Taʼlimdagi tamagirlik uzoqqa choʻzilmadi

17:26 30 May 2022 Jamiyat
894 0

Foto: Illustrativ foto

Oʻsib kelayotgan avlod taʼlim-tarbiyasiga umrini, kuchini, mehru muhabbatini baxshida etgan oʻqituvchi va murabbiylarning jamiyatimizning obroʻyini, nufuzini oshirish, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash masalalariga eʼtibor sezilarli darajada oshib bormoqda. Bunga javoban davlat va millat oldidagi kasbiy burchini, ulkan masʼuliyatni chuqur anglab, oʻgʻil-qizlarni ilmu maʼrifatga oshno etayotgan fidoyi hamyurtlarimiz safi kengayib borayotgani quvonarli, albatta. Biroq bu kasbga, tizimdagi oʻzgarishlarga dogʻ tushirayotganlar ham yoʻq emasligi, afsuski, haqiqat.

Ana shundaylardan biri boʻlmish Anvar Olimov (ism-sharifi oʻzgartirilgan) tomonidan sodir etilgan noqonuniy xatti-harakatlar jinoyat ishlari boʻyicha Marhamat tumani sudida koʻrib chiqildi.

Ayon boʻlishicha, tumandagi 19-umumtaʼlim maktabining 2020-2021 oʻquv yili bitiruvchilarining atigi 11 nafari oliy taʼlim muassasalariga qabul qilingan. Bu qoniqarsiz koʻrsatkich boʻlgani bois maktab “qizil” toifaga kiritilgan.

Andijon viloyat xalq taʼlimi boshqarmasida oʻtishi kutilayotgan majlisda boshqarma boshligʻidan “gap eshitish”dan qoʻrqqan maktab direktori ushbu masalada yordam berishi mumkin boʻlgan odamni izlay boshladi. Hamkasblarining maslahatiga binoan Anvar Olimovning huzurida boʻlib, unga bor gapni tushuntirdi. Anvar ham, garchi yosh boʻlsada, ancha pishiq emasmi, darrov savdoni boshlab yubordi. Natijada 24 nafar bitiruvchining qoʻshni davlat oliygohlariga oʻqishga kirganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma tayyorlab berishga kelishdilar. Direktor har bir bitiruvchi uchun A. Olimovga 100 ming soʻmdan pul toʻlaydigan boʻldi.

Taʼlimdagi tamagirlik uzoqqa choʻzilmadi. Maktab direktori hamma shartni bajargan boʻlsada, biroq “attestat.uz” saytida hech qanday ijobiy oʻzgarish kuzatilmadi. Ana shundan soʻng u huquqni muhofaza qilish idoralariga murojaat qilib, voqeadan ogoh etdi.

Aslini olganda pora olish ham, uni berish ham birdek javobgarlikni talab etadi. Yuqoridagi holatda maktab direktorining va “uddaburon” Anvarning aybi bir-biridan aslo kam emas. Har kim oʻz ishiga sidqidildan yondashganida, koʻzboʻyamachilikdan yuz burganida bu kabi muammo yuzaga kelmas edi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Marhamat tumani sudi tomonidan Anvar Olimovga nisbatan qonuniy chora koʻrildi. Biroq bu 19-umumtaʼlim maktabi jamoasi uchun ham taassufli holat ekanini hisobga olsak, jamoa bundan keyin oʻqitish sifatini va samaradorligini oshirish yoʻli bilangina “qizil” tamgʻadan xalos boʻlishiga umid qilib qolamiz.

Zarifjon RAHIMOV,

jinoyat ishlari boʻyicha Marhamat tuman sudi sudyasi,

Andijon viloyati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер