Tadbirkorlik — iqtisodiy taraqqiyot mezoni, aholi turmush farovonligining kafolati. Aslida-chi?

10:50 25 Sentyabr 2020 Siyosat
2297 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida 24-sentyabr kuni hududlarda tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar muhokamasi yuzasidan oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishidan keyingi oʻylar...

Oʻrgangan koʻngil, oʻrtansa qoʻymas-mi? Xalqimizning ushbu dono naqli kishini bir qadar mulohazaga undashi tabiiy. Nazarimda, jamiyatimizda qandaydir beparvolik paydo boʻlayotganday, odamlar taqdiriga masʼul mutasaddilarda sekin-asta daxldorlik hissini idrok etish susayib borayotgandek....Tadbirkorlikni ravnaq toptirishga panja orasidan qarash, byurokratik kayfiyat qon-qoniga singib ketganlarning hali oramizda uchrab turgani joylarda haqli eʼtirozlarga sabab boʻlmoqda. Shunga oʻrganib qolishganmi? Tushunmaysiz.

Prezidentimiz, biz endi milliy tiklanishdan milliy yuksalish sari odimlayapmiz. Mamlakatimiz 3-renessans ostonasiga qadam qoʻydi, deya yurtdoshlarimizni hayotga boʻlgan ishonchini oshirayotgan, ularning orzu-umidlari roʻyobini taʼminlashda ilgʻor gʻoyalarni ilgari surib, barchaga ibrat boʻlayotgan bir paytda Oʻzbekistonimizdagi yangi oʻzgarishlarga befarq qarab turish nimadan dalolat?Vaqt — oliy hakam. Mamlakatimiz yillar davomida uning sinovlaridan utib bugun ulkan yutuqlarni kulga kiritayotganiga guvohmiz. Vaqt ishtirok etmagan jarayonning esa oʻzi yuk. Vaqting ketdi, baxting ketdi. Bu maqol, ayniqsa kichik biznesga qoʻl urgan, tadbirkorlikni kasb qilgan hamyurtlarimizning koʻnglidagi gap. Lekin, ularni davlat rahbari qanchalar qoʻllab-quvvatlamasin, talay toʻsiqlar qanotlarini sindirib qoʻyayotgani ham haqiqat.

Videoselektorda davlatimiz rahbari achchiq haqiqatni oʻrtaga tashladi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 1-maydagi qaroriga asosan, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni reyting baholash tizimi joriy etilgan edi. Shunga muvofiq, birinchi marta tuman va shaharlardagi iqtisodiy koʻrsatkichlar, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash muhiti, infratuzilma va mavjud resurslardan foydalanish darajasi oʻrganildi. Tahlillar asosida ulardagi tadbirkorlik rivoji holati “yaxshi”, “oʻrta” va “qoniqarsiz” hududlarga ajratildi. Xususan, 48 ta tuman va shahardagi holat “yaxshi”, 119 tasida “oʻrta” hamda 33 tasida “qoniqarsiz” deb topilgan.

Raqamlar izoh talab qilmaydi. Atigi 48 ta tuman va shaharda ahvol yaxshi. Nega aksincha emas? Masalan, berilgan shuncha imkoniyat, Farmon qarorlar ijrosi oʻlaroq, 119 tada holat zoʻr emas? 33 tani qoʻyavering. Hali bular qachon oʻziga keladi, qachon otini qamchilaydi, bunisi qorongʻu. Har holda topshiriqlar berildi... Juda qiziq vaziyat, toʻgʻrimasmi? Menimcha, ushbu tumanlar rahbarlarida shijoat, bugun yangilanayotgan Oʻzbekiston taqdiriga befarqlik kayfiyati hukmrondek. Nega tashabbus yoʻq. Tadbirkorlikni rivojlantiraman, deganlarning koʻpchiligi sarson. Bankka boradi-resurs yoʻq, tanish-bilish qiladi, «gaplashiladi» mablagʻ bor. Saylovchilarning deputatlarga qilayotgan asosiy murojaatlari mana shu muammolar bilan bogʻliq. Banklar esa, tadbirkorga kredit ajratish oʻrniga, har kun televizorda turli lotoreyalar oʻyinida gʻoliblarga mashina tarqatish bilan mashgʻul...

Axir, Prezident sohani rivojlantirishga bosh-qosh boʻlyapti, imtiyozlar beryapti. Shu holatda ham odamlar intilyapti. Yoʻlini ochishga yordam bering, janob korchalonlar! Davlat rahbarining tashqi siyosatdagi tashvishlari ham bisyor. Buni kechagina BMT da soʻzlangan nutqda koʻrdik, yana bir bor. Ichki vaziyatda masʼuliyatni his etishni oʻrganaylik. Zero bu Oʻzbekiston, shu xalq oʻzimizniki. Biz bitta millat, bir xalqmiz.

Keyingi toʻrt yildagi keskin oʻzgarishlarni qarang. Sahrolarda oʻnlab korxonalar, klasterlar, kecha paxta chopigʻida qoʻllari qavarib yurgan, oftob sillasini quritgan xotin-qizlar uchun bugun chekka hududlarda ham barpo etilayotgan bir chogʻda vaqtni boy bermagan maʼqul. Xalqni qoʻllasangiz, yurt farovonlikka yuz tutadi, odamlar rozi boʻladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev aytganlaridek, odamlar ertaga emas, bugun yaxshi yashashlari kerak. Shu shiorni hayotda oʻz ifodasini topishida madadkor boʻlish haqiqiy fidoyilikdir.

Unutmaylik, toshdan gul undurguvchi xalqimiz bor.

Navroʻz Rizayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzLiDeP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер