Surxondaryoda chiqindilarni utilizatsiya qilish boʻyicha yirik investitsiya loyihasi boshlandi
Shvetsiya chiqindilarni qayta ishlash va energiyaga aylantirish boʻyicha dunyoda yetakchi mamlakatlardan biri sanaladi. Bu yerda maishiy chiqindilarning asosiy qismi saralanib, qayta ishlanadi, katta ulushi esa maxsus zavodlarda yoqilib, issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarishda qoʻllaniladi. Hatto ayrim yillarda mahalliy quvvat yetishmagani sababli boshqa davlatlardan chiqindi olib kelib qayta ishlash amaliyoti ham qoʻllanilgan.
Yaponiya, xususan, Tokio shahri chiqindilarni yoqish orqali energiya ishlab chiqaradigan zamonaviy majmualari bilan tanilgan. Ular shahar hududiga yaqin joylashgani, kuchli filtrlash tizimlari joriy etilgani hamda ayrimlarida atrof muhit obodonlashtirilgani bilan ajralib turadi. Bu misollar zamonaviy yondashuvda chiqindi muammo emas, aksincha, iqtisodiy resurs sifatida qaralayotganini yaqqol koʻrsatadi.
Ana shunday global tajriba fonida 2024-yil 21-oktyabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev maishiy chiqindilarni qayta ishlash va ulardan energiya ishlab chiqarish loyihalari taqdimoti bilan tanishar ekan, masalaga juda aniq va keskin baho bergan edi:
“Bular shunchaki zavod emas, hayot-mamotimizni hal qiladigan masalalardan biri. Yer-suvlarimizning yaroqliligi ham, aholi salomatligi ham, havo tozaligi-yu energetika barqarorligi ham shu sohaga bogʻliq”.

Davlatimiz rahbarining ushbu fikrlari ekologik va energetik kun tartibidagi eng ogʻriqli muammolarning asl mohiyatini ochib berdi. Bu bejiz emas. Zero, Oʻzbekistonda har yili taxminan 14 million tonna maishiy chiqindi hosil boʻladi. Eng tashvishlisi, ushbu hajmning atigi 4–5 foizi qayta ishlanadi, qolgan qismi esa poligonlarga joylanadi. Natijada chiqindi maydonlaridan millionlab tonna issiqxona gazlari atmosferaga chiqmoqda, minglab tonna zaharli filtrat yer osti suvlariga singib, atrof-muhit va inson salomatligiga jiddiy tahdid solmoqda.
Jahon tajribasi shuni koʻrsatmoqdaki, chiqindini “yuk” deb qabul qilgan davlatlar ekologik bosim ostida qolmoqda, uni resurs sifatida baholagan mamlakatlar esa yangi sanoat tarmoqlari va qoʻshimcha energiya manbalariga ega boʻlmoqda.
Xususan, chiqindilarni yoqish zavodlari qattiq maishiy va sanoat chiqindilarini maxsus pechlarda termal parchalash texnologiyasi asosida qayta ishlaydi. Bu jarayonda hosil boʻlgan issiqlikdan elektr va issiqlik energiyasi ishlab chiqariladi. Eng muhimi, zamonaviy filtrlash tizimlari orqali zararli moddalar nazorat ostida ushlab qolinadi va neytrallashtiriladi.
Shu bois Shvetsiya va Yaponiya kabi rivojlangan davlatlarda bunday majmualar shahar infratuzilmasining ajralmas boʻgʻiniga aylangan. Chunki bu texnologiyalar bir vaqtning oʻzida toʻrtta muhim vazifani bajaradi: chiqindi hajmini qisqartiradi, qoʻshimcha energiya yaratadi, yer resurslarini tejaydi va yangi ish oʻrinlari tashkil etadi. Boshqacha aytganda, kechagi muammo bugungi iqtisodiy imkoniyatga aylantirilgan.
Shu nuqtayi nazardan chiqindi masalasi faqat zavod yoki infratuzilma qurish bilan cheklanib qolmaydi. Buni anglagan holda 2024-yil 26-sentyabrda Prezident farmoni bilan Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Bu sohaga tizimli va uzluksiz yondashuv boshlanganidan dalolatdir.

Agentlik oldiga chiqindilarni toʻplash, saralash, qayta ishlash, zararsizlantirish, yoqish va utilizatsiya qilishning zamonaviy usullarini joriy etish vazifasi qoʻyildi. Bugun “ishlatdik va tashladik” degan eski modeldan voz kechilib, yangi siyosat aniq loyihalarda oʻz ifodasini topmoqda.
Xususan, chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi ishlab chiqaradigan zavodlar qurish loyihalari Andijon, Buxoro, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan, Samarqand, Sirdaryo, Fargʻona, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahrida amalga oshirilmoqda.
Eʼtiborli jihati shundaki, Surxondaryo viloyatida ham shunday yirik investitsiya loyihasiga start berildi. Yaqinda Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi hamda Xitoy Xalq Respublikasining “CCET” kompaniyasi oʻrtasida imzolangan kelishuvga muvofiq, Angor tumanida 150 million AQSH dollari miqdoridagi toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiya asosida zamonaviy zavod qurilishiga tamal toshi qoʻyildi.
— Ushbu loyiha oddiy sanoat obyekti emas, — deydi Surxondaryo viloyati Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi boshligʻi Bahodir Urunov. — Bu poligonlar yukini kamaytirish, noqonuniy chiqindi tashlash holatlarini qisqartirish va hududning ekologik barqarorligini taʼminlashga qaratilgan infratuzilmaviy yechimdir. Qoʻshimcha elektr energiyasi ishlab chiqarish hududiy energetik barqarorlikni mustahkamlaydi, yangi ish oʻrinlari esa iqtisodiy faollikni oshiradi.
Loyiha 2028-yilda toʻliq ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Quvvatiga koʻra, korxona yiliga 438 ming tonna qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlab, 75 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Eng muhimi, 150 ta doimiy ish oʻrni yaratiladi.
— Bir haqiqatni unutmaslik kerak, — deya qoʻshimcha qiladi Bahodir Urunov. — Chiqindi muammosi faqat zavod qurish bilan hal boʻlmaydi. Saralash madaniyati, tozalikka munosabat, maishiy odatlar ham oʻzgarishi lozim. Chiqindilar toʻgʻri toʻplanib, koʻproq qayta ishlansa, ekologik muvozanat yaxshilanadi, tabiat tozalanadi, jamiyatning oʻzi oʻzgaradi.
Demak, ushbu islohotlar faqat sanoat yoki energetika loyihasi emas, balki turmush tarzini oʻzgartirishga qaratilgan uzoq muddatli strategiyadir. Surxondaryoda amalga oshirilayotgan loyiha esa ana shu katta yoʻlning mantiqiy davomidir.
Farhod ESONOV, “Xalq soʻzi”.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring