Suvdagi xazina
“Har kuni tonggi soat 4:00 da uyqudan uygʻonaman va oʻzimga-oʻzim savol beraman: kecha ishim qanday boʻldi, sermazmun oʻtdimi, rejalashtirgan barcha yumushni bajara oldimmi? Amalga oshirolmagan boʻlsam, nima uchun bunday boʻldi, degan savollarimga javob qidiraman. Aslida har bir inson mana shunday mushohada yuritib turishi kerak, oʻshanda ishi oldinga siljishi shubhasiz”.
Bir qarashda buni kuchga toʻla, shijoatli yosh bir ishbilarmonning fikri, deb oʻylashingiz turgan gap. Ammo faoliyati haqida quyida soʻz yuritmoqchi boʻlganimiz — Toshkent viloyatilik fermer Mamatqul ota Salomov 83 yoshga kirgan boʻlsa-da, hali-hamon yoshlardek shijoati baland, ruhi tetik, vujudi gʻayratli, ishning koʻzini biladigan tadbirkorlardan, desak, aslo mubolagʻa emas.
Qariyb yigirma yildan buyon fermerlikning, asosan, paxta va gʻalla yoʻnalishi bilan shugʻullanib kelayotgan Mamatqul ota “Toshkent dengizi” qirgʻoqlarida baliqchilik tarmogʻini ham yoʻlga qoʻyib kam boʻlgani yoʻq. Ushbu fermer katta daromad topib, nafaqat oilasi yoki davlatga foyda keltiryapti, balki isteʼmol bozoriga parhez goʻsht yetkazib berish bilan birga, koʻpchilikni ish bilan taʼminlamoqda.
Nega aynan baliqchilik? Sababi oddiy: birinchidan, baliq goʻshti inson salomatligi uchun koni foyda. Ikkinchidan, yaqingacha baliqchilik unut boʻlayotgan tarmoqlardan biriga aylangan va buni qayta tiklash zarurati paydo boʻlgan edi. Shu bois keyingi uch yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan koʻplab sohalar qatori, baliqchilik ham izchil rivojlantirilyapti. Bugun ushbu yoʻnalish bilan shugʻullanaman, degan insonlar uchun barcha eshik ochiq. Baliqchilik korxonalarini zarur texnika vositalari hamda ozuqa bilan taʼminlash choralari koʻrilayotgani, koʻl va suv havzalarining tadbirkorlarga uzoq muddatga ijaraga berilishi, imtiyozli shartlar asosida lizing va kreditlar ajratilishi tufayli baliqchilik xoʻjaliklari koʻpayib, shifobaxsh mahsulot yetishtirish hajmi oshmoqda.
— Prezidentimiz tomonidan imzolanayotgan hujjatlarning barchasi bilan tanishib boraman, — deydi Mamatqul Salomov. — 2018-yili 7-noyabrdagi baliqchilikni rivojlantirish boʻyicha qabul qilingan qarordagi imtiyozlar menga juda maʼqul tushib, shu soha bilan shugʻullanish istagi paydo boʻldi. Qolaversa, Yaratgan egam inʼom etgan neʼmatlar koʻp — quyoshli kunlar, tabiiy suv havzalari, moʻtadil iqlim, barcha qulaylik mavjud boʻlgan, davlatimiz tomonidan tadbirkorlar har jihatdan qoʻllab-quvvatlab turilgan bir paytda, bunday keng imkoniyatlardan nima uchun foydalanmaslik kerak?!
Xullas, soha rivojini koʻzlab qabul qilinayotgan Prezident qarorlarida shu qadar koʻp imtiyoz va imkoniyatlar berilmoqdaki, pirovardida Mamatqul otadek xalqqa foydasi tegadigan, baliqchilikni yangi bosqichga koʻtaradigan fermerlaru ishbilarmonlar kashf etilyapti. Koʻpchilikda baliqchilikka qiziqish va ishtiyoq uygʻonmoqda, desak, adashmaymiz.
Baliq — yetti xazinaning biri. Maʼlumotlarga koʻra, respublikamizda ellikdan ortiq, shundan Toshkent viloyatida uchta katta koʻl mavjud boʻlib, “Toshkent dengizi” — ana shulardan biri. Undagi 250 million kubometr suv togʻu toshlarga urilib, oqib kelgani bois toʻyingan, tabiiy minerallarga boy hisoblanadi. Ushbu koʻlning suvi nafaqat baliqlar semirishiga, balki kasallikka chalinmasligiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatar ekan.
Shularni inobatga olgan fermer “Toshkent dengizi” sohillarida baliqchilik faoliyatini yoʻlga qoʻyish maqsadida puxta va istiqbolli reja ishlab chiqadi hamda tijorat banki tomonidan dastlab 3-4 milliard atrofida kredit olib, katta suv maydoniga ega xoʻjalikda baliq boqish uchun zarur sharoitlar yarata boshladi.
— Baliqchilikka oid kitoblarni, tavsiyalarni koʻp oʻqidim, — deydi fermer. — Boshlanishiga oʻnta 5x5 metrlik qafas (sadok) qurib, 2018-yili 50 tonna sazan baligʻi yetishtirdik. Hisob-kitob qilib qarasam, daromad yomon emas. Odamlar ham ish bilan taʼminlanyapti. Soʻngra tarmoqni yana-da kengaytirish uchun oʻtgan yili yana 5 milliard soʻm kredit olib, qoʻshimcha 25 ta qafas qurdik va oʻtgan yili 150 tonna baliq yetishtirib, aholi dasturxoniga yetkazib berdik. Joriy yilda olingan 8 milliard soʻm kredit evaziga jami qafas qurilmalar sonini 88 taga yetkazdik. Bu 18 ming kub metr suvda baliq boqish va natijada 500 tonna baliq yetishtirish imkonini beradi. Moʻljalimiz ham shunday. Olingan kreditlarning 10 milliard soʻmini qaytarishga ham ulgurdik. Buning uchun kechayu kunduz izlanishda, harakatda boʻlish, asosiysi, ishni toʻgʻri tashkil qilish kerak, deb oʻylayman.
Koʻp tarmoqli fermer deya nom qozongan Mamatqul ota chindan ham baliq yetishtirish sir-asrorlarini puxta oʻzlashtirgan. Shunday boʻlsa-da, hozirgi kunga qadar izlanishdan, yangilik yaratishdan bir zum toʻxtamaydi, charchamaydi...
Oʻziga xos hayotiy laboratoriya
Mamatqul Salomovning aytishicha, intensiv usulda baliq yetishtirish, bu — zamon talabi. Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, 100 grammli chavoq intensiv usulda boqilsa, 2,5-3 kilogrammgacha goʻsht beradi.
Sadoklarni qurishda ham ayrim jihatlarga eʼtibor qaratish zarur. Yaʼni qafas toʻrining uzunligi 5 metr boʻladigan boʻlsa, uning yarim metri yuqoriga chiqib turadi, eng quyi tomonidan yana ikki metrcha joy qolishi kerak. Chunki baliq yegan ovqatining bir qismi axlat boʻlib chiqadi, u zaharli. Shu bois suv hidlanmasligi uchun axlat quyiga tushgach u oqib ketishi uchun sharoit ham yaratish zarur.
— Ham shirin, ham semiz baliqlar yetishtirish uchun nimalarga eʼtibor berish talab etiladi? Eng avvalo, baliqqa suv, kislorod, kasallikka qarshi kurashish, ovqatni oʻz vaqtida berish talab qilinishini yodda tutish shart, — deydi fermer. — Yana bir qiziq tajriba, baliqlar yegan ovqatini 3 soatda hazm qiladi. Demak, ularga bir kecha-kunduzda 8-marta ovqat berish kerak. Baliq qancha harakatda boʻlsa, shuncha ishtahasi ochilib, ozuqani koʻp yeydi va natijada semiradi. Shuningdek, baliqlarga yorugʻlik ham suv va havodek zarur. Aytaylik, kunduzi shundogʻam yorugʻ, ammo kechasi-chi? Buning uchun maxsus nimstansiya qurib, elektr energiyasi tortib bordik. Har bir qafas qurilmasining ustiga yoritqichli chiroqlar oʻrnatdik.
Fermerning aytishicha, baliqlar chalinishi mumkin boʻlgan oʻnga yaqin kasallik turlari bor ekan. Ular kasal boʻlmasligi uchun 6-7 xil vitamin, ozuqa hazm boʻlishini taʼminlaydigan mikroelementlar ham zarur.
Hisob-kitoblarga koʻra, avvaliga baliqning 1 kilo vazn toʻplashi uchun 7 kilogramm ozuqa sarflangan boʻlsa, olib borilgan izlanishlar natijasida bu koʻrsatkich keyinchalik 5 kiloga, oʻtgan yili 3 kiloga tushirildi. Buni yana kamaytirish imkoni mavjud. Yaʼni ozuqa tarkibi boyitilgan sari baliqning vazni ortib, xarajat esa kamayadi, hosildorlik ortib boraveradi.
Xullas, bu borada ham Mamatqul akaning oʻz laboratoriyasi, oʻz hayotiy tajribasi bor. Maʼlum boʻlishicha, fermer baliq ozuqasining qaysi biri yuqori hosildorlikka olib kelishini bilish uchun dastlab uchta sadokda tajriba oʻtkazadi. Har uchalasidagi baliqlarga turli xil tarkibdagi ozuqalardan beradi. Tajriba 7 kun davom etadi. Soʻngra baliqlar taroziga solinadi. Tabiiyki, vaznlarda tafovut boʻladi va qaysi ozuqa baliqlarni tez semirtirishi mumkinligi aniqlanadi. Aytganimizdek, bu — fermerning oʻziga xos tajribasi, hayotiy laboratoriyasi.
Fermerning fikricha, baliqni oziqlantirish maqsadida suvga yem tashlaganda u suvda choʻkib ketmasligi kerak. Qarangki, tinib-tinchimas otaxon buning ham yoʻlini topdi. Xitoydan olib kelingan maxsus texnologiya bu borada qoʻl keldi.
Fermer tajribasiga asoslanib aytadigan boʻlsak, baliqning semirishi yoki semirmasligi yana bir qator omillarga bogʻliq. Gap shundaki, suvga tashlangan yemning asosiy qismini dastlab baliqlarning kuchlilari yeb qoʻyadi. Xoʻsh, buning uchun nima qilish kerak?
Shunday yoʻl tutish kerakki, hamma baliq ovqat yesin. Buning uchun baliqlarga berilishi kerak boʻlgan ozuqaning hammasini birdaniga suvga tashlash kerak emas. Aniqroq aytadigan boʻlsak, ovqatni 2-3-marta boʻlib-boʻlib berish zarur. Shu yoʻl bilan ularning hammasini bir xilda toʻydirish mumkin boʻladi.
Taʼkidlash kerakki, bugungi kunda Mamatqul ota tashkil etgan baliqchilik xoʻjaligida ish uch smenada tashkil etilgan. Har bir smenada baliqlarga faqat ovqat berish uchun 18 odam harakatda boʻladi. Ishchilar uchun hamma sharoit yaratilgan. Fermerning shiori: ish yaxshi ketishi uchun, birinchi navbatda, sharoit yaratish kerak.
— Yana bir nozik masala shundaki, — deydi Mamatqul ota suhbatimizni davom ettirib, — agar harorat 28 — 30 darajadan oshib ketsa, baliqlar pastga shoʻngʻiydi va natijada ovqat yemay qoʻyadi. Bizda esa ayrim paytlarda 40 daraja issiq boʻlishi tabiiy. Har bir sadok qurilmasining ustini maxsus toʻr bilan berkitish orqali havo haroratini moʻtadil saqlash mumkin. Bundan tashqari, bizning havzalar atrofiga 1 metru 30 santimetrlik toʻsinlar qoʻyib chiqilgan. Bu nima uchun desangiz, sababi, bahor oylarida kuchli shamol turib suvni toʻlqinlantirib yuborsa, baliqlar qochib ketishi, sarflagan mablagʻingiz, mehnatingiz yoʻqqa chiqishi mumkin. Bu toʻsiqlar esa buning oldini olishga xizmat qiladi.
Fermerni qiynayotgan muammo va rejalar
Baliqchilik oʻz-oʻzidan boʻladigan ish emas. Buning uchun katta tajriba, izlanish va albatta, soha boʻyicha zarur koʻnikmaga, bilimga ega boʻlish kerak. Zero, baliqchilikni beilm yoki innovatsiyalarsiz rivojlantirib boʻlmaydi.
Mamatqul Salomovning tadqiqotlariga tayangan holda aytadigan boʻlsak, sazan baligʻining yurti — Vengriya davlati boʻlib, uning 45 turi bor ekan. Oʻzbekistonda esa sazanning 7 xili yetishtiriladi.
— Sazanning shuncha turi boʻlsa, uning qaysi zotini oʻzimizga olib kelib boqish mumkinligi haqida oʻylay boshladim, — deydi fermer. — Baliq naslchiligi, seleksiya ishlari bilan ham shugʻullanadigan payt keldi, nazarimda. Oddiy misol: zotdor sigirlar koʻp sut berganidek, baliqning ham mahsuldor va goʻshti shirin, kasalliklarga chidamli turini qidirdim. Xorijda bitta ana shunday naslli sazan ona baliq 500 dollar turar ekan. Agar bitta ona baliqni olib kelib uni koʻpaytirsak, har bir chavoq kelgusida 5-6 kilogramm parhez goʻsht berishi mumkin.
Bu yerda yana bir masala, yaʼni baliq uchun ozuqa-yem yetishtirish koʻndalang turadi. Hisoblab chiqsam, hozir bugʻdoy narxi 2,5 ming soʻm. Bir kilo baliqning tannarxi esa oʻrtacha 25 mingga yetadi. Buning asosiy qismi, yaʼni 70 — 75 foizi ozuqa-yemiga ketib, mahsulot narxi oshib ketishiga sabab boʻladi. Agar biz, fermerlar zarur ozuqa mahsulotlarini ekin maydonlarimizda oʻzimiz yetishtirsak, qayta ishlasak, baliq narxi ikki barobar arzonlashadi.
Bu hali hammasi emas. Chavoq, degan tushuncha bor. Uni shundoq olib kelib suv havzasiga, yaʼni maxsus qurilgan sadokka tashlasangiz, toʻrdan chiqib ketadi. Boisi chavoqlar juda kichkina boʻladi. Qachonki chavoq hajmi 100 grammdan oshsagina, keyin qafasli qurilmaga solish mumkin. Buning uchun nima qilish kerak?
— Buning uchun, avvalo, chavoqni kattalashtirib olguncha koʻlda boqish lozim. Misol uchun, ming tonna baliq yetishtirish uchun 3-4 gektar yer maydoni yetarli. Bu borada mahalliy hokimiyatga murojaat qilyapmiz, agarda bizga mana shu masalani hal qilishga amaliy yordam berishsa, baliqning tannarxi yana-da pasayadi, — deydi fermer.
Yana bir muhim masala, bu — yetishtirilgan mahsulotlarga xaridor topish, yaʼni bozorini topa bilish. Tayyor mahsulotni sota bilish ham biznesning asosiy shartlaridan.

— Aholining baliq mahsulotlariga boʻlgan talabini toʻla taʼminlash, bozorlarda baliq narxi sunʼiy oshib ketishining oldini olishga eʼtibor qaratish ham dolzarb masalalardan,— deydi M. Salomov. — Masalan, har bir mahsulotning ulgurji savdosi uchun bozorlar mavjud. Dehqonchasiga aytganda, olib-sotarlar birinchi qoʻldan olib, ustiga oʻz foydasini qoʻyib ikkinchi qoʻlga oʻtkazadi. Ikkinchisi uchinchisiga, xullas, jarayon shunday davom etaveradi. Oqibatda mahsulot oddiy xalqqa yetib borgunicha narxi oshib ketadi. Buning uchun baliqlarni tirik va sifatli saqlab turish maqsadida barcha bozorda, aholi gavjum joylarda alohida nuqtalarni tashkil qilish lozim. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan oziq-ovqat mahsulotlarining kunlik isteʼmol meʼyorlariga binoan inson organizmi sogʻlom rivojlanishi uchun yil davomida 8 — 10 kilogramm baliq mahsuloti isteʼmol qilinishi zarur. Demak, bu mahsulotning inson organizmiga foydasi juda katta boʻlgan vitaminlarga boyligini inobatga olib, bolalar bogʻchalari, shifoxonalar, sanatoriylarga ham yetkazib berish tizimini yoʻlga qoʻyish joiz. Uni sotuvga, zarur ijtimoiy obyektlarga yetkazib borish uchun maxsus idishlarga solib, kislorod bilan taʼminlash zarur. Shunda baliq bir oygacha bemalol yashaydi.
Fermerning fikricha, baliqchilikni rivojlantirishda yana bir ogʻriqli jihat, mazkur sohada katta yutuqlarga erishgan insonlar tajribasini ommalashtirish masalasi oqsab turibdi.
— Bir misol. Ikki yil muqaddam xoʻjaligimiz va Toshkent davlat agrar universitetining baliqchilikka ixtisoslashtirilgan fakulteti oʻrtasida shartnoma tuzilgan edi, — deydi M. Salomov. — Unga koʻra, talabalar xoʻjaligimizda boʻlib, amaliyot oʻtashi belgilangan. Ammo taʼlim muassasasi rahbariyati, professor-oʻqituvchilari ham jim. Axir navbat bilan 10 — 15 talaba kelib, baliqlar qurshovida jonli amaliyot oʻtasa, nur ustiga aʼlo nur-ku. Qolaversa, professorlar ishtirokida respublikamizning barcha hududidan baliqchilik bilan shugʻullanayotgan va shugʻullanish istagida boʻlganlarni taklif qilib, xoʻjaligimizda amalga oshirilayotgan ishlarni koʻrsatsak, maʼruzalar oʻqib, savol-javoblar qilsak, baliqchilik sir-asrorlarini joyida tushuntirsak ham natijasi boshqacha boʻlardi.
Faqat oʻzini emas, balki el-yurt manfaatini, soha rivojini oʻylagan har qanday odamning, xususan, tadbirkoru fermerlarning ishida unum, oilasida fayzu baraka boʻladi. Chunki bunday insonlar faoliyati, istiqbolli loyihalari, albatta, davlatimiz tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanishiga ishonamiz.
Darvoqe, yana bir yangilik. Koʻp tarmoqli fermer nomiga erishgan otaxon Mamatqul Salomov paxta, gʻalla, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, chorvachilik, baliqchilik faoliyati bilan bir qatorda, yaqinda shinamgina restoran faoliyatini ham yoʻlga qoʻydi.
Poytaxtimizda joylashgan ushbu taom markazi bunyod etilishi sabab tashlandiq yer obod maskanga aylantirildi. Ayni paytda shu yerning oʻzida tashkil qilingan beshta maxsus sunʼiy hovuzchalarda fermer xoʻjaligida yetishtirilayotgan 5 turdagi tirik baliqlar olib kelinib, aholiga arzon narxlarda sotilmoqda. Mijozlarning talabiga koʻra, baliqlardan turli taomlar pishirib berilyapti. Bu ham yana bir qulaylik, albatta. Natijada 25 nafar yosh ishli boʻldi. Bu hali hammasi emas. Fermerning kelgusida baliqchilik klasteri tashkil qilish niyati ham bor.
Yetti xazinaning biri boʻlgan baliqchilikni yana-da rivojlantirish uchun mamlakatimizda suv havzalari resurslari ham, ishonchli va ilmiy asoslangan loyihalar ham yetarli. Biz ulardan yana-da samarali foydalanish choralarini koʻrayotgan insonlardan biri — 83 yoshli fermer Mamatqul ota Salomovning faoliyati haqida qisqacha soʻz yuritdik. Va amin boʻldikki, uning yigitlarga xos gʻayrat-shijoati, yangiliklarga intilishi, yaratuvchanligi, ish tajribasini yoshlarga ibrat qilib koʻrsatishga arziydi.
Maqolani yakunlash chogʻida ushbu naql beixtiyor xayolimizdan oʻtdi: “Odamlarga baliq emas, qoʻliga qarmoq berib, baliq tutishni oʻrgatish kerak”. Bu iboraning magʻzini chaqish, mushohada qilish esa har kimning oʻziga havola...
Rahim ShERQULOV (“Xalq soʻzi”).
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring