“Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi muhokamasi nega hamon davom etmoqda?

13:29 13 May 2020 Siyosat
1430 0

Foto: O'zA

Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimini yangi bosqichga koʻtarish, pedagog kadrlar tayyorlash sifatini ilgʻor xalqaro standartlar asosida takomillashtirish va oliy pedagogik taʼlim bilan qamrov darajasini oshirish borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Taʼlim tizimidagi ijobiy oʻzgarishlar, oʻz navbatida, sohaning huquqiy asoslari takomillashtirilishini talab etadi. Amaldagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinganiga 20 yildan oshdi. Tabiiyki, qonun normalari bugungi shiddatli islohotlarga hamohang emas.

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida muhokama qilinayotgan yangi tahrirdagi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi aynan sohadagi barcha yutuq va kamchiliklar, jahondagi tajriba va tendensiyalarni inobatga olgan holda takomillashtirilmoqda.

Mamlakat kelajagi va taqdiriga bevosita daxldor masala boʻlgani sababli ham deputatlar muhokamalarga jiddiy yondashmoqdalar. Bunday deyishimizning sababi bor albatta. Qonun loyihasi Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi huzurida tuzilgan ishchi guruhi tomonidan bir necha oy davomida ikkinchi oʻqishga tayyorlandi.

Bu jarayonda 238 ta normaga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Loyihadan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni imkon qadar qisqartirish, umumiy tusdagi, harakatsiz va huquqni qoʻllashga taʼsir etmaydigan qonun hujjatlarini qayta koʻrib chiqish oqibatida 123 ta norma chiqarib tashlandi. Ularning oʻrniga 54 ta yangi toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiluvchi normalar kiritildi. Ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillar va tartibga solishning eskirgan mexanizmlarini bartaraf etish hisobiga kiritilgan 7 ta moddadan butunlay voz kechilib, aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi 9 ta yangi modda kiritildi.

Qonun loyihasi ustida shuncha mehnat qilinganiga qaramay, uning yalpi majlisdagi muhokamasi 5-may kuni boshlanib, qariyb 3 kun davom etdi va deputatlarning keskin bahs-munozaralariga sabab boʻldi. Koʻplab savollar koʻtarildi.

Xususan, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasi aʼzolari ushbu qonun taʼlim sohasini tartibga solish bilan bir qatorda tarbiya sohasini ham tartibga solishi zarur degan gʻoya bilan chiqdi. Lozim topilsa, mazkur qonunni tarbiyaviy ahamiyatlar bilan bogʻlash, qonunni taʼlim va tarbiya toʻgʻrisida deb nomlash, taʼlim standartlari normalariga taʼlim va tarbiya standartlari tushunchalari bilan boyitish kabi fikrlar ham ilgari surildi. Qoʻmita tomonidan mazkur masala yuzasidan tahliliy materiallar hamda xorijiy tajriba yordamida fraksiya aʼzolariga tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, yigʻilishda deputatlar tomonidan qonun loyihasidagi xorijiy tushunchalarni oʻzbek tilidagi nomlar bilan atash taklifi berildi.

Loyiha muhokamasi davomida ayrim tushunchalar noaniqliklarni keltirib chiqarayotganligi bois, ularga aniqlik kiritish, yaʼni bir nom bilan atash lozimligi taʼkidlandi. Qolaversa, qonun loyihasida bir toʻxtamga kelish qiyin boʻlgan bir qator normalar keskin bahs-munozaralarga sabab boʻldi.

Jumladan, taʼlim berish tili bilan bogʻliq modda havolaki tusda boʻlib qolgani bois, deputatlar tomonidan uni qonun loyihasidan chiqarib tashlash taklif qilindi. Bu, albatta, hujjatning havolaki normalardan holi boʻlishi, amaliyotda toʻgʻridan-toʻgʻri ishlashini taʼminlashga xizmat qiladi.

Ayni paytda Fan, taʼlim, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi huzuridagi ishchi guruhi siyosiy partiyalar fraksiyalari aʼzolari tomonidan bildirilgan taklif va mulohazalarni qonun loyihasida aks ettirish ustida ish olib bormoqda. Qonun loyihasini maromiga yetkazgan holda Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar muhokamasiga kiritish rejalashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер