Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiyadagi Oʻzbekiston fuqarolarini 15-iyulga qadar oʻz maqomlarini qonuniylashtirishga chaqirdi
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati maʼlum qilishicha, 2020-yil 18-aprelda Rossiya Prezidentining “Yangi koronavirus (COVID-19) infeksiyasining tarqalishi xavfi tufayli chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning Rossiya Federatsiyasida huquqiy maqomini belgilash boʻyicha vaqtinchalik chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qabul qilingan.
Ushbu farmon doirasida Rossiya Ichki ishlar vazirligi hamda Oʻzbekistonning Rossiyadagi diplomatik vakolatxonalari hamkorligida 2020-yilda Rossiya hududida vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan 50 ming 700 nafar fuqarolarimizning maqomi qonuniylashtirildi.
Maʼlum qilinishicha, hozirgi kunda ushbu farmonga kiritilgan oʻzgartirishlar asosida Rossiya hududida noqonuniy boʻlib turgan xorijiy davlat fuqarolariga 2021-yil 15-iyunga qadar oʻz maqomlarini qonuniylashtirishga ruxsat berildi.
Shunga koʻra, Rossiya Ichki ishlar vazirligi bilan oʻrnatilgan hamkorlik asosida Rossiya hududida huquqiy maqomi qonuniylashtirilishi kerak boʻlgan 300 ming nafardan ortiq Oʻzbekiston fuqarolarining roʻyxati shakllantirildi.
Ushbu roʻyxatdagi fuqarolarning Oʻzbekistondagi manzillari boʻyicha mahallabay oʻrganishlar asosida uyma-uy yurib hamyurtlarimizning oila aʼzolariga Rossiya Federatsiyasi Prezidentining yuqoridagi farmonining mazmun-mohiyati toʻgʻrisida tushuntirishlar berib borilmoqda.
Hozirgi kunda ushbu tushuntirish ishlari doirasida 200 ming nafardan ortiq fuqarolar qamrab olindi. Bu tadbirlar davom ettirilmoqda.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi Rossiya hududida noqonuniy ravishda boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari 2021-yilning 15-iyuniga qadar yashash joyidagi tegishli Rossiyaning ichki ishlar organlariga murojaat qilish orqali Rossiya Federatsiyasi hududida boʻlishlarini qonuniylashtirish huquqidan foydalanishga chaqirmoqda.
Bunda Rossiyaning ichki ishlar organlari tomonidan noqonuniy ravishda boʻlib turgan Oʻzbekiston fuqarolariga nisbatan mamlakatdan maʼmuriy chiqarib yuborish, deportatsiya qilish chorlari qoʻllanilmaydi hamda ularga yashash joyidagi migratsiya boʻlimidan qayta roʻyxatdan oʻtish imkoniyati beriladi.
Ushbu masalada yordam berish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasining Moskva shahridagi elchixonasi va Rossiya mintaqalaridagi Bosh konsulxonalariga hamda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining qoʻyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishingiz mumkin.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring