Tailandda oʻzbekistonlik sayyohlar ishtirokida dengiz halokati sodir boʻldi (+video)
Tailandda ichida Oʻzbekiston fuqarolari boʻlgan kater halokatga uchradi. Mazkur holat yuzasida Tashqi ishlar vazirligi munosabat bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur voqea shu yilning 11-yanvar kuni Tailand Qirolligining Pxuket orolida sodir boʻlgan. Halokatga uchragan katerda 3 nafar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi boʻlgan va hodisa oqibatida ularning 2 nafari yengil tan jarohati olib, mahalliy shifoxonaga yotqizilgan.
Hozirda jabrlangan fuqarolar toʻliq sogʻaygan va belgilangan tartibda shifoxonadan chiqarilgan. Shuningdek, jabrlanganlarning barcha tibbiy va boshqa zarur xarajatlari katerga egalik qiluvchi kompaniyaning sugʻurta mablagʻlari hisobidan toʻliq qoplab berilgan.
Hodisa yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasining Bangkok shahridagi Bosh konsulxonasi mahalliy huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sogʻliqni saqlash muassasalari bilan doimiy aloqada boʻlib kelgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring