Tarixga toʻgʻridan qaraylik

13:54 21 Yanvar 2020 Jamiyat
2462 0

Maʼnaviyat olamida tarixga murojaat qilish odatdagi hol. Zero, “Har qanday yangilik – unutilgan eskilikdir” degan gap bekorga paydo boʻlmagan.

Maʼlumki, ayni paytda maktablardagi tarix darsliklari izchil xronologik usulda tuzilgan, yaʼni eng qadimgi davrlardan bugungacha boʻlgan tarix yillar boʻyicha oʻrgatiladi. Masalan, VI sinflarda qadimgi dunyo tarixi, VII sinflarda oʻrta asrlar tarixi, XIII sinfdan keyin XVII asrdan boshlab oʻrgatiladi. Bu, albatta, bir tomonlama yaxshi, oʻquvchining tasavvuri insoniyat takomili bilan hamqadam rivojlanib boradi. Biroq dastur shunday tuzilganki, umuman insoniyat tarixida muhim boʻlgan voqealar ham bir qur eslab oʻtiladi, keyingi bosqichlarda, masalan, X-XI sinflarda ularga maxsus toʻxtalishning imkoni boʻlmaydi. Masalan, toʻqqiz yillik taʼlim dasturida Amir Temur va Temuriylar davrini oʻrganishgaVII sinfda 2 soat (hozir 9 soat) ajratilgan. Taassuf qiladigan tomoni shundaki, keyingi sinflarda bu davrga maxsus toʻxtalmaydi, yoʻl-yoʻlakay tilga olib oʻtish mumkin, ammo tariximizning eng gullagan bosqichi sifatida bu yillar har jihatdan (ilm-fan, sanʼat, davlatchilik taraqqiyoti, xalqaro aloqalar va hokazo koʻzgusida), qolaversa, jahon tamadduni tadriji bilan qiyoslanib, mukammal oʻrgatilishi lozim. Hozircha oʻrta maʼlumot olgan yoshlarimiz hatto Amir Temurning kimligini ham bilmay kelishyapti. Rostda, ikki soatning birida oʻquvchi darsga kelmagan, ikkinchi soatini oʻqituvchi oʻtkazib yuborgan boʻlsa, oʻquvchi tahsili davomida bu nomlarni eshitmagan boʻlishi ham mumkin. Holbuki, hamma joyda surati osib tashlangan, shaharlarda haykali qoʻyilgan zotni besh qoʻldek bilish ham farz, ham qarz.Yoki ilm-fan gullab yashnagan, insoniyatga Xorazmiy, Beruniy, ibn Sinolarni yetkazib bergan X-XI asrlar haqida ham shunday xulosaga kelish mumkin.

Xullas, hozir amalda boʻlgan dasturda davr gorizontal usulda joylashtirilgan, voqealar (tarix) esa vertikal tartibda. Biz mulohaza tarzida bir fikrni oʻrtaga tashlashga jurʼat qildikki, unda voqealar gorizontal joylashtirilsa, yaʼni tarixni oʻrganish insoniyat erishgan yutuqlarni yillar kesimida talqin qilishdan boshlanadi. Masalan, hunarmandchilik tarixi bir yilda oʻqitilishi moʻljallansa, uning paydo boʻlishidan hozirgi darajaga yetishigacha boʻlgan evolyutsiyasi yillar ketma-ketligida, butun dunyo koʻzgusida talqin qilinadi. Bu usulda bir davr yoki shaxslar faoliyatiga tahsil davomida bir necha marta toʻxtalishga toʻgʻri keladi, oʻquvchining bilimi rivojlantirib boriladi, eng asosiysi ahvolni bugungi kun bilan qiyoslash imkoni paydo boʻladi. Hozir V sinfda “Tarixdan hikoyalar” berilgan, shu usulni davom ettirish maqsadga muvofiq. Dasturni voqealarning jamiyat hayotidagi oʻrni va oʻquvchining yosh xususiyatlarini hisobga olib, “oddiydan murakkabga” tamoyili asosida tuzish mumkin. Xullas, loyiha sifatida biz tavsiya qiladigan tartib taxminan quyidagicha:

V sinfda shaharlar tarixi;

VI sinf – hunarmandchilik tarixi;

VII sinf – buyuk shaxslar tarixi;

VIII sinf – ijtimoiy formatsiyalar tarixi;

IX sinf – dinlar tarixi;

X sinf – davlatchilik tarixi;

XI sinf – madaniyat tarixi.

Mazkur prinsipda bolaning yosh xususiyatlari, dunyoqarashining kengayib borishi, shaxsiyatining shakllanishi singari omillarni hisobga olishga harakat qildik. Masalan, tahsilni shaharlar tarixidan boshlashdan maqsad – bu yoshda bola atrof-tevarakka sinchkov nazar bilan qaraydi, oʻziga yoqimli narsalar izlaydi. Shunda uning atrofidagi muhit savollariga javob berishi mumkin. Qolaversa, maktabda vatanparvarlik tuygʻusini singdirish eng birinchi talablardan hisoblanadi. Oʻz qishlogʻining, shahrining tarixini bilmasdan bu vazifani uddalash qiyin. Shuning uchun bolaning tarixdan ilk sabogʻi oʻzi yashab turgan makonning tarixini oʻrganishdan boshlangani maʼqul, deb oʻylaymiz. Albatta, bir mavzu (har bir sinfga moʻljallangan oʻquv dasturini jahon tarixining bir mavzusi, deb atash mumkin) oʻrgatilar ekan, faqat axboriy maʼlumotlar bilan cheklanilmaydi, balki hodisaning yuzaga chiqishi, ahamiyati, oʻtmishni baholashda va kelajakka taʼsiri singari qirralari talab darajasida yoritiladi. Deylik, VII sinfda oʻrganishga moʻljallanayotgan “Buyuk shaxslar tarixi”, avvalo, bolaning yosh xususiyatlariga mos (shu yillarda oʻsmir biologik jihatdan tez rivojlanish bosqichiga kiradi, xayollar tizginsiz, oʻziga ideal izlaydi va hokazo), shunga koʻra shaxslar haqida gap ketganda u zotning shunchaki tarjimayi holi emas, koʻproq faoliyatining ahamiyatiga urgʻu beriladi.

Nazarimizda, maktabdagi oʻquv dasturi ana shunday tartibda tuzilsa, ancha qiziqarli boʻladi, oʻquvchilar tarixiy dalillarni quruq yodlashdan koʻra ularning mohiyatini anglash hamda mulohaza yuritish malakalarini hosil qiladi. Zero, tarixni oʻrganishning bosh maqsadi ham oʻtmish saboqlari bilan kelajak avlodni tarbiyalashdir.

Umuman, bu tavsiya shunchaki boshlangʻich loyiha, uning toʻldirilishi, mukammallashtirilishi hamkasblarimizning saʼy-harakatiga bogʻliq.

Hakim SATTORIY, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Anvarbek MUHAMMADIYEV, tarix muallimi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер