Surxondaryolik Mehriddin BRIKSda oltin medal oldi

20:22 20 Iyun 2024 Jamiyat
286 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Shu kunlarda Rossiyaning Qozon shahri VI BRIKS oʻyinlariga mezbonlik qilmoqda. Jami, 90 ta jamoa 30 ga yaqin sport turi boʻyicha 387 ta medallar shodasi uchun bellashayotgan mazkur nufuzli musobaqada Oʻzbekiston delegatsiyasi 23 ta sport turida 249 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda.

Eʼtiborlisi, musobaqada qatnashayotgan mamlakatimiz sport delegatsiyasi safida surxondaryolik Mehriddin Toʻraxonov ham bor. U musobaqada karate WKF sport turi boʻyicha 60 kg vazn toifasida oltin medalga sazovor boʻldi.

Viloyatda sportning yakkakurash turlariga qiziquvchilar koʻp. Ayniqsa, yoshlar orasida karate WKF boʻyicha muntazam shugʻullanib, professional sportchi boʻlish istagidagilar soni kundan-kunga ortib bormoqda. Davlatimiz rahbarining 2023-yil 3-noyabrdagi “Karate (WKF) sport turini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, Oʻzbekiston karate (WKF) assotsiatsiyasi tashkil qilingani katta imkoniyatlar eshigini ochdi.

Mehriddinning BRIKS oʻyinlaridagi zafari buni yana bir karra isbotladi. Uning yutugʻi murabbiylari qatorida ota-onasini ham benihoya mamnun etdi.

— Davlat bayrogʻi koʻtarilib, Madhiya yangrayotganda qalbimda faxr-iftixor tuygʻusi uygʻonadi. Oʻgʻlim ringga koʻtarilganda doim koʻzimga quvonch yoshlari keladi, — deydi Mehriddinning otasi. — Uni 5 yoshidan sport toʻgaraklariga olib borganmiz. Sportning shu turi boʻyicha eng yuksak marralarga erishganidan xursandman.

Darhaqiqat, Mehriddin Toʻraxonov karate WKFda oʻz vazn toifasida dunyoda birinchi boʻlishni maqsad qilgan. U ayni paytda Termiz davlat pedagogika institutining Jismoniy madaniyat boʻlimida tahsil olmoqda.

Taʼkidlash kerakki, karate WKF dunyoning eng nufuzli sport musobaqalari hisoblangan Olimpiada va Osiyo oʻyinlari dasturiga kiritilgan.

Eslatib oʻtamiz, 12-23-iyun kunlari boʻlib oʻtishi rejalashtirilgan VI BRIKS oʻyinlarining yettinchi kundan soʻng Oʻzbekiston delegatsiyasi 4 ta oltin, 13 ta kumush va 21 ta bronza medallari bilan Rossiya, Belarus va Xitoy jamoalaridan soʻng umumjamoa hisobida toʻrtinchi oʻringa koʻtarildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер