Tanzila Norboyeva Pak Byon Sok bilan uchrashdi

15:39 06 Aprel 2021 Siyosat
1099 0

2021-yil 6-aprel kuni Senatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi Tanzila Norboyevaning Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar berdi.

Uchrashuvda har ikki davlat rahbarlari mamlakatlar oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat berayotgani taʼkidlandi. Oʻtgan yillarda Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan islohotlar natijasida Oʻzbekiston-Koreya strategik va ittifoqchilik hamkorligini rivojlantirishda yangi bosqich boshlandi.

Ikki tomonlama siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarning jadalligi izchil oʻsib bormoqda. Bu ikki mamlakat manfaatlariga javob beradi.

Tomonlar soʻnggi vaqtda Oʻzbekiston va Koreya oʻrtasidagi parlamentlararo muloqot ham faollashganini taʼkidladilar. Hamkorlik yillarida tomonlar parlament faoliyati tajribasini oʻrganish, shu jumladan turli xalqaro konferensiyalar va parlament tashkilotlari ishida qatnashish doirasida muntazam ravishda oʻzaro delegatsiyalar tashriflarini amalga oshirdi.

2019-yilda Oliy Majlis Senati Raisi T.Narbayeva rasmiy tashrif bilan Koreya Respublikasida boʻldi. Tashrif davomida parlament delegatsiyasi Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In, Milliy Assambleya Spikeri Mun Xi Sang, Yashil oʻsish global instituti rahbari Pan Gi Mun, Seul va Inchxon shahar merlari (hokimlari), shuningdek, vazirlik va kompaniyalar rahbarlari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.

Uchrashuv davomida parlament yuqori palatasi rahbari T.Norboyeva Oʻzbekiston va Koreya parlamentlari oʻrtasidagi aloqalar ikki tomonlama hamkorlikning yangi kun tartibi doirasida rivojlanib borayotganini taʼkidladi. 2005-yildan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik boʻyicha parlamentlararo guruhi muvaffaqiyatli faoliyat olib bormoqda. Senat Raisining birinchi oʻrinbosari S.Safoyev uning rahbaridir.

Tomonlar parlamentlararo guruhning samarali faoliyati natijalarini ijobiy baholadilar. Hozirgi vaqtda mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirishda parlamentlararo guruhning rolini oshirish boʻyicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish masalalari koʻrib chiqildi. Jumladan, davlatlarimiz rahbarlari oʻrtasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan qoʻmitalar, xalqaro parlament tuzilmalari va tashkilotlari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, deputatlar oʻrtasida mintaqalararo hamkorlik oʻrnatish, huquqiy bazani faol shakllantirish, pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilishini taʼminlash va boshqa masalalar muhokama etildi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston-Koreya parlamentlararo muloqotni tizimli davom ettirish zarurligi taʼkidlandi. Shuningdek, islohotlar va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni huquqiy taʼminlash, ikki tomonlama shartnomalar va bitimlarni ratifikatsiya qilish masalalarini tezlashtirish sohasida tajriba almashish boʻyicha dasturlarni amalga oshirishning muhimligi taʼkidlandi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер