Talabalar ixtirosi piyodalar xavfsizligiga koʻmak beradi
Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda transport vositalari soni ortgani sari yoʻl harakati xavfsizligi bilan bogʻliq muammolar ham koʻpayib bormoqda. Ulardan biri yoʻllarning svetofor bilan jihozlanmagan piyodalar oʻtish joylarida uchraydi va koʻplab baxtsiz hodisalarga sabab boʻlayotir.
Namangan davlat universiteti talabalari yaratgan innovatsion loyihada ayni masalaning yechimiga eʼtibor qaratilgan. Unga koʻra, loyiha muallifi Bahodirxon Ahmedov va uning jamoasi piyodalar yoʻlaklariga aqlli market oʻrnatishni taklif qilmoqda. Asosiy vazifasi piyodani aniqlash va haydovchilarni bu haqda ogohlantirishdan iborat boʻlgan qurilma yoʻl belgisi shaklida boʻlib, doimiy kamera nazoratida ishlaydi. Aniqroq aytganda, piyoda yoʻlakka qadam qoʻyishi bilan aqlli marketda qizil chiroq yonadi. Haydovchi bu signaldan piyoda yoʻlda ekanligini bilib, mashinani toʻxtatadi. Yoʻlovchi oʻtib boʻlishi bilan signal avtomatik ravishda oʻchadi.
— Mazkur loyihani yaratish jarayonida jamoaviy ishlab, sunʼiy intellekt asosida harakatni aniqlash va ogohlantiruvchi tizimlarni integratsiyalashni oʻrgandik. Yangiligimiz amalda tatbiq etilsa, ayniqsa, qishloq hududlari va shahar chekkalarida piyodalar xavfsizligini ishonchli taʼminlash imkoniyati yaratilib, baxtsiz hodisalar kamayadi, koʻplab insonlarning hayoti saqlab qolinadi, — deydi B.Ahmedov.
Izlanuvchan talabalar ayni paytda oʻz ixtirosini roʻyxatdan oʻtkazish va amaliyotga tezroq joriy etish harakatida. Bu masalada ularning daxldor tashkilotlar koʻmagidan umidi katta.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring