Tanzila NARBAYEVA: Oʻzbekistonlik xotin-qizlar ilm, maʼrifatga yoʻgʻrilgan islohotlar, ezgu ishlar yoʻlida ona Vatan ravnaqiga munosib hissa qoʻshmoqda
Bugun Oʻzbekiston ayollari har bir jabhada oʻz oʻrniga ega boʻlib borayotganini barchamiz bevosita amalda koʻrib, chuqur his etmoqdamiz. Oʻtgan yili yurtimiz tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni bugungi koʻrsatkichga koʻtarilgani ham buning yorqin tasdigʻidir. Gap shundaki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Senatda esa bu koʻrsatkich qariyb 25 foizga yetdi.
Mahalliy Kengashlar deputatlarining 31 foizi ham jonkuyar, faol ayollardir. Ana shunday natijalar tufayli Oʻzbekiston parlamenti ayol deputatlar soni boʻyicha dunyodagi 190 ta milliy parlament oʻrtasida 37-pogʻonaga koʻtarildi. Holbuki, bundan 5 yil ilgari 128-oʻrinda edik. Bunday keskin ijobiy oʻzgarishlar parlament saylovlari shunchaki oʻtkazilmagani, “Yangi Oʻzbekiston — yangi saylovlar” shiori hayotda bevosita oʻz inʼikosini topganini anglatadi.
Kimlardir ayol kishining rahbar boʻlganining nimasi yaxshi, deyishi mumkin. Bunday savolga javob aniq: nozik hilqat sohibalari ijtimoiy masalalarga koʻproq yurakdan his qilib yondashadi, dilidan oʻtkazib qarorlar qabul qiladilar. Ijtimoiy masalalar esa, bu — xalqning dardi, xalqning muammosi, shu kecha-kunduzda uning boshidan oʻtayotgan muammolar bilan uzviy bogʻliqdir.
Ayol buni koʻproq, teranroq tuyishining yana bir sababi u oila bekasi, bolalar tarbiyachisi, ularning sogʻligʻi uchun qaygʻuradigan shifokordir. Siyosiy hayotda faol boʻlgan xotin-qizlarimiz aynan mana shunday xislatlari tufayli qonunlarning yana-da hayotiy boʻlishi uchun kurashadilar, ularda aniq masalalar, muammolarning yechimlarini ifodalash uchun jon kuydiradilar.
Binobarin, Oʻzbekistonda xotin-qizlar masalasiga juda katta eʼtibor qaratilyapti. Ularning huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari Konstitutsiyamiz, qonunlarimizda mustahkamlab qoʻyilgan.
Tan olish kerak, orada bu boradagi islohotlarning koʻpi qogʻozda qolib ketdi. Ayrim holatlarda ayollar oʻzlarini namoyon etishlari uchun sharoitlar kamlik qildi, stereotiplar toʻsiq boʻldi. Masalan, ayol tadbirkorlik qilaman, desa, preferensiyalar berish tizimi yoʻq edi. Umuman, ularga imtiyozlar yaratish boʻyicha huquqiy baza yaratilgan boʻlsa-da, shularni roʻyobga chiqarish boʻyicha aniq “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilmagan edi. Oqibatda jamiyatning aslida faol boʻlishi kerak boʻlgan mazkur qatlami tobora passivlashib ketdi.
Bir tomondan bu mentalitetga ham bogʻliq boʻlgan, deb oʻylayman.
Birgina taʼlim sohasini oladigan boʻlsak, bizda qizlar va oʻgʻil bolalarning bilim olishlari, kasb tanlashlari boʻyicha kelajaklarini taʼminlashda farqlar bor edi, hali ham bunday dunyoqarash uchrab turibdi. Toʻgʻri, hamma bolalar maktabda oʻqitiladi. Biroq keyinchalik kasb tanlash, oliy oʻquv yurtida tahsil olishga kelganda, koʻproq eʼtibor va ustunlik oʻgʻil bolaning taʼlim olishiga, uning uchun barcha sharoitni yaratishga qaratiladi. Chunki baʼzi insonlarda faqat oʻgʻil bolaga bilim berish kerak, oʻqitish kerak, chunki u bizning boquvchimiz, degan qarashlar ustunlik qiladi.
Qiz bolaga kelganda, bu boshqacha tus oladi. Maktab taʼlimi majburiy boʻlgani bois oʻqiydi. Ammo keyin “bu birovning xasmi, kerak boʻlsa turmush oʻrtogʻi boqib oladi”, degan tushunchaga urgʻu beriladi.
Vaholonki, qiz bola oliy maʼlumotli boʻlsa, qanchalik bilim va salohiyat olsa, buni kelgusida farzandlariga ham “yuqtiradi”, har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazish masalasiga masʼuliyat bilan yondashadi. Yurtning kelajagi esa mana shunday dunyoqarashga ega onalar tomonidan yaratiladi.
Oʻz navbatida, bugun jamiyatimizda oʻta bilimli, qobiliyatli boʻlsa-da, oʻzini oilasiga, turmush oʻrtogʻi va farzandlariga bagʻishlagan koʻplab ayollarni bilaman. Zero, oilaning taʼminoti uchun turmush oʻrtogʻi yetarli mablagʻni topsa, ayolning oʻzi ham bor vaqtini, mehnatini bolalari uchun sarflasa, nima uchun biz uni majburlab ishga olib chiqishimiz kerak? Bu ham ularning oʻz huquqi, tanlovi aslida.
Demak, xotin-qizlarning jamiyatda oʻz oʻrnini topishida, birinchi navbatda, ota-onalarning munosabati katta rol oʻynasa, ikkinchisi, oliy taʼlimda ularni qamrab olish imkoniyati muhim oʻrin tutadi. Masalan, talaba qiz turmushga chiqsa, oʻqishni qiynalib davom ettirishga majbur boʻladi. Qoʻllab-quvvatlaydigan qaynota bilan qaynonaning qoʻliga tushsa-ku yaxshi, ammo “oʻqib nima boʻlarding”, deydigan oilaga kelin boʻlsa, buyogʻini tasavvur qilavering. Yillar davomida toʻplanib qolgan shu kabi muammolar, oliy oʻquv yurtlariga yoshlarni qamrab olish koʻrsatkichining toʻqqiz foiz ekanligi oliy maʼlumotli, keng tafakkur va dunyoqarashi bor ayollarni tarbiyalashda katta toʻsiq boʻldi.
Quvonarlisi, bugungi kunda zamonaviy fikrlaydigan ota-onalar, qaynota-qaynonalar, kuyovlar koʻpayib boryapti. Oʻz navbatida, xotin-qizlarning taʼlim olishi, kasbli boʻlishi uchun qogʻozda emas, real hayotda katta qulayliklar, yengilliklar yaratilmoqda. Bugun gender tenglik degan demokratik tamoyil haqida ochiq-oydin gapirilayotgani, bu borada izchil chora-tadbirlar olib borilayotgani fikrimizga misol boʻla oladi.
Aslida gender tenglik
nima degani?
Shunday paytlar boʻldiki, zoʻravonlik, kambagʻallik soʻzini ishlatishdan qanchalik qoʻrqsak, rahbarlarimiz gender tenglik soʻzini qoʻllashdan ham shunchalik qoʻrqar edilar. Bu soʻzlar mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy, sotsial-iqtisodiy hayotida deyarli oshkora tilga olinmasdi. Shuning uchun ham, gender tenglik deganda odamlarimiz ongida notoʻgʻri tushunchalar shakllanib qoldi.
Xuddiki, gender tenglik atamasi ayollar erkaklardan ustun boʻlishi, ularni mensimaslik, erkaklarga oʻz gapini oʻtkazish, degan maʼnolarni anglatadi, deya qabul qilindi. Vaholonki, gender tengligi juda ham chiroyli tushuncha. Bu erkaklar va ayollarga hamma narsada teng imkoniyatlar berish kerak, degani. Yaʼni bilim olish, kasb tanlash, lavozimda koʻtarilishda erkaklar bilan ayollarga birdek imkoniyatlar yaratilishi — gender tenglikdir.
BMTga 1992-yildan buyon aʼzo boʻlsak ham, lekin uning koʻp talablarini bajarmasdan kelganmiz. Chunki bizda shu gaplarni aytish mumkin emas edi. Kambagʻallik yoʻq edi, goʻyo hamma chiroyli yashardi.
Hozirgi davrda bu kabi munosabatlar tubdan oʻzgardi.
Davlatimiz rahbari oʻzlarining lavozimlariga kirishganlaridan keyin xalq bilan muloqot siyosatini boshladi. Boshida muloqot deganda koʻp rahbarlar, har xil darajadagi masʼullar ham esankiradi, qanday qilib ishlashi kerakligini tushunmadi. Bir-ikki marta birovlarning muammosini hal qilsam, men oʻzimni ishimni bajaraman, deganlar ham boʻldi.
Endilikda joylardagi masʼullarimiz, senatorlarimiz va deputatlarimiz bu masʼuliyatni his qilib, alohida eʼtibor bilan qarashga oʻrganmoqda. Bu gender tenglikni taʼminlash masalasiga ham bevosita taalluqlidir.
Oltita ayol hokim boʻldi, bu hali hammasi emas
2017-yilda respublika Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi sifatida barcha hududlarga bordim, haqiqiy ahvolni oʻrgandim. Afsuski, Xotin-qizlar qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari rahbarlari viloyat, tuman hokimlarining oʻrinbosarlariga tenglashtirilgan boʻlsa-da, ularning moddiy imkoniyatlari anchayin cheklangan edi. Misol uchun, qiynalgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash, qariya onaxonlar holidan xabar olish kabi tadbirlarni uyushtirish uchun ham mablagʻ topilmas edi.
Ayollar muammolari, jinoyatchiligi, migratsiya masalalari, aqidaparastlikka berilishi bilan bogʻliq muammolar koʻp edi. Aynan shularni bartaraf etish maqsadida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan, eng avvalo, xotin-qizlarga yordam bera oladigan sharoit yaratish maqsadida “Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va oila institutini mustahkamlash sohasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmon qabul qilindi. U gender tenglik boʻyicha ishlarni izchillik bilan yoʻlga qoʻyish uchun dastlabki qadamlardan boʻldi.
Unga koʻra, ogʻir sharoitda yashayotgan ayollarga uy berish tizimi shakllandi. Shundan soʻng har yili bir yarim ming nafar ayol birinchi toʻlovini davlat toʻlab beradigan imtiyozli uylardan oladigan boʻldi.
Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi. Shu orqali biznesini yoʻlga qoʻyish istagidagi xotin-qizlarga imtiyozli kreditlar ajratish, bir haftalik oʻquv kurslarida oʻqitish, biznes rejalarni shu yerning oʻzida ishlab chiqish mexanizmi yoʻlga qoʻyildi.
Qiynalgan, nochor ayollar bilan ishlash uchun reabilitatsiya markazlari tashkil etildi. Misol uchun, oilaviy janjallar sabab qiynalib qolgan, siqilib yurgan yoki qaynonasi bilan kelishmasdan, birovlarning qoʻlida qolgan, ayrim hollarda koʻchada qolib ketgan, jinoyat qilib qoʻyib, jamiyatimizga qoʻshila olmayotgan ayollarimiz bor. Ana shular bilan ishlash uchun mahallada mutaxassis lavozimi joriy etildi.
Oldimizda yana bir dolzarb vazifa turgan edi. U ham boʻlsa, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish masalasidir.
Qonunlarimizda xotin-qizlar uchun parlamentdagi saylovlarda 30 foizlik kvota mavjud boʻlsa-da, amalda bu narsa yoʻq edi. Shundan soʻng, barcha tuman, viloyat va shahar hokimlariga oʻsha hududdagi faol ayollar roʻyxatini soʻrab xat yozganmiz. Natijada qoʻlimizda 6 ming nafardan iborat roʻyxat shakllandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat boshqaruvi akademiyasi va uning hududiy filiallarida ular qayta oʻqitildi, sotsial koʻnikmalari, siyosiy bilimlari takomillashtirildi. Bugungi kundagi zarur fanlar, hattoki, kiyinish va nutq soʻzlash madaniyati yuzasidan ham tegishli bilimlar oʻrgatildi.
Qilingan mehnatlarimiz samarasiz ketmadi. Oldingi saylovlarda ishtirok etgan ayollar umumiy koʻrsatkichini 2019-yildagisi bilan solishtirganda, keyingi paytda bu raqam birmuncha oshganini koʻramiz. Ayollarimizni mana shunday jarayonlarga qanchalik puxta tayyorlasak, ular bilan hamkorlikda ishlasak, bundan nafaqat davlat, birinchi navbatda, xalqimiz yutadi.
Binobarin, parlamentda ayollar soni keskin oshdi. Olti nafar xotin-qizimiz esa tuman hokimi vazifasiga tayinlandi. Bu — juda katta muvaffaqiyat. Senat bu rahbar ayollarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Ular bilan birgalikda hududlarni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda eng yaqin hamkor boʻladi.
Ishonchim komilki, yaqin orada ayollar orasidan vazirlar, boshqa yuqori lavozimlarga munosib koʻrilgan rahbarlar tayinlanadi. Va ular, albatta, jamiyatda, ishda oʻzining munosib oʻrinlarini topishadi. Davlat rahbarining yuksak eʼtiborini, xalqning ishonchini oqlaydi, oʻzining bor salohiyatini ishga solib, oldiga qoʻygan maqsadlariga erishishga harakat qiladi. Gender tenglikning asosiy jihatlaridan biri ham shudir.
Guvohi boʻlayotganingizdek, ayollarga davlat va jamiyat taqdiriga daxldor qarorlarni hayotga tatbiq etish, xususan, qonunlarni ishlab chiqish, qabul qilish, islohotlarni amalga oshirish jarayonlarida bevosita qatnashishlari uchun keng yoʻl ochildi. Bu ayol-ku, ertaga qiynalib qolishi mumkin, degan tushuncha tarixda qoldi. Endi ular mana shunday masʼuliyatli vazifani sharaf bilan bajarishlari kerak, deb hisoblayman.
Yangi komissiya va qoʻmita hamisha koʻmakka tayyor
Bunda yangi tashkil etilgan gender tenglik masalalari boʻyicha komissiya ularga har tomonlama koʻmak berishga tayyor. Oʻz navbatida, Senatda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qoʻmitasi tashkil etildi. Har ikki tuzilma ayni paytda amaldagi qonunchilikning barcha normasini ayollar va erkaklar tengligi nuqtayi nazaridan oʻrganib chiqyapti.
Komissiyamiz tarkibida koʻplab nodavlat tashkilotlar, faol ayollarimiz, erkaklarimiz ham bor. Oʻzaro hamkorlikda dunyo tajribasi ham oʻrganilmoqda.
Shular asosida har bir mehnat jamoasida gender tenglik boʻyicha maslahat kengashlarini tuzish tashabbusini oʻrtaga tashladik. Bu tegishli huquqiy hujjatlarda ham nazarda tutilgan. Bu nima beradi?
Avvalo, oʻsha mehnat jamoasi rahbarining ijtimoiy masalalarga masʼul oʻrinbosari ushbu kengashni boshqaradi. Uning tarkibiga yetti nafargacha korxona xodimlari aʼzo qilinadi. Kengashning asosiy vazifasi esa barcha boʻlimlar, hududiy tuzilmalarida yuqoridan pastga qadar ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilishini taʼminlab berishdan iborat boʻladi. Oylik ish haqlarini belgilash, lavozimlarga tavsiya qilishda ayollar va erkaklarga teng qarash, har bir korxona-tashkilotda tayyorlanadigan rezerv kadrlar bazasiga xotin-qizlarning ham nomzodlarini kiritib, ularni xizmat vazifasida rahbarlik lavozimlariga tayyorlash kabi masalalarni tizimli tahlil etib boradi, xulosalar beradi. Ayni chogʻda joylarda xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ham oʻrganadi.
Yana bir muhim masala shuki, ish beruvchi korxona jamoasi, ayniqsa, ayol xodimlarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish masalasiga alohida eʼtibor qaratishi lozim. U bu boradagi qarashlarini oʻzgartirishi, masʼuliyatni his qilishi zarur. Chunki tan olishimiz kerak, ayollarimiz hech qachon oʻziga, salomatligiga yetarlicha vaqt ajratmaydi, bolam-chaqam, uyim-joyim, deb yuradi. Afsuski, shuning oqibatida bugungi kunda ular orasida turli onkologik kasalliklar koʻpaygani hech kimga sir emas.
Ana shunday kengash va komissiyalar faoliyatini kuchaytirsak, ish beruvchilarning ayollar hamda erkaklarga teng imkoniyatlar va sharoitlar yaratish borasidagi masʼuliyatini oshirsak, xodimlarni muntazam tibbiy koʻriklardan oʻtkazishni yoʻlga qoʻysak, bundan nafaqat xotin-qizlar, balki butun jamiyatimiz yutadi.
Ayni paytda shu boʻyicha tegishli nizom ishlab chiqilmoqda va bu tashabbus oxirigacha yetkaziladi. Eng namunali kengashlar faoliyatini ragʻbatlantirishni ham nazarda tutganmiz. Ular qatori ushbu yoʻnalish boʻyicha ishni tashkil eta olmagan jamoalar faoliyati ham batafsil oʻrganiladi. Hududlarga borganimizda ham bu masalaga alohida eʼtibor qaratamiz.
Yetarli bilimlarga ega boʻlmaslik koʻplab muammolarni keltirib chiqaradi
Prezidentimiz bizdan ayollar uchun yana nima kerak, qanday imkoniyatlar yaratib beraylik, deb koʻp soʻraydilar.
Bugungi kunda xotin-qizlarimizni qiynaydigan koʻplab muammolarning ildizi ular bilimlarining yetishmasligi, oʻz huquqlarini yetarli darajada talab qila olmasligiga borib taqaladi. Afsuski, oiladagi ajrimlar, kelishmovchiliklar sabab uysiz, joysiz qolayotgan, hattoki, bolalarining taʼminoti uchun ham pul talab qila olmayotgan ayollarimiz bor oramizda. Jamiyat va davlat buning oldini olish uchun nimalar qilishi mumkin?
Men ayol boʻlganim uchun ana shu muammolarni yuragimdan oʻtkaza olaman. Va bu kabi noxush holatlarni bartaraf etishda kasbdoshlarim bilan bir yoqadan bosh chiqarib, qonuniy yoʻllarni topishga harakat qilaman. Buning uchun yetarli imkoniyatlar yaratib berilgan. Aynan shulardan kelib chiqib, nimalarni amalga oshirish lozim?
Avvalo, qizlarimizning taʼlimiga, bilim olishiga, kasb egallashiga katta eʼtibor qaratish lozim.
Ular oʻrtasida turli mavzularda keng tushuntirish ishlarini muntazam ravishda olib borish zarur. Xotin-qizlarimizni hayotga tayyorlashga barcha tizim birdek javobgar boʻlishi kerak. Bunga butun jamiyatni jalb qilishning uddasidan chiqilsa, ayollar masalalari bilan shugʻullanadigan maxsus idoraga ham hojat qolmaydi.
Bunda ayni paytda ishlab chiqilayotgan Oʻzbekistonda gender tenglikni taʼminlash strategiyasi dasturilamalga aylanishi, shubhasiz. Shundan kelib chiqib, strategiyada davlat va jamiyat tomonidan bu borada qilinishi lozim boʻlgan barcha tadbirlar aks ettiriladi. Unda 2020-yildan 2030-yilgacha boʻlgan davr qamrab olinadi. Eng muhimi, ushbu maqsadlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bilan ham uygʻundir.
Ushbu strategiya faqat Senatning tegishli qoʻmitasi va komissiyasi aʼzolari tomonidan ishlab chiqilmadi, balki uning tayyorlanishida koʻplab nodavlat tashkilotlar, jamoatchilik vakillari ham faol qatnashdi. Mazkur izlanishlar davom ettirilyapti. Yaqin orada uning loyihasi jamoatchilik muhokamasiga ham qoʻyiladi.
Markaziy Osiyo davlatlari integratsiyasida opa-singillarimiz, yoshlarimiz ham faol boʻladi
Gender masalalari yuzasidan Oʻzbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida ancha ilgʻor siyosat yuritmoqda. Shu bois BMT Markaziy Osiyodagi gender platformasini Oʻzbekistonda tuzish boʻyicha amaliy takliflarni koʻrib chiqyapti. Hozirgi kunda mazkur masala yuzasidan BMT bilan muloqotlar olib borilmoqda. Yaqinda yurtimizga BMTning martabali vakilalaridan biri Natalya Germanning tashrif buyurishi kutilayotir. Aynan u bilan ham shu masalada muloqotlar olib boriladi.
Natijada ushbu nufuzli xalqaro tashkilot va qoʻshni davlatlar bilan hamkorlikda gender tenglikni faol ilgari surayotgan mamlakat sifatida Markaziy Osiyo platformasini yaratish ishlari yangi bosqichga koʻtariladi. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad Markaziy Osiyo mintaqasi boʻylab gender masalasida olib borayotgan saʼy-harakatlarimizni taqdim etish hamda qardoshlar bilan oʻzaro bilim, fikr va tajriba almashishdir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida”gi Farmonida ham xotin-qizlarimizning haq-huquqlarini himoya qilish, ularni oliy taʼlimga yana-da koʻproq qamrab olishga alohida eʼtibor qaratilgani ham bejiz emas.
Mana shunday gʻamxoʻrlik mevasi ham shirin boʻladi. Qizlarimiz, ertaga ishlagan yoki ishlamagan taqdirda ham, oliy maʼlumotli boʻlsa, oqilalik libosini kiyadi, qoʻpol gapirmaydi, bir qoʻlida qaynonasi, bir qoʻlida turmush oʻrtogʻini koʻtarib yuradi, chiroyli oilaning dilbar va dono bekasiga, oʻzaro munosabatlarda mohir diplomatga aylanadi. Mustahkam oila qurishda aynan shu jihatlar nihoyatda muhim ekanligini yigitlar ham yaxshi tushunadi, ular ham, oʻz navbatida, oʻziga yaqin boʻlgan turmush oʻrtogʻi va onasini hurmat qiladi, eʼzozlaydi.
Ham uy bekasi, ham mohir dasturchi
Davlatimiz rahbari yil nomini bejiz ilm, maʼrifat, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish bilan bogʻlab qoʻymadilar. Buning zamirida ham xalqimiz farzandlarini ilmli qilish, ularning tafakkurini, dunyoqarashini yuksaltirish maqsadi yotibdi. Shundagina raqamli iqtisodiyot ham rivojlanadi. Odamlarda, ayniqsa, boʻlajak onalarda kelajak taqdiriga boʻlgan ishonch mustahkamlanadi.
Boisi intellekt va innovatsiya birlashgan joyda ayollar uchun ham yangidan-yangi imkoniyatlar yaratiladi. U hatto uyda oʻtirib ilgʻor AKT yordamida ishlay oladi, oʻqib-oʻrganib, yangi kasblarni egallaydi.
Shuning uchun ham ayni paytda amalga oshirilayotgan “Bir million dasturchi” loyihasida qizlarning faol ishtirokini taʼminlash boʻyicha keng koʻlamli ishlar olib borilyapti. Natijada axborot texnologiyalari sohasida nafaqat oʻgʻil bolalar, balki qizlarning salohiyatini kashf etish eshiklari keng ochiladi. Boz ustiga, qizlarda nozik barmoqlar, nafis tasavvurdan suv ichadigan fantaziya, ijodkorlik bor. Faqatgina ularni yuzaga chiqarish kerak, xolos. Bunday ishlarni nafaqat dasturiy taʼminot, balki zargarlik, telefonlarni sozlash kabi yoʻnalishlarda ham amalga oshirish mumkin.
Bir martalik ishlar masalasi ham dolzarb. Bu borada yangicha qarashlar, tuzilmalarga ehtiyoj bor. Shunday agentliklar, monomarkazlar tashkil qilish kerakki, xotin-qizlarga ham ularning xizmatlaridan birdek foydalanish imkoniyati yaratilsin. Shunda ayollar mardikorligi, ularning zoʻravonlik qurboniga aylanishlari, aldanishlari, turli salbiy yoʻllarga kirib ketishining oldi olinadi.
Shunday ekan, endi muammolarning oqibati bilan ishlash vaqti oʻtdi. Ularning oldini olishga qatʼiy kirishish vaqti allaqachon kelgan. Buni esa oiladan boshlash kerak va shu boʻyicha qilinadigan ishlar hali juda koʻp.
Sababi uzoq yillar davomida mazkur masalaga kompleks yondasha olmadik. Bunday holat hamon mavjud. Har bir davlat idorasi muammo yuzaga kelib, jamiyatimizda koʻndalang turganidan keyingina uning oqibatlari bilan kurashishga majbur boʻlmoqda. Aslida ularning barchasini oiladagi tarbiyani toʻgʻri tashkil qilish orqali hal etish mumkin. Odamlarning daxldorlik hissini oshirish, davlatga, oilasiga, jamiyatga nisbatan munosabatini oʻzgartirish, masʼuliyatni his qilishga oʻrgatish esa oʻzaro ahillikni, davlatimizning xalqchil siyosati ostida jipslashishini talab qiladi.
Bunday ezgu ishlarga bagʻrikeng, mehnatkash, zukko, fahm-farosatli, oqila, mehribon onalarimiz, opa-singillarimiz, qizlarimiz oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshishlariga ishonaman. Ularning goʻzalligi, yuzlaridagi samimiy kulgi, bayramona ruh, koʻtarinki kayfiyat esa xalqimizning zabardast insonlari kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat, ilhomiga ilhom qoʻshishi, shubhasiz.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring