Taraqqiyot strategiyasi doirasida aniq chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilmoqda
Bugun OʻzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi, partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda hududiy partiya tashkilotlari ishtirokida videokonferensiya shaklida onlayn yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 26-yanvar kuni Oʻzbekistonning 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasi yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosiga qaratildi.
Taʼkidlanganidek, joriy yilgi “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili” boʻyicha davlat dasturi loyihasi ham yangi strategiyadan kelib chiqib tayyorlangan. Ochiq muhokamalar jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar olingan. Ular tasniflanib va umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq tashabbuslar bilan toʻldirilgan. Ushbu muhokamalarda OʻzLiDePning barcha boʻgʻinlari, partiya faollari ishtirokida ham keng muhokamalar qilinib, yuzdan ortiq aniq takliflar bildirildi.
Yettita ustuvor yoʻnalish va 100 ta maqsaddan iborat boʻlgan Taraqqiyot strategiyasining barcha yoʻnalishlari aholi farovonligi, inson qadrini ulugʻlash gʻoyasi mujassam etilgan boʻlib, unda fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, sud-huquq, iqtisodiyot, qishloq xoʻjaligi, taʼlim, sogʻliqni saqlash, tashqi siyosat borasida qator yangi marralarni zabt etish koʻzda tutilmoqda.
Taraqqiyot strategiyasining birgina uchinchi yoʻnalishida belgilangan vazifalarga toʻxtalib oʻtadigan boʻlsak, iqtisodiyot tarmoqlarini kompleks va jadal rivojlantirish, zamonaviy ish oʻrinlari yaratish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha koʻplab chora-tadbirlar belgilangan. Xususan, kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 100 milliard dollardan oshirish maqsad qilingan. Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarishni 1,4 baravar koʻpaytirish va kambagʻallik darajasini kamida 2 baravar qisqartirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, ilm-fan va innovatsiyalar, qishloq xoʻjaligiga bozor mexanizmlarini joriy etish orqali dehqon va fermerlar daromadini 2 baravar oshirib, agrar tarmoqda yillik oʻsishni kamida 5 foizga yetkazish imkoniyati bor. Bundan tashqari, kelgusi besh yilda iqtisodiyotga 120 milliard dollar, shu jumladan 70 milliard dollar xorijiy investitsiyalar jalb etish, eksport hajmini yiliga 30 milliard dollardan oshirish moʻljallangan.
Yigʻilishda bu kabi ustuvor vazifalarni amalga oshirilishida partiya oldida ham katta masʼuliyat yuklashi, partiya elektorati boʻlgan tadbirkorlar va ishbilarmonlarning ham manfaatlariga toʻliq xizmat qilishi alohida taʼkidlab oʻtildi.
Yana bir muhim yoʻnalishlardan biri Xalq deputatlari Kengashlarining mahallalardagi muammolarni hal qilishdagi rolini oshirish, qabul qilingan qonunlarning amaliyotda soʻzsiz va toʻliq ijro etilishini taʼminlashda parlamentning ishtirokini kengaytirish vazifalari belgilab berilmoqda. Bu esa partining qonunchilik palatasidagi va mahalliy kengashlardagi deputatlik guruhlari oldida ham katta masʼuliyat talab qilinadi.
Umuman olganda, davlatimiz rahbarining videoselektor yigʻilishida Taraqqiyot strategiyasi va joriy yilgi Davlat dasturi bajarilishini tashkil etish va nazorat qilish boʻyicha mutasaddi rahbarlarga koʻrsatib oʻtilgan barcha vazifalarning joylardagi ijrosini taʼminlashda partiya deputatlik guruhlari ham faol ishtirok etib, qatʼiy deputatlik nazoratini yoʻlga qoʻyadi.
Yigʻilishda Taraqqiyot strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish borasida OʻzLiDePning aniq chora-tadbirlar rejasi, “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring