Sud qarorlari ustidan protest berish muddatlari oʻzgardi

13:49 19 Aprel 2021 Jamiyat
1184 0

AOKAda boʻlib oʻtgan brifingda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi axborot xizmati rahbari Aziz Obidov Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilgan oʻzgartirishlar haqida maʼlumot berdi.

Uning taʼkidlashicha, maʼmuriy ishlarni koʻrish bilan bogʻliq quyidagi asosiy oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilmoqda:

▫️maʼmuriy va boshqa ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlarni koʻrishga ixtisoslashtirilgan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida tumanlararo maʼmuriy sudlar tashkil etilishi munosabati bilan tuman (shahar) maʼmuriy sudlar tugatildi;

▫️kassatsiya instituti qayta isloh etilishi va nazorat instansiyasi tugatilishi munosabati bilan Maʼmuriy sud ishlarini yuritish toʻgʻrisidagi kodeksidagi nazorat instansiyasi bilan bogʻliq moddalar va barcha qoidalar chiqarib tashlandi;

▫️qonun talablariga javob beradigan, sud qarorlari ustidan Oliy sudga berilgan har qanday shikoyat (protest) toʻgʻridan-toʻgʻri Oliy sudning sudlov hayʼati tomonidan koʻrib chiqilishi belgilab qoʻyildi;

▫️yuqori turuvchi sudga murojaat qiluvchi shaxslarga qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida, apellyatsiya shikoyati (protesti) berish muddati yigirma kundan bir oyga, kassatsiya shikoyati (protesti) berish muddati bir oydan bir yil muddatga oʻzgartirildi.

▫️ilgari apellyatsiya shikoyatini (protestini) berishning oʻtkazib yuborilgan muddatini tiklash haqidagi iltimosnoma ikki oydan kechiktirmasdan berilishi mumkin edi. Yangi qonunda bunday cheklov chiqarib tashlandi va iltimosnoma taraflar tomonidan cheklanmagan muddatda berilishi mumkinligi belgilandi;

▫️ investorlar bilan maʼmuriy organlar, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlari va ular mansabdor shaxslarining investitsiya shartnomasi shartlariga rioya qilinishi bilan bogʻliq qarorlari va harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish toʻgʻrisidagi investitsiyaviy nizolar, raqobatga oid ishlar maʼmuriy sudlar tomonidan koʻrilishiga alohida urgʻu berildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер