Sud Toshkent shahar hokimiyatiga 9 yil oldingi “snos” uchun zararni qoplashni yukladi
Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev maʼlum qildi.
«Yaqinda Uchtepa tumanlararo sudi tomonidan tadbirkorning doʻkoni buzib tashlanganligi uchun Toshkent shahar hokimiyatidan 1 200 000 000(bir milliard ikki yuz million) soʻm zarar undirib berish masalasida sud ishi koʻrib chiqilayotganligi haqida aytib oʻtgandik. Ishni Oliy Majlisning sobiq deputati, ayni vaqtda sudya N.Murodov koʻrib chiqmoqda edi.
Tadbirkor S.Nogayga bundan toʻqqiz yil muqaddam Toshkentning Navoiy koʻchasida joylashgan doʻkoni buzib tashlangani uchun kompensatsiya qoplab berilishi uchun sudga Shayxontohur tumani prokuraturasi tadbirkor manfaatini koʻzlab daʼvo kiritgan.
Maʼlum boʻlishicha, bugun sud ishi yakunlanib, sud tadbirkor foydasiga 1 198 110 000(bir milliard bir yuz toʻqson sakkiz million bir yuz oʻn ming) soʻm miqdoridagi zararni undirib berish haqida qaror qabul qilibdi. Mana buni yaxshi yangilik desa boʻladi.
Sud majlislari davomida zararni aniqlashtirish yuzasidan mulkni baholagan ekspert ham sudga jalb etilgan va barcha masalalar oydinlashtirib olingan.
Eʼtiborli jihati shundaki, sud davomida Toshkent shahar hokimiyati ham davoni tan olib, sudning ushbu qaroriga qoʻshilishini bildirgan. Bu juda kamyob hodisa.
Sud shuningdek, Toshkent shahar hokimiyatiga davlat boji sifatida 48 million soʻmga yaqin davlat boji va pochta xarajatlarini qoplashni ham yuklagan.
Nima ham derdik: xususiy mulklarga yetkazilgan zararni qoplash masalasida tinimsiz murojaatlar boʻlib turgan vaqtda sudlarning bu kabi qarorlarini eshitib, kelajakka ishonch yana-da ortadi. Menimcha bu masalada yaxshi oʻzgarishlar boʻlyapti" deb yozadi deputat.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring