Stefano Richchining kolleksiyasida Oʻzbekistonning bayroq va gerbiga nisbatan hurmatsizlik qilingan — Adliya vazirligi

20:40 29 Iyul 2021 Jamiyat
2157 0

Bugun ayrim saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda italiyalik dizayner Stefano Richchi Oʻzbekiston uchun kolleksiya yaratgani haqida xabarlar tarqaldi.

Ularda taʼkidlanishicha, Stefano Richchi tomonidan yaratilgan oyoq kiyimlarida Oʻzbekiston gerbi va bayrogʻini tasvirlangan.

Mazkur holat Oʻzbekiston Respublikasining davlat ramzlari – bayroq va gerbga nisbatan hurmatsizlik hisoblanadi.

Ushbu holatga Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi tomonidan munosabat bildirildi.

«Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari — bayrogʻi, gerbi, va madhiyasiga egadir. Davlat ramzlarining mavjudligi Oʻzbekistonning amalda mustaqilligini yaqqol tasdiqlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining ramzlari muqaddas boʻlib, ularni har qanday yoʻl bilan tahqirlash qonun bilan javobgarlikka tortiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi Qonunining 51-moddasiga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbining tasviri tushirilgan belgilardan ishlab chiqarilayotgan yoki realizatsiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) oʻtkazish uchun tijorat maqsadlarida foydalanish mumkin emas.

Shu bilan birga, Toshkent shahar adliya boshqarmasi tomonidan Toshkent shahridagi davlat organlari va tashkilotlari hamda davlat muassasalarida davlat ramzlaridan foydalanishda huquqni qoʻllash amaliyoti oʻrganilgan.

Oʻrganish davomida 363 ta holatda Oʻzbekiston Respublikasi “Davlat gerbi toʻgʻrisida”gi Qonuni talablari buzilganligi aniqlangan.

Shunga koʻra, Toshkent shahrida joylashgan shahar hamda tuman miqyosidagi davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish toʻgʻrisida 103 ta taqdimnoma hamda 70 ta qonun hujjatlari buzilishiga yoʻl qoʻymaslik haqida ogohnoma, shuningdek Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasiga 49 ta maʼmuriy javobgarlikka tortish toʻgʻrisida takliflar yuborilgan.

Natijada 55 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan, 18 ta huquqbuzar maʼmuriy ravishda ogohlantirilgan, 9 nafar mansabdor shaxsga nisbatan jarima jazosi qoʻllanilgan», deyiladi vazirlik munosabatida.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер