“Tashabbusli byudjet”: ezgu maqsadlar ijobati

15:38 25 Avgust 2025 Jamiyat
252 0

Mustaqilligimizning 34-yilligi bayrami arafasida Oʻzbekiston tumanida yangidan qurilgan hamda mukammal taʼmirdan chiqarilgan bir qator ijtimoiy obyektlar ishga tushirilmoqda.

Ayni jarayonda tumanning “Tovush” MFY hududida joylashgan 29-umumtaʼlim maktabi uchun qurib bitkazilgan 120 oʻrinli qoʻshimcha oʻquv binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Taʼkidlash oʻrinliki, ushbu taʼlim muassasasida 700 nafarga yaqin kelajagimiz vorislari taʼlim-tarbiya oladi. Shu tariqa bilim dargohidagi oʻquvchilar sigʻimi bilan bogʻliq koʻp yillik muammo bartaraf etildi.

“Shodlik” MFYdagi 75-oilaviy poliklinikaning qaytadan rekonstruksiya qilingan zamonaviy binosi ish boshlagani esa mahalla ahli uchun bayramga munosib tuhfa boʻldi. Tuman faollari va keng jamoatchilik ishtirokida oʻtkazilgan ochilish marosimida shifo maskanida yaratilgan zamonaviy sharoitlar barchani behad mamnun etdi. Birlamchi tibbiyot muassasasida 23 ming nafardan ziyod aholiga malakali xizmat koʻrsatish uchun barcha qulayliklar muhayyo etilgan.

— Shu kunlarda oʻndan ziyod yangi bino-inshootlar, xususan, Investitsiya dasturi asosida qurib bitkazilgan ijtimoiy soha muassasalari, tadbirkorlik loyihalari ish boshlaydi, — deydi Oʻzbekiston tumani hokimi oʻrinbosari Muslimbek Ahmedov. — Bu hududlarda aholi turmush farovonligini yaxshilash hamda yuqori daromadli yangi ish oʻrinlari yaratishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Eʼtiborlisi, “Tovush” va “Shodlik” MFYdagi ushbu binolar qurilishida mahalla ahli jonbozlik koʻrsatib, “Tashabbusli byudjet” loyihasida gʻolib boʻlgandi.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер