Surxondaryoda suv tarmogʻi qurilishining ikkinchi bosqichi boshlandi

17:50 11 Aprel 2025 Jamiyat
497 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimizning 2021-yil 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatiga tashrifida ilgari surilgan tashabbus doirasida “Toʻpalang” suv omboridan Termiz shahrigacha boʻlgan qariyb 382 kilometr uzunlikdagi magistral ichimlik suvi tarmogʻi qurilishi amalga oshirilmoqda.

Ushbu yirik infratuzilmaviy loyiha orqali Sariosiyo, Denov, Oltinsoy, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Termiz, Bandixon, Qiziriq, Angor, Muzrabot va Sherobod tumanlari, shuningdek, Termiz shahrida istiqomat qiluvchi aholi toza ichimlik suvi bilan taʼminlanishi rejalashtirilgan.

Surxondaryo viloyati hokimligi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari Achilboy Ramatov Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurib, loyiha doirasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tashrif doirasida Termiz va Bandixon tumanlarida nuroniylar, faollar va jamoatchilik vakillari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.

Tadbirda Surxondaryo viloyati hokimi U. Qosimov, “Oʻzbekgidroenergo” AJ boshqaruvi raisi A. Sanginov, tegishli vazirlik va idoralar masʼullari, loyiha ijrochilari, muhandis-quruvchilar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Uchrashuvdan soʻng loyihaning ikkinchi bosqichi doirasida Termiz tumanida 28,6 kilometr va Bandixon tumanida 2,3 kilometr uzunlikdagi ichki metall hamda 9,4 kilometr magistral suv quvuri tarmogʻi qurilishiga start berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер