Tadbirkorlikka oid barcha talablarning elektron reyestri yuritiladi
Tadbirkorlikni davlat tomonidan tartibga solishning aniq maqsad va chegaralarini belgilash, byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish – biznes va ishbilarmonlik muhitini yaxshilashning muhim omillaridan hisoblanadi.
Bugungi kunda tadbirkorlikni tartibga soluvchi 6 mingdan ortiq meʼyoriy-huquqiy va 40 mingta texnik hujjatlar mavjud. Ulardagi mavjud ayrim eski talablar biznesni rivojlantirish, yangi mahsulotlar, texnologiyalar va xizmatlarni joriy etishni qiyinlashtirmoqda.
Tadbirkorlarning asosiy faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan, masalan oziq-ovqat, umumiy ovqatlanish, qurilish va boshqa sohalarda ikkilamchi talablarning koʻpligi tadbirkorlarning oʻz faoliyatini rivojlantirishiga toʻsqinlik qilmoqda.
Mazkur toʻsiqlarni bartaraf qilish, biznes uchun qoʻyilgan talablarni tizimlashtirish maqsadida 2022-yil 9-noyabrdagi PF–244-son Prezident Farmonida tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona reyestrini joriy qilish belgilangan.
Elektron reyestrga tadbirkorlik faoliyatini tartibga solish vositalari boʻyicha oʻrnatilgan barcha talablar, ularning muddatlari, moliyaviy xarajatlar, muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar, nazorat qiluvchi organlar, tekshiruv shakllari hamda javobgarlik choralariga oid maʼlumotlar kiritilishi lozim.
Reyestr ikki bosqichda shakllantiriladi, birinchi bosqich – 2023-yilda qurilish, savdo, umumiy ovqatlanish, taʼlim va transport sohalaridagi majburiy talablar reyestrga kiritiladi.
Ikkinchi bosqich – 2024-2025-yillarda barcha sohalardagi majburiy talablar reyestrga kiritilib 2025-yil 1-iyuldan toʻliq ishga tushiriladi.
Har bir majburiy talabning dolzarbligi tanqidiy tahlil qilinib tartibga solish taʼsiri baholashdan oʻtkaziladi hamda ularning soni qisqartiriladi.
Reyestrga kiritilmagan talablar boʻyicha tadbirkorga nisbatan javobgarlik belgilanmaydi.
Joriy yilning 13-iyunida Adliya vazirligida tashkil qilingan “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarning yagona elektron reyestridagi maʼlumotlarni shakllantirish” mavzusidagi oʻquv seminarda yuqoridagilar muhokama qilindi.
Oʻquv seminarda sohaga masʼul 15 ta vazirlik idoralarning xodimlari va mutaxassislar ishtirok etishdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring