Suv tejovchi texnologiyalar: ilm-fan yutuqlari va innovatsion gʻoyalar uygʻunligi
Foto: “Xalq soʻzi”
Ayni paytda suv resurslari taqchilligi muammosi nafaqat Oʻzbekistonda, balki butun dunyoda tobora dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Bu esa, oʻz navbatida, sohaga ilm-fan yutuqlari va innovatsion gʻoya va texnologiyalarni keng joriy etishni taqozo etayotgani ayni haqiqatdir.
Xususan, yurtimizda ham resurslar hajmini oshirish imkoniyati cheklanganligi bois mavjud suv zaxiralaridan imkon qadar samarali foydalanish doimiy eʼtiborda. Bu borada zamonaviy suv tejamkor texnologiyalardan foydalanish muammoga munosib yechim boʻlayotir.
Suv xoʻjaligi vazirligi tomonidan Jizzax viloyatida oʻtkazilgan press-turda yangi texnologiyalarning qoʻllanishi joylarda qanday natija berayotgani oʻrganildi.
Jizzax viloyatining Zomin tumanida joylashgan “Jizzax organik” chorvachilik klasterida 1200 gektar makkajoʻxori hamda beda ekin maydonlari yomgʻirlatib sugʻorish texnikasi yordamida “CENTER PIVOT” usulida sugʻorilmoqda. Zamonaviy texnika yordamida 3 kunda 500-600 gektar yer maydonini sugʻorish imkoniyati mavjud.
Zamonaviy 50 metrli “CENTER PIVOT” texnikasi AQSHdan olib kelingan boʻlib, u oldinga va orqa harakatlanib sugʻorish imkoniyatiga ega. Yangi texnika orqali beda, makkajoʻxori, koʻkatlar, gʻalla kabi oʻsimliklar maydonlarini qisqa fursatda ham samarali sugʻorish mumkin.
— Bu suv ombori suvni tejash maqsadida qurilgan. Unga 300 ming metr kub suv ketadi va 600 gektar yerni sugʻorishga moʻljallangan zaxira jamlanadi, — deydi DEM 2/1 kanali rahbari Islombek Xolmurodov. — Avvallari 1 gektar yerga 900 litr suv sarflangan boʻlsa, yomgʻirlatib sugʻorishda 100-150 litr suv ishlatilmoqda. Suv omborini kanaldan toʻldiramiz. Kanaldan tashqari, yer tubidan chiqadigan suv orqali ham uni toʻldirish imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, Zomin tumanida joylashgan “Meva-sabzavot” MCHJda 2018-yildan beri tomchilatib sugʻorish joriy etilgan. Tomchilatib sugʻorishdan asosiy maqsad suvni tejash hamda ozuqaviy mahsulotlarni suv bilan birgalikda oʻsimliklarga toʻgʻridan toʻgʻri yetkazishdan iboratdir.
“Meva-sabzavot” MCHJ tasarrufida 120 gektar yer maydoni boʻlib, 5 navli olma koʻchatlari oʻtqazilgan. Bu texnologiya Oʻzbekiston—Turkiya hamkorligida amalga oshirilgan va shu orqali bogʻdagi barcha mevalarni har kuni ikki soatdan sugʻorish imkoniyati bor. Har bir olma koʻchati bir sugʻorishda 2 litrdan suv ichadi. Samarali texnologiya orqali sugʻorilgan koʻchatlar 5 yilda hosilga kiradi.
Hozirda tomchilatib sugʻorish usuli oʻzining yuqori samaradorligi, yaʼni suv resurslari yetishmasligi sharoitida kam suv sarflab barqaror yuqori hosil olishga imkon berishi bilan ahamiyatlidir. Ekinlarga ishlov berish va sugʻorish ishlarida qoʻl mehnatini kamaytirish hamda sugʻorishni avtomatlashtirish imkoniyatining yuqoriligi sababli ham tomchilatib sugʻorish usuli butun dunyoda kundan kunga kengroq maydonlarga tatbiq qilinmoqda.
— Oʻtgan yili gektaridan 18 tonnadan hosil oldik. Bu joylarda tabiiy sharoitda suv keltirilishi qiyin boʻlgani tufayli tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda bogʻda 50 nafar mahalliy aholi vakillari ish bilan taʼminlangan boʻlib, qurilgandan beri tomchilatib sugʻorish asosida ishlab kelmoqdamiz, — deydi MCHJ bosh agronomi Ulugʻbek Mamatqulov.
Taʼkidlash kerakki, qishloq xoʻjalik ekinlarini egatlab sugʻorishda ekin maydonining bir tekisda talab darajasida namlanmasligi hamda sugʻorishda suv sarfining bir necha barobargacha ortishiga olib keladi. Sugʻorish suvidan foydalanish samaradorligi pasayib, suv va tuproq eroziyasini yuzaga keltiradi, sizot suvlar sathining koʻtarilishi natijasida tuproqda ikkilamchi shoʻrlanishning yuzaga kelishi, meliorativ holatning yomonlashishi, qishloq xoʻjalik ekinlarini yetishtirishda sarflanayotgan umumiy suv isteʼmolining ortishi hamda sugʻorishda foydalanilgan suv resurslaridan mahsulot yetishtirish miqdoriga bevosita taʼsir koʻrsatadi.
Umuman olganda, suv xoʻjaligi tizimida joriy etilgan bunday texnologiyalar suv isrofgarchiligining oldini olishda gʻoyatda samarali va foydalidir. Shuning uchun ham ushbu turdagi texnologiyalar yildan yilga suv meʼyori tanqislashib borishining oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan loyiha hisoblanadi.
Ayni jarayonda Jizzax viloyatining 35-40 foiz hududlarida tomchilatib, yomgʻirlatib, diskrept sugʻorish hamda lazer yordamida tekislab sugʻorish texnologiyalari joriy etilgan.
Innovatsion texnologiyalardan foydalanish koʻlamini kengaytirib borishda davlatimiz tomonidan qishloq xoʻjaligining istiqbolli tarmoqlariga koʻrsatilayotgani xalqaro moliyaviy yordam, imtiyozli kredit va subsidiyalar ajratish amaliyoti juda ham qoʻl kelmoqda.
Akram Xamraqulov, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring