Tamaning toʻqmogʻi bor
Oʻshanda ayni yoz chillasi edi. Tanishi Tilovberdi ( ism-shariflar oʻzgartirilgan) bilan telefonda gaplashayotgan Omonbek unga xolis xizmat koʻrsatishi, aniqrogʻi, Kogon shahar obodonlashtirish idorasiga ishga kiritib qoʻyishi mumkinligiga shama qildi.
Pandemiya sharoitida tuzukroq ish topolmay yurgan Tilovberdiga bu gap moydek yoqib ketdi. ”Koshki, yordam berib yuborsangiz, bir umr qoʻlim duoda boʻlardi”, dedi mushkuli oson boʻlayotganidan suyunib.
Omonbek kulimsirab qoʻydi. Koʻnglining bir chetidan esa “Mushuk tekinga oftobga chiqmaydi”, degan oʻy oʻtdi. Soʻng maqsadga koʻchdi.
— Ammo uka, duo bilan ish bitmaydi. Ozgina xarajati bor. ”Tepadagi”larni rozi qilish kerak.
Omonbekning “Kvota olish uchun 150 ming soʻm, “tepadagi”lar uchun 150 dollar kerak”, degan soʻzlarini eshitib, Tilovberdining hafsalasi pir boʻldi. Axir, shuncha puli boʻlganida qora qozonni bir emas, ikki oy qaynatishi mumkin edi. Lekin... Lekin koʻnmoqdan oʻzga iloji ham yoʻq. Ming bir oʻy girdobida qolgan Tilovberdi kelishilgan pulni bergani Omonbekning uyiga yoʻl oldi...
Buyogʻi esa xamirdan qil sugʻurgandek bir lahzada yuz berdi. Omonbek iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish viloyat departamenti xodimlari tomonidan tamagirlik ustida qoʻlga olindi.
Bu jinoiy ishni koʻrib chiqqan sud uni aybli deb topdi. Tamaning toʻqmogʻi borligini unutgan bu kimsa bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravari yaʼni 11 million 150 ming soʻm miqdorida jarimaga tortildi. Unga ikki yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi ham tayinlandi.
Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi”
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring