“Tashabbusli budjet”ning 2024-yildagi ilk mavsumiga 1-fevraldan start beriladi
Ushbu mavsum uchun tuman va shahar budjetlari hisobidan 3 trln. soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.
2024-yil uchun “Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumi 1-fevraldan boshlanadi.
1-20-fevral kunlari loyihalarni kiritish uchun ajratilgan. Loyihalarni saralash 21-fevraldan 11-martga qadar davom etadi. Ovoz berish jarayoni 12–31-mart kunlari oʻtkaziladi.
Qayd qilinishicha, ushbu mavsum uchun tuman va shahar byudjetlari hisobidan 3 trln soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltiriladi.
2024-yilda loyihalarning eng yuqori qiymati 1 mlrd. 360 mln soʻm qilib belgilangan.
2023-yilgi “Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumida qariyb 56 ming tashabbus koʻrsatilgan, 16 milliondan ortiq ovoz berilgan edi. Tashabbuslarning 33 ming 680 tasi tasdiqlandi. Ularga qariyb 2,9 trln soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
2023-yilgi “Tashabbusli budjet”ning ikkinchi mavsumida qariyb 50 ming tashabbus koʻrsatildi, 18 milliondan ortiq ovoz berildi. Tashabbuslarning 33,5 mingtasi tasdiqlandi. Ularga 1,3 trln. soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi.
Ilgari surilgan takliflarning 31 foizi ichki yoʻllarni taʼmirlashga oid boʻldi, 30 foizi mahalla hududini obodonlashtirish tadbirlariga qaratildi. Maktablar boʻyicha 14 foiz, bogʻchalar boʻyicha 6 foiz, tibbiyot muassasalari boʻyicha 6 foiz taklif berildi.
Gʻolib boʻlgan loyihalarning aksariyati ichki yoʻllarni (piyodalar yoʻlakchasi, yoʻl oʻtkazgichlar) taʼmirlash bilan bogʻliq boʻldi. Keyin oʻrinda umumtaʼlim maktablarini taʼmirlash va moddiy texnika bazasini rivojlantirish, uchinchi oʻrinda sogʻliqni saqlash muassasalarini taʼmirlash va moddiy texnika bazasini rivojlantirish tadbirlari turibdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring