Tanzila Norboyeva: Singapurning ilgʻor tajribasini oʻrganish nihoyatda muhim
Mamlakatimizda Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan boʻlib turibdi.
Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva Prezident Halima Yaqub bilan uchrashuvi, oʻzaro muloqoti haqidagi fikrlari bilan ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida oʻrtoqlashdi:
“Suhbatimiz davomida Oʻzbekiston va Singapur oʻzaro munosabatlarini rivojlantirishda parlamentlararo aloqalarning konstruktiv ahamiyatiga toʻxtaldik. Albatta, parlamentlarimiz oʻrtasidagi hamkorlik guruhlari faoliyatiga yangi impuls berish zarur.
Singapur va Oʻzbekistonning turli yoʻnalishlarda, jumladan, savdo-iqtisodiy, innovatsiya, fan va taʼlim sohalarida hamkorligini kuchaytirish borasida yakdil boʻldik.
Halima Yaqub xonim bilan taʼlimning deyarli barcha darajalarida oʻzaro amaliy muloqot qilish borasida fikrlashdik.
Xususan, davlat xizmatchilarining kasbiy va boshqaruv salohiyatini oshirishda Singapurning ilgʻor tajribasini oʻrganish nihoyatda muhim.
Muloqotimiz davomida Halima Yaqub xonim Oʻzbekistonning boy maʼnaviy merosidan yaxshi xabardorligini bildirib, oʻzbek xalqi madaniyati va sanʼatiga oid koʻrgazmalar va art-loyihalar nafaqat Yevropa davlatlarida, balki Osiyo mamlakatlarida, xususan Singapurda ham namoyish qilinishi kerakligini alohida taʼkidladi.
Zero, Singapur va Oʻzbekiston xalqlarining maʼnan yaqin urf-odatlari, qadriyatlari va oilaviy anʼanalari barobarida millatlararo hamda konfessiyalararo tinchlik totuvlikni taʼminlashdagi saʼy-harakatlari ham mushtarakdir”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring