Taʼlim siyosati — tarixiy dasturning bosh mavzusi

15:29 23 Dekabr 2022 Jamiyat
1327 0

Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 20-dekabr kuni yoʻllangan Murojaatnomada koʻtarilgan masalalar dolzarbligi, muammolar va ularning yechimi hamda intellektual va emotsional zalvoriga koʻra Yangi Oʻzbekistonning 2023-yildagi rivojlanish konsepsiyasini belgilab berdi.

Umuman olganda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Oliy Majlis va xalqimizga yoʻllaniladigan Murojaatnomada koʻtarilgan masalalar mutaxassislar va keng jamoatchilikning qizgʻin muhokama va eʼtiboriga sazovor boʻlmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning navbatdagi Murojaatnomasining bosh mavzusi taʼlim siyosati boʻldi. Jumladan, mazkur masala boʻyicha:

— 2023-yildan barcha maktablarda yangicha metodika asosida oʻqitish yoʻlga qoʻyilishi;

— pedagoglar huquqi konstitutsiyaviy maqomda belgilanishi;

— harbiy-vatanparvarlik tarbiyasiga alohida eʼtibor qaratilishi;

— 70 ta yangi maktab qurilib, 460 tasi kengaytirilishi;

— xususiy investitsiya ishtirokida 100 ta maktab loyihasini boshlangani va kelgusi 5 yilda ularning soni 1000 ga yetkazilishi;

— 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston va Xorazmdagi maktablarda boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun joriy qilingan bepul tushlik amaliyotini respublikaning boshqa viloyatlari va Toshkent shahrida ham joriy etilishi;

— 2023-yildan boshlab oʻrta-maxsus taʼlim tizimida yangi dastur amalga oshirilishi;

— kasb-hunar taʼlimi bilan qamrov 200 mingga yetkazilishi; 

— har bir viloyatdagi bittadan texnikumda Yevropa kasbiy taʼlim standartlari joriy qilinishi;

— 2023-yilda davlat grantlari uchun (2022-yildan 30 mingga koʻproq) 130 ming joy ajratilishi;

— kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilinishi Prezidentimiz tomonidan taʼkidlab oʻtildi.

Murojaatnomada eng asosiy yangilik – yangi yilning nomlanishi ham taʼlimga bagʻishlanib, unga koʻra 2023-yil mamlakatimizda “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili” deb eʼlon qildi.

Jonli maʼruza, intellektual va emotsional zalvorli Murojaatnomada Prezidentimiz barcha sohalardagi yutuqlar qatorida taʼlim sohasidagi yutuqlar bilan birgalikda ushbu tizimdagi kamchiliklarga ham toʻxtalib oʻtgan xolda, avvalo taʼlim tizimidagi korrupsiyaviy holatlarni qattiq tanqid qildi: «Mana, oliy taʼlimga oʻqishga kirishdagi korrupsiya yoʻq boʻldi. Lekin oliy taʼlim muassasalari ichidagi korrupsiya hali ham saqlanib qolmoqda. Hozir bir nechta rektorlarni ishdan olyapmiz. Chunki oʻrgansak, talabalarning oʻzi aytyapti, qay darajada korrupsiya koʻpligini, darsga kelmasdan baho olishayotganini. Bu nima degani?».

Taʼlimdagi yana bir masalaga Prezidentimiz eʼtibor qaratib, taʼlim jarayonida “milliy oʻzligimiz timsoli, maʼnaviyatimiz asosi boʻlgan ona tilimizga eʼtibor yanada kuchaytirilishi... Albatta, chet tilini bilish - zamon talabi. Ammo ona tilini bilishni majbur qilish kerak”ligini taʼkidlandi.

Albatta, Yangi Oʻzbekistonni barpo etish, islohotlar samaradorligini taʼminlashning asosiy sharti bu oʻzbek tilining mavqeini koʻtarish bilan bevosita bogʻliq. Bizningcha, Yangi Oʻzbekistonning til siyosati oʻzbek tilini rivojlantirishda mustahkam pozitsiyaga ega boʻlmogʻi lozim. Buning uchun ijtimoiy-siyosiy hayotda oʻzbek tilining faqat davlat tili va rasmiy til darajasi bilan cheklanib qolmasdan uni siyosat, ilm-fan, biznes hamda internet tili darajalariga koʻtarilishini ilmiy-nazariy va amaliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash lozim. Til masalasida yuqoridagi ichki muammolar bartaraf etilishi barobarida tashqi siyosatda ham oʻzbek tilining nufuzini koʻtarish, yaqin va uzoq mamlakatlarda yashayotgan millatdoshlarimizning lisoniy birligini vujudga keltirishni Yangi Oʻzbekistonda til siyosatining asosiy yoʻnalishlari sifatida belgilash maqsadga muvofiqdir.

Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan uzoq yillardan beri jamiyatimizdagi eng ogʻriqli nuqtalardan biri boʻlgan oʻquvchi-yoshlarni nosogʻlom ovqatlanishiga oid masala ham koʻtarildi.

Mazkur muammoni yechimi boʻyicha endilikda, 2023-yildan boshlab Qoraqalpogʻiston va Xorazmdagi maktablarda boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun joriy qilingan bepul tushlik amaliyoti respublikaning boshqa viloyatlari va Toshkent shahrida ham joriy etilishi qatʼiy belgilandi.

Mamlakatimizdagi yosh avlod bilan bogʻliq bunday tibbiy vaziyatda ularga eng ilgʻor usullar bilan ham samarali taʼlim berib boʻlmasligi Prezidentimiz tomonidan anglangan xolda butun mamlakat hududida oʻquvchi-yoshlar uchun bepul tushlik amaliyoti uchun 2,3 trillion soʻm ajratilishi belgilandi. Bizningcha, Prezidentimiz tomonidan koʻtarilgan mazkur masala ijrosi oʻquvchi-yoshlarni sogʻlom ovqatlanishini tashkil etishda taʼlim va tibbiyot hamkorligini kuchaytirish, ushbu sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqishni talab etadi. Buning uchun:

— taʼlim va sogʻliqni saqlash sohasi olim va mutaxassislarining oʻzaro hamkorligida umumiy oʻrta taʼlim maktablarining boshlangʻich taʼlim bosqichi uchun moʻljallangan taomlar retsepturasini yaratish;

— taomlar retsepturasini yaratishda yurtimiz geografiyasi, fasllar almashinuvi hamda bolalarning yosh davrlarini hisobga olish va mazkur mezonlar asosida taomnomani biologik va boshqa zarur vitaminlar bilan boyitib borish;

— butun mamlakat hududida birinchi navbatda umumiy oʻrta taʼlim maktablarining boshlangʻich taʼlim bosqichi (keyinchalik bosqichma-bosqich ravishda yuqori sinflar) uchun ikki mahal (nonushta va tushlik) bepul issiq ovqat berishini yoʻlga qoʻyish;

— davlat taʼlim muassasalarida bepul ovqat berish jarayoniga autsorsing xizmatini joriy etish, mazkur jarayonda mahalliy taʼlim va sogʻliqni saqlash tashkilotlari rahbarlariga buyurtmachi maqomini berish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Taʼlim va tibbiyot sohalari hamkorligidagi mazkur islohot davlat byudjeti uchun katta miqdordagi xarajat boʻlib koʻrinsada, aslida ushbu xarajat mutanosib rivojlanmayotgan yosh avlodga oilasi hamda davlat tomonidan sarf etilayotgan tibbiy va taʼlim xarajatlaridan bir necha barobar arzon hisoblanadi. Ushbu loyihaning asosiy mazmuni shundaki, u orqali butun mamlakatdagi yosh avlodni taʼlim va tibbiy jihatdan kompleks rivojlantirish imkoni yuzaga keladi. 

Mazkur loyiha amalga oshirilsa, jismonan va intellektual jihatdan munosib rivojlangan yosh avlod qisqa muddatda Yangi Oʻzbekiston bunyodkorlari sifatida maydonga keladi. Ayni vaqtda bu amaliy ishlar bolajon xalqimiz ruhiyatiga koʻtarinkilik baxsh etib, ularni Yangi Oʻzbekiston kelajagiga ishonch-eʼtiqodlarini mustahkamlaydi.

Shu oʻrinda, Murojaatnomada Prezidentimiz tomonidan, taʼlim, ilm-fan sohasida “kimyo sanoati, elektrotexnika, transport va energetika sohalarida nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan birga, alohida Muhandislik maktablari tashkil qilish” gʻoyasi koʻtarilganini ham taʼkidlash lozim. Darhaqiqat, taraqqiyot uchun, islohotlarning amaliy natijasi uchun taʼlim va ilm-fan juda muhim, muqobili yoʻq omillar hisoblanadi. Bizningcha, taʼlim va ilm-fanning sinxron harakatini taʼminlash uchun hozirda quyidagi vazifalarni amalga oshirish joiz:

— Oʻzbekiston Respublikasidagi ilmiy tadqiqot institutlari hamda oliy taʼlim tashkilotlari uchun ilmiy muammolarning aniq davlat va jamiyat buyurtmalarini shakllantirish;

— Ilmiy tadqiqot sohasida tadqiqotlar natijadorligini aniqlashning hisob mexanizmini rivojlangan davlatlar tajribasi asosida tubdan isloh etish;

— Ilmiy tadqiqot ishlarini baholashda pragmatik talablarni kuchaytirish;

— Ilmiy tadqiqot jarayonida korrupsiya va poraxoʻrlikni oldini olish;

— Oliy taʼlim tashkilotlarida kadrlar tayyorlash faoliyatidan tashqari ilmiy tadqiqot faoliyatining ulushini oshirishga erishish;

— Ilm-fanning muqobil energiya, AKT, rabototexnika, nanotexnologiya, genetika kabi yoʻnalishlariga alohida eʼtibor qaratish;

— Harbiy sohadagi ilmiy tadqiqotlarni alohida qoʻllab-quvvatlash;

— Xususiy ilmiy tadqiqot muassasalari, yaʼni “aql markazlari”ni tashkil etishni qoʻllab-quvvatlash kabilardir.

Maʼlumki, uchinchi Renessans taʼlim va ilm-fansiz yuzaga kelmaydi. Mamlakatimiz taraqqiyotida taʼlim va ilm-fan sohasi bilan islohotlar shu maʼnoda juda dolzarb hisoblanadi.

Mazkur maqolaga xulosa sifatida Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi ekspertlari tomonidan amalga oshirilgan Murojaatnoma matnining lingvistik kontent-tahlilini keltirib oʻtamiz. Unga koʻra, Murojaatnomada aynan “taʼlim” soʻzi 25-marta, “maktab” soʻzi 23-marta, “shaxs” va “xalq” soʻzlari 22-marta, “konstitutsiya” va “investitsiya” soʻzlari 20-marta, “tadbirkor” soʻzi 19-marta va “mahalla” soʻzi 18-marta ishlatilganligi aniqlandi. Mazkur lingvistik kontent-tahlil natijalariga koʻra “taʼlim” va “maktab” soʻzlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yilga moʻljallangan Murojaatnomasining asosiy tushunchalari boʻldi.

Albatta, yuqoridagi tahlil va raqamlar yangi, 2023-yilda taʼlim sifatini yanada oshirishimizni talab etadi. Bu vazifalar qanchalik qiyin boʻlmasin Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev aytganlaridek, “Tanlagan yoʻlimizdan hech qachon ortga qaytmaymiz. Koʻzlagan marralarimizga albatta yetamiz. Bu yoʻlda niyati ulugʻ, qalbi pok, mehnatkash xalqimizga tayanamiz. Bir tanu bir jon boʻlib harakat qilsak, men ishonaman, el-yurtimiz intilayotgan Yangi Oʻzbekistonni albatta barchamiz birgalikda bunyod etamiz”.

Kimyoxon Mamatqulova,

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti “Taʼlim menejmenti” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari falsafa doktori (PhD).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер