qilish jinoyatida ayblanuvchi sifatida unga nisbatan qamoqqa olish chorasi qoʻllanilgan. Sayyor qabulda ota ehtiyot chorasi bekor qilinsa, oʻgʻlida mazkur zararni qoplash imkoni boʻlishini soʻrab murojaat etdi. Murojaat Oliy sud mutasaddilari tomonidan koʻrib chiqiladigan boʻldi.

«Zarafshon golden grupp» korxonasi huquqshunosi Farrux Xalilov esa Oliy sud sudyalariga mazkur tadbirkorlik subyekti manfaatini himoya qilish maqsadida murojaat qildi. Sud hukmiga koʻra ushbu korxonaga 5 million soʻm moliyaviy jarima qoʻllanilgan. Biroq prokuror protestida bu summa 350 million etib belgilanishi keltirilgan. Sayyor qabulda huquqshunos sudning birinchi hukmi oʻz kuchida qoldirishni soʻrab qilgan murojaati apellyatsiya tartibida koʻrib chiqilib, qanoatlantirildi.

Ayol – nazokat timsoli

Respublika Bosh prokurori oʻrinbosari Svetlana Ortiqova boshchiligidagi ishchi guruhi fuqarolarning tergov-surishtiruv, sud qarorlari ijrosi, tadbirkorlik, kredit ajratish va ishga joylashish kabi masalalarga oid 131 ta murojaatini tinglab, 43 tasini joyida hal qildi.

Xususan, navbahorlik Ziyodullo Kamolovga yurak xastaligidan davolanishi uchun bepul yoʻllanma berilib, 20 nafardan ziyod xotin-qizlar Navbahor hamda Karmana tumanlarida joylashgan “Qorajon tekstil”, “Jaloyir” tikuvchilik korxonalariga ishga joylashtirildi.

Shuningdek, muloqotlar natijasida ajrashish yoqasiga kelib qolgan bir necha oila yarashtirilib, roʻzgʻordagi muammolar tahlil etildi. Misol uchun, Umarali Yaxshiyev ham turmush oʻrtogʻi bilan yarashtirilgach, unga barqaror daromad topishi uchun kredit mablagʻi ajratildi, uy bekasi ham doimiy ish bilan taʼminlandi. Karmanalik Sanobar Rahmonovaning ham ajrashishga olib borayotgan oilaviy muammolariga shu taxlit barham berildi.

— Ayol – nazokat timsoli, — dedi yarashayotgan oila vakillariga qarata Svetlana Ortiqova. — Shuni hech qachon unutmanglar. Unutildimi, qurilgan oila qoʻrgʻonida darz ketadi. Haq-huquqlaringiz, oilalaringiz manfaati doimo davlatimiz eʼtiborida boʻladi.

Mazkur soʻzlar tasdigʻini navbahorlik Gulmira Ergasheva taqdiri va murojaati misolida ham koʻrish mumkin. U turmush oʻrtogʻi bilan ajrashgach, farzandlari bilan uy-joysiz qolgan edi. G. Ergashevaning murojaati asosida MIB Navbahor tuman boʻlimi tomonidan sobiq turmush oʻrtogʻining uyiga kiritish masalasi ijobiy hal etildi.

Hechdan koʻra kech yaxshi

Ichki ishlar vazirligi masʼullari ommaviy qabullarda navoiyliklarning 144 ta masalasini koʻrib chiqib, ularning 61 tasini joyida hal qildi. Misol uchun, zarafshonlik 21 yoshli Jonibek Yarashevning ichki ishlar organlari sohasida ishlash istagi qanoatlantirilib, u Zarafshon shahridagi “Oltin vodiy” mahallasi profilaktika inspektori yordamchisi vazifasiga ishga qabul qilindi.

Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi Mariya Simoninkova esa sportning triatlon turi bilan shugʻullanib, koʻplab xalqaro musobaqalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan. U Ichki ishlar vazirligining Navoiy akademik litseyiga hujjat topshirmoqchi edi, biroq muayyan sabablarga koʻra ulgurmadi. Sayyor qabulda Ichki ishlar vazirligi masʼullari sabablarni oʻrganib, litseyga hujjatlarini topshirishga ruxsat berdi.

Karmana tumanining “Argʻun”mahallasida istiqomat qiluvchi Surʼat Asadov olti oy ilgari sodir etgan yoʻl-transport hodisasi tufayli sud hukmiga koʻra haydovchilik guvohnomasidan mahrum etilib, probatsiya hisobiga olingan edi. U ham sayyor qabulda oilaviy ahvoli qiyinligi va haydovchilik guvohnomasini tiklash, probatsiya hisobidan chiqarishni soʻrab murojaat qildi. Mazkur masala sud organlariga taqdimnoma kiritish orqali ijobiy yechimini topadigan boʻldi.

Nurota tuman ichki ishlar boʻlimida faoliyat yuritgan Nodir Joʻrayevning 2013-yilda ishdan nohaq boʻshatilganini bildirib, ishga tiklash masalasida yoʻllagan murojaati ham yaxshilik bilan yakun topdi.

Kredit ajratildi

Sir emas, soʻnggi paytlarda fuqarolar, ayniqsa, tadbirkorlik subyektlari va soliq idoralari oʻrtasida qoʻshimcha qiymat soligʻi masalasida turli nizo va kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Yana ham aniqrogʻi, bu boradagi muammolarni bartaraf etishda soliq idoralarining mahalliy mutasaddilarida anchayin masʼuliyatni zimmaga olish hissi yetishmayapti. Zarafshonlik Bahodir Karimovni ommaviy qabulga boshlab kelgan sabab ham shu edi aslida.

Davlat soliq qoʻmitasi masʼullari bilan muloqotdan soʻng zarafshonlik tadbirkorning qoʻshimcha qiymat soligʻi va boshqa soliq toʻlovlari bilan bogʻliq muammosi oʻz yechimini topdi.

Navoiy shahridagi “Tinchlik” mahallasida istiqomat qiluvchi Norbibi Sharopova esa oʻgʻlini soliq sohasiga ishga joylashtirish va kelini ham ishsiz ekanligini taʼkidlab, mutasaddilardan koʻmak soʻradi. Uning bu ikki masalasi ham ijobiy hal etilib, qabul jarayonida Norbibi ayaning keliniga subsidiya asosida tikuv mashinasi taqdim qilindi.

Ommaviy qabulda tadbirkorlarning moliya-kredit masalalaridagi murojaatlari Markaziy bank rahbariyati tomonidan tinglanib, ularning sansalorliklariga barham berildi. Xususan, Xolmurod Hayitov tadbirkor sifatida 3-4 kishi bandligini taʼminlagan. Biroq korxonasini kengaytirish maqsadida tijorat bankidan soʻragan krediti shu vaqtga qadar paysalga solib kelingan. Tadbirkorning loyihasi bilan tanishgan Markaziy bank mutasaddilari unga 500 million soʻm kredit ajratishni maʼqul koʻrdi.

Shuningdek, Tomdi tumanida tuya junidan kiyim-kechak tayyorlaydigan kichik korxona egasi Aynara Doʻstovaga esa faoliyatini kengaytirish maqsadida yangi uskunalarni xarid qilish uchun imtiyozli kredit beriladigan boʻldi.

Taʼlim olish istagi

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan va bugun hayotimizdan tobora chuqurroq oʻrin olayotgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” tamoyili yurtdoshlarimizning hayotdan rozilik hissini oshirmoqda. Eng muhimi, endilikda masalalarga “Bu sening muammong” qabilidagi munosabatlardan voz kechilib, har bir murojaatga alohida yondashilmoqda. Misol uchun, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi mutasaddilariga fuqaro Sayyora Egamova ikki farzandi xorijda tahsil olayotgani bir muncha moliyaviy qiyinchilik tugʻdirayotganini bayon etib, ikki yildan buyon Koreya davlatida taʼlim olayotgan oʻgʻli Bekzod Umrqulovni yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalaridan biriga koʻchirishda amaliy yordam soʻradi. Oila bekasining murojaati shu yerning oʻzida hal etildi. Yaʼni Bekzod yangi oʻquv yilini Moskva davlat universitetining Toshkentdagi filialida davom ettiradigan boʻldi.

Navoiy davlat pedagogika institutining ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalari - Sevinch Farmonova va Alimurtazo Nurimov murojaati asosida ularga kontrakt pullari toʻliq toʻlab berildi.

Xatirchilik Nurxon Joʻrayeva esa avvalgi ish joyi – Navoiy davlat pedagogika institutiga ishga qaytdi. 2019-yilda oilaviy sharoiti tufayli Navoiy davlat pedagogika institutidan oʻqishdan chetlatilgan navbahorlik Zarifa Shomurodova ham oʻqishga tiklandi.

Har besh murojaatdan toʻrttasi

Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari sayyor qabulda kelib tushgan jami 102 murojaatning 83 tasiga joyida yechim topishdi. Boshqacharoq aytsak, bu har besh murojaatdan toʻrttasiga soʻnggi nuqta qoʻyildi. Jumladan, oʻtgan yildan buyon onkologik kasallik bilan kurashayotgan zarafshonlik ogʻir ijtimoiy ahvoldagi Zulfiya Ummatovaning toʻliq sogʻlom hayotga qaytishi uchun Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jarrohlik amaliyoti oʻtkazishiga bepul yoʻllanma ajratildi.

Xuddi shunday, ehtiyojmand zarafshonlik Sofiya Ortiqovaga yurak jarrohlik amaliyotini oʻtkazishi, uchquduqlik Munavvar Sanoqulovaga farzandini, tomdilik Ahmad Abdimuratovga nevarasini davolatishi uchun bepul yoʻllanmalar berildi.

Uzoq yillardan beri xastalik bilan kurashib kelayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj Olmaxon Boltayevaga jarrohlik amaliyotini oʻtkazishi uchun “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasidan 43 million soʻm ajratildi.

Koʻpning tashvishi

Sayr qabullarda qishloq infratuzilmasini rivojlantirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, ichki yoʻllarni taʼmirlash masalalarida ham fuqarolarning murojaatlari tinglanib, joʻyali talablar joyida hal etildi. Chunonchi, Navbahor tumani «Dul-dul» mahallasi ahli nomidan kelgan Boboqul Hilolov murojaatidan soʻng taʼmirga muhtoj mahalla koʻchalariga tosh-shagʻal va beton yotqiziladigan boʻldi. Shuningdek, Karmana tumanidagi Sardoba mahallasining markaziy koʻchasiga ham shu tosh-shagʻal yotqizilishi boshlanib, keyinchalik dastur asosida asfaltlanishi mahalla ahliga tushuntirildi. Karmana tumani Uyrot mahallasida istiqomat qiluvchi ishsiz fuqarolar Ismatulla Ibodov hamda Sanʼat Hasanov yoʻlchilar jamoasiga sayyor qabulning oʻzida ishga qabul qilingani toʻgʻrisidagi buyruq rasmiylashtirildi.

Shu kuni Qurilish vazirligi masʼullari tomonidan Karmana tumani “Malik” massividagi Gulshan qishlogʻida qurilishi rejalashtirilgan mahalla binosi bilan bogʻliq muammo oʻrganildi. Bu manzilga qariyb bir milliard soʻm miqdorida mablagʻ ajratilib, zamonaviy mahalla guzari qurilishi boshlandi.

Yer-suv masalalari ham eʼtiborda boʻldi

Toʻgʻrisini aytsak, qishloq hududlarida yerlarning meliorativ holatlarini yaxshilash va ularni sarishta qilishga na fermer, na dehqonning qurbi yetmaydi. Shu bois sayyor qabullarda aholining irrigatsiya-melioratsiya tizimiga tegishli qator murojaatlari ham eʼtibordan chetda qolmadi. Jumladan, Suv xoʻjaligi vazirligi masʼullari oʻrganishlari asosida Navbahor tumani «Yuqori Beshrabod» mahallasidan «Dul-dul» 55-irmogʻining 680 metr uzunligida qazish-tozalash ishlariga start berildi. Shu bilan 230 nafar aholining 12 gektardan ortiq tomorqasi, oʻrmon xoʻjaligining 62 gektar maydoni va “Beshrabot ariq” fermer xoʻjaligiga qarashli 25 gektar ekin dalasining meliorativ holati yaxshilanib, hosildorlik oshishiga erishiladi.

Qabulda Karmana tumani Hazora qishlogʻida yashovchi fuqarolarning irrigatsiya-melioratsiya sohasidagi muammolari eshitilib, amaliy yordam koʻrsatildi. Shuningdek, Navbahor tumani Keskanterak mahallasida fermerlik qilayotgan Gʻulom Xudoyberdiyev dalasiga ham boradigan suv yoʻli koʻmilib, jiddiy muammolar tugʻdirayotgan edi. Fermerning murojaatidan soʻng qariyb 3,5 kilometr zovurda tozalash ishlari boshlab yuborildi.

Navbahor tumani Yangi hayot mahallasida yashovchi Burhon Poʻlatov esa «Oʻzsuvtaʼminot» masʼullaridan ichimlik suvi yetkazish masalasida amaliy yordam soʻradi. Muammo joyiga chiqib oʻrganilgach, Yangi hayotda 7 kilometrdan ziyod suv quvurlari tortish ishlari boshlandi.

Roʻzgʻor but- koʻngil xotirjam

Tabiiy gaz va elektr energiyasi taʼminotining barqarorligi aholi kayfiyatining oynasi hisoblanadi.

Ommaviy qabullarda «Hududgaztaʼminot» AJ masʼullari tomonidan 17 ta murojaat qabul qilinib, 14 tasi joyida qanoatlantirildi. Xususan, Konimex tumanining olis ovullarida yashovchi choʻpon oilalariga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Viloyat markazidan 110 kilometr olisdagi Sarjal va Oʻrozjon ovullariga shu kuni suyultirilgan gaz mashinalari karvoni joʻnatilib, bundan buyon olis ovullarga har oyning yakuni bilan gaz ballonlari muddatida yetkazib berilishi yoʻlga qoʻyilishi belgilandi.

Ommaviy qabullar davomida elektr energiyasi taʼminoti boʻyicha zarafshonlik Davlat Xojiyevning Yangi Zarafshon mahallasida simyogʻochlar eskirib, turli noxush holatlarini keltirib chiqarayotganidan arz qilgach, qisqa fursatda 22 ta temir-beton tayanch va 1 dona transformator oʻrnatilib, elektr taʼminoti yaxshilanishiga kirishildi.

Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vazirligi masʼullari tomonidan esa Navoiy shahrining Zarafshon koʻchasi 11-uyda yashovchi Guli Fayzullayevaning xonadonida muhandislik quvurlarini almashtirib berish yuzasidan qilgan murojaati shu kunning oʻzida ijobiy hal etildi.

Islom Karimov koʻchasi 84-uyda yashovchi fuqaro Elvira Karimovaning mazkur uyning tom qismini taʼmirlash boʻyicha murojaati joyiga chiqib oʻrganildi. Umid mahallasida yashovchi Ilhom Suvonovning koʻp qavatli uylar yertoʻlasidagi oqova suv quvurlarini yangisiga almashtirish hamda dezinfeksiya qilib berish yuzasidan murojaati asosida “Navoiy kommunal servis boshqaruv” kompaniyasi tomonidan 46 metr temir quvurlar almashtirilib, dezinfeksiya ishlari amalga oshirildi.

Sayyor qabulda viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Normat Tursunov tomonidan 200 nafar fuqaroning murojaatlari tinglanib, shundan 58 tasi joyida hal etildi. Ishlab chiqarish bilan bogʻliq baxtsiz hodisada tan jarohati olgan 2-guruh nogironi Jalil Temirovga moddiy yordam koʻrsatilib, uning ayoli tikuvchilik sexiga ishga joylashtirilgani, qiziltepalik Qoʻzi Ibragimov esa jigar sirrozi bilan ogʻrib kelayotgan farzandining Hindiston davlatida oʻtkazilishi zarur boʻlgan jarrohlik operatsiyasi uchun 50 million soʻm ajratilishi, Konimex tumani Shoʻrkul mahallasida yashovchi Gulbahor Jumaboyevaning talaba jiyani Aziza Yerijepovaning oilaviy sharoiti ogʻirligi inobatga olinib, kontrakt pulini toʻlashda amaliy koʻmak koʻrsatilgani bunga misoldir.

Xulosa oʻrnida

Uch kun, 72 soat. Ishchi guruh aʼzolari shu vaqt ichida 1713 murojaatni tinglash bilan birga oʻz tashvishlariga chora istagan yuzlab kishilarga davlatdan rozilik kayfiyatini ulashdi, deyishga toʻla asos bor. Aks holda oʻtgan safargi sayyor qabulda oʻz murojaatidan qanoatlangan Nodira Yaxshiyeva minnatdorlik bildirish uchun atayin kelmasdi. U oldingi muloqotlarda farzandining kikboksing boʻyicha Turkiyadagi chempionatga borishida amaliy yordam soʻragan edi. Xalq qabulxonasi yordami bilan bu muammo hal qilingach, oʻgʻli yaqinda kikboksing boʻyicha Turkiyada oʻtkazilgan xalqaro chempionatda oltin medal olib qaytdi.

Yoki Karmana tumani Alisher Navoiy mahallasida istiqomat qiluvchi 24 yoshli Sobir Ergashevning soʻzlariga quloq tutaylik.

— Ishsizlarni qayerda qabul qilyapti, deb formali akaga murojaat qildim, — deydi u. — Ichki ishlar vazirligidan ekan. Keling, oʻzim qabul qilaman, deb sharoitimni eshitdi. Qiziqishimni tinglab, «Imtiyozli kredit asosida aravachali mototsikl olib bersak, eplab ketasizmi?» dedi.

Sobir Ergashev yosh boladek quvonchini yashirolmaydi. Atigi ikki-uch soat oldin esa uning chehrasi tashvishlardan horgʻin edi. Ichki ishlar vazirligi mutasaddisi buni ilgʻab, bandlik va bank idoralari masʼullariga yoʻllamay, oʻzi joyida hal etgan boʻlsa, ajab emas.

Muhimi ham shu, har bir murojaatchiga peshvoz chiqib, unga koʻmak qoʻlini choʻzish ishchi guruh aʼzolarining shahdu ahdida koʻrinib turdi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер