“Tashabbusli byudjet” jarayonida majburiy ovoz toʻplangan loyihalar ovoz berish bosqichidan chetlatiladi
“Tashabbusli byudjet” jarayonining joriy yilgi 1 mavsumi doirasida ovoz berish bosqichi davom etmoqda. Ijtimoiy tarmoqlarda Fargʻona viloyati Quva tumanidagi 37 maktabda majburiy ovoz berish holatlari kuzatilayotgani haqida xabarlar tarqaldi.
Mazkur holatlar tegishli vakolatli organlar tomonidan oʻrganilib, haqiqatan ham ushbu maktabda xodimlar majburiy ovoz berishga jalb etilgani tasdiqlangan. Bu haqida Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi.
Shu munosabat bilan, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan mazkur maktabda majburiy ovoz toʻplangan loyihalarni ovoz berish bosqichidan chetlatish yuzasidan tegishli tuman Xalq deputatlari kengashiga taqdimnoma yuborilgan.
Maʼlumot uchun, “Tashabbusli byudjet” jarayoni doirasida majburiy ovoz berishga jalb etish — majburiy mehnat sifatida tasniflanishi belgilangan.
“Agar Siz ovoz toʻplashga majburlash holatlariga duch kelsangiz, zudlik bilan Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligining 71 200-06-00 ishonch raqamiga qoʻngʻiroq qilishingizni soʻraymiz”, — deyiladi vazirlik xabarida.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring