“Tashabbusli byudjet” loyihasiga Face ID orqali ovoz berish tizimi joriy etiladi

16:19 25 Mart 2023 Jamiyat
1443 0

Foto: Arxiv surat

Bugungi kunda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ovoz berish jarayoni davom etmoqda. Hozirda jami 33 ming 600 loyiha uchun 10 milliondan ortiq ovoz berildi.

Shu bilan birgalikda, ijtimoiy tarmoqlarda byudjet tashkiloti xodimlarini maktabgacha va maktab taʼlimi sohasidagi loyihalarga ovoz berishga majburlash holatlari yuzasidan xabarlar tarqalmoqda.

Shuningdek, Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan oʻrganishlar natijalari shuni koʻrsatmoqda-ki, yirik mahallalar aholi soni yuqori boʻlganligi sababli ovoz berishda ustunlikka ega boʻlish holatlari mavjud.

Ovoz berishda tengsizlikka yoʻl qoʻymaslik, shuningdek, barcha mahallalar aholisi uchun loyihalarni amalga oshirishda teng imkoniyatlar yaratish maqsadida vazirlik tomonidan bir qancha texnik va uslubiy yechimlar ishlab chiqilmoqda.

Jumladan:

— FACE ID yordamida identifikatsiya qilish mexanizmini joriy etish. Bunda, tasdiqlangan foydalanuvchilar tomonidan berilgan ovozlar SMS orqali berilgan 5 yoki 10 ovozga tenglashtirilish;

— kam sonli aholi yashaydigan mahallalar aholisi tomonidan ilgari surilgan loyihalar uchun koʻpaytirish koeffitsiyenti joriy etish amaliyoti koʻrib chiqiladi.

Bunda, kichik mahallalar loyihalariga katta mahallalar aholisi tashabbusi bilan teng sharoitlarda raqobatlashish imkoniyati yaratilishi koʻzda tutilgan.

Bundan tashqari, tashabbuslar uchun ovoz berishning shaffofligi va adolatliligini taʼminlashga qaratilgan boshqa takliflar ishlab chiqilmoqda.

“Tashabbusli byudjet” loyihasini yanada rivojlantirish yuzasidan keng jamoatchilikni xabardor qilish va takliflarini hisobga olish maqsadida vazirlik rasmiy kanallarida batafsil maʼlumotlar eʼlon qilib boriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер