Sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan vazifalar yuklatilmaydi
Иллюстратив фото
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining yig‘ilishida sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash, tadbirkorlik subyektlari manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan qonun loyihalari atroflicha ko‘rib chiqildi va deputatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Dastlab fraksiya a’zolari “Sudlar mustaqilligi kafolatlarini yanada mustahkamlash bo‘yicha qo‘shimcha choralar ko‘rilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda muhokama qildilar.
Deputatlar qonun loyihasini ko‘rib chiqish jarayonida partiya saylovoldi dasturida belgilangan maqsad va vazifalardan kelib chiqib, tahliliy yondashishdi.
Adolatning qaror topishida sud hokimiyatining o‘rni beqiyos. Demak, sud hokimiyati mustaqil, sudlar esa adolat qo‘rg‘onlari bo‘lishi lozim. “Adolat” SDP “kuchli va adolatli sud hokimiyati bo‘lgan joyda qonun va adolat tamoyillari ustuvor”, deb hisoblaydi.
Mamlakatimizda sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, malakali kadrlarni tanlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, fuqarolarning odil sudlovga bo‘lgan ishonchini oshirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda. Ushbu qonun loyihasi ham sudlar mustaqilligi kafolatlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada sud hokimiyatining mustaqil holda ish yuritishi va sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmasligiga oid konstitutsiyaviy kafolatlar belgilab qo‘yilishi sud faoliyatining samaradorligini oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida sudlar raislarining mahalliy Kengashlarga bir yilda kamida bir marta axborot taqdim etishi haqidagi qoida bekor qilinayotganligi munosabati bilan sudlarga har chorakda o‘z faoliyati to‘g‘risida jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi orqali sud hokimiyatining mustaqilligi to‘laqonli ta’minlanishi uchun kafolatlar yanada mustahkamlanadi. Shu bilan birga, sudyalarga odil sudlovni amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lmagan har qanday vazifalar yuklatilishining oldi olinib, jamiyatning sudlar faoliyati to‘g‘risida muntazam axborot olib borishi uchun qat’iy huquqiy asos yaratiladi.
Qizg‘in muhokamalar chog‘ida deputatlar qonun loyihasi yuzasidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqib, o‘z fikr-mulohazalarini, takliflarini bildirdi.
—Sud idorasiga ishi tushgan har bir shaxs ushbu dargohda qonun va adolat ustuvor ekaniga ishonch hosil qilishi kerak, — dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi Inomjon Qudratov. — Oxirgi yillarda mamlakatimizda sud tizimini tubdan isloh qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlardan ko‘zlangan pirovard maqsad ham sudyalarning chinakam mustaqilligini ta’minlash, sudyalik kasbiga tayyorlash va tayinlash tizimini takomillashtirishdan iboratdir. Zero, Prezidentimiz aytganidek, sudlar chin ma’noda adolat maskaniga aylanishi uchun sudyalarni mustaqilligini ta’minlash eng muhim vazifadir. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi esa sudyalar mustaqilligini va pirovardida, samarali odil sudlovni yanada ishonchli ta’minlashga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 18-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ham ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma’qullandi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring