Surxondaryo mavjud epidemiologik vaziyat tufayli “sariq”, yaʼni oʻrta xavfli hududga kiritildi
Maʼlumki, kecha, 5-may kuni Prezident raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida mamlakatdagi epidemiologik holatdan kelib chiqib, karantin qoidalari bosqichma-bosqich yumshatilishi bildirildi. Shuningdek, viloyat, tumanlar va shaharlar “qizil” (yuqori xavfli), “sariq” (oʻrta xavfli) va “yashil” (xavfsiz) hududlarga ajratilishi belgilandi.
Surxondaryo mavjud epidemiologik vaziyat tufayli “sariq”, yaʼni oʻrta xavfli hududga kiritildi. Chunki viloyat boʻyicha 6-may kuniga qadar 41 nafar shaxs koronavirus infeksiyasiga chalingani aniqlangan. Shu kungacha ularning 29 nafari kasallikdan butunlay sogʻaygan. 12 nafari ayni paytda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasida davolanmoqda.
Davolanayotganarning 6 nafari joriy yilning 28-mart kuni Moskva – Termiz yoʻnalishida charter reys bilan kelgan fuqarolar, 3 nafari kasallikka chalingan ushbu fuqarolarga xizmat koʻrsatish jarayonida yuqtirib olgan vohadoshimiz, yana 3 nafari esa Rossiyadan tranzit yoʻnalishida viloyatga kirib kelgan yuk mashinalari haydovchilaridir. Ularning ahvoli qoniqarli, tibbiyot xodimlari tomonidan xalqaro standartlar asosida muolajalar olib borilmoqda.
Maʼlumot oʻrnida, Surxondaryo koronavirus infeksiyasiga chalinganlar koʻrsatkichi boʻyicha respublikada Toshkent shahri (668 nafar bemor), Buxoro viloyati (435), Xorazm viloyati (232), Namangan viloyati (230), Andijon viloyati (165), Fargʻona viloyati (158), Samarqand viloyati (140), Qoraqalpogʻiston Respublikasi (109)dan keyingi toʻqqizinchi oʻrinda turibdi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring