Surxondaryo viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar tanqidiy koʻrib chiqildi

15:28 06 Oktyabr 2023 Jamiyat
448 0

Korrupsiyaga qarshi kurashish boʻyicha viloyat hududiy kengashining 5-oktyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishida viloyatda aksilkorrupsiya siyosatiga oid islohotlarning amalga tatbiq etish borasidagi ishlar hududiy kengash aʼzolari, Agentlik Ishchi guruhi aʼzolari, hududiy boshqarma rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida tanqidiy muhokama qilinib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan maqsad va vazifalar belgilab olindi.

Yigʻilish avvalida Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A.Burxonov Ishchi guruh tomonidan viloyatda oʻtkazilgan oʻrganish yakunlari,  korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari samaradorligiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan, korrupsiya xavf-xatarlarini keltirib chiqarayotgan masalalarga toʻxtalib oʻtdi. 

Qayd etilganidek, respublika miqyosida byudjet mablagʻlarini maqsadli sarflash bilan bogʻliq moliyaviy xato va kamchiliklarning eng yuqori ulushi Surxondaryo viloyati hissasiga toʻgʻri keladi. Bu esa davlat tashkilotlari masʼul shaxslarining byudjet mablagʻlarini rejalashtirish boʻyicha faoliyati talab darajasida emasligini koʻrsatadi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi ishlar samarali tashkil etilmaganligi hamda mansabdor shaxslar tomonidan belgilangan vazifalarga masʼuliyat bilan yondashilmayotganligi turli reytinglarda viloyatning koʻrsatkichlari qoniqarsiz baholanayotgani misolida ham oʻz isbotini topmoqda. 

Jumladan, Ochiqlik indeksida Surxondaryo viloyati “sariq” toifadan joy egallagan. Agentlik tomonidan viloyatda ochiqlikni taʼminlash choralarini koʻrish hamda ijobiy tajribalarni ommalashtirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqildi va amaliyotga tatbiq etilishi taʼminlandi. Natijada joriy yilning 2-choragi yakuniga koʻra ochiq maʼlumotlar sifatida eʼlon qilinishi lozim boʻlgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlarning eʼlon qilinishi oʻrganilganda ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi.

Muhokamalar jarayonida mazkur masalalarga jiddiy eʼtibor qaratilib,  bu borada qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etish, oʻz vazifasini lozim darajada bajarmagan masʼullarning javobgarligi masalasini koʻrib chiqish lozimligi qayd etildi.

Yigʻilishda Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashi tomonidan oʻtgan davr mobaynida tanlovlar tashkil etish, NNTlar bilan ishlash, targʻibot-tashviqot ishlarini tashkil etish, soʻrovlar oʻtkazish kabi yoʻnalishlarda yetarli tashabbus qilinmagani, ham tanqidiy koʻrib chiqildi.

Yuqoridagi masalalar yuzasidan viloyat prokurori, hududiy kengash kotibi va boshqa masʼullarning axboroti tinglandi.

Muhokamalar yakuni boʻyicha  viloyatda korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini tubdan qayta koʻrib chiqish, bu borada ayniqsa, hududiy Kengash faolligini oshirish, uning aʼzolari masʼuliyatini kuchaytirish yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi. Jumladan, hududdagi korrupsiya holatlari yuqori boʻlgan sohalar va tuman shaharlardagi korrupsiya holatlari va oldini olish boʻyicha koʻrilayotgan choralar tizimli ravishda Hududiy kengash yigʻilishida muhokama qilib borish lozimligi bildirildi.

Kengash oʻz faoliyatida monitoring va nazorat tadbirlarini  oʻtkazish, eshituvlar tashkil etish kabi instrumentlardan samarali foydalanishi zarurligi alohida taʼkidlandi.

Agentlik vakillari tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari bilan oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash orqali korrupsiyaga qarshi kurashish jarayoniga aholini keng jalb etish ishlarini yanada kuchaytirish yuzasidan ham qator tavsiyalar berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер