Surxondaryoda noqonuniy ov qilgan shaxs tabiatga 11,5 mln soʻm zarar yetkazdi
Foto: Surxondaryo Ekologiya boshqarmasi
Surxondaryo viloyatida ikki bosh yovvoyi toʻngʻiz noqonuniy ravishda ovlanishi oqibatida tabiatga 11,5 million soʻm zarar yetkazildi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Bildirilishicha, kecha, 4-may kuni Muzrabot tumanining “Yangi diyor” mahallasi hududidagi “Sholipoya” massivida viloyat Ekologiya boshqarmasi, Milliy gvardiya, Davlat xavfsizlik xizmati chegara qoʻshinlari va jamoatchi inspektorlar hamkorligida reyd oʻtkazilgan. Tadbir davomida ikki bosh yovvoyi toʻngʻiz noqonuniy ravishda ovlangani aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur holat Termiz shahrida yashovchi fuqaro Sh.D. tomonidan sodir etilgan. Holat yuzasidan huquqiy hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda sudga yuborish uchun tayyorlanmoqda. Hozirda fuqaroga nisbatan qonuniy tartibda choralar koʻrilmoqda.
Bildirilishicha, noqonuniy ov natijasida atrof-muhitga 11 million 500 ming soʻm miqdorda zarar yetkazilgan.
Ovlangan hayvonlarning jasadlari Termiz hayvonot bogʻiga topshirilib, veterinariya mutaxassislari tomonidan koʻrikdan oʻtkazilgan. Mutaxassislar xulosasiga koʻra, hayvonlar oʻqotar qurol orqali ovlanib, nobud qilingan.
Sanitariya talablariga muvofiq, jonivorlarning goʻshti hayvonot bogʻidagi yirtqichlar uchun tabiiy ozuqa sifatida berish yoʻli bilan yoʻq qilingan.
Viloyat Ekologiya boshqarmasi fuqarolardan atrof-muhitni asrash, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish borasida hushyorlikni oshirishni soʻrab, bunday qonunbuzarliklarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrilishini taʼkidladi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring