Soʻnggi uch yil davomida Yevropada har kuni 17 nafar muhojir bola bedarak yoʻqolgan
2018-yilning yanvaridan 2020-yilning dekabriga qadar Yevropada 18 ming 292 nafar muhojir bola bedarak yoʻqolgan. Bu kuniga qariyb 17 nafar bola gʻoyib boʻlgan, deganidir.
Bu Buyuk Britaniyaning ”The Guardian“ nashri va ”Lost in Europe" xalqaro jurnalistlar hamjamiyati tomonidan olib borilgan kuzatuvlar yakunida maʼlum boʻldi.
«Soʻnggi uch yil ichida bedarak yoʻqolgan bolalarning aksariyati Yevropaga Marokash, Jazoir va Afgʻonistondan kelgan oilalarning farzandlaridir. Ularning 90 foizini oʻgʻil bolalar tashkil etadi, taxminan har oltinchisi 15 yoshgacha boʻlgan bolalardir», deyiladi xabarda.
Masalan, birgina 2020-yilning oʻzida Yevropaning 13 mamlakatida 5768 nafar bola bedarak yoʻqolgan.
“Bu bolalarni himoya qilish tizimi ishlamayotganligidan dalolatdir”, deydi “Missing Children Europe” tashkilotining himoya va migratsiya boʻlimi rahbari.
Uning soʻzlariga koʻra, jinoiy tashkilotlar tobora koʻproq muhojir bolalarni nishonga olmoqda va ularning aksariyati odam savdosi, shuningdek, mehnat va jinsiy ekspluatatsiya qurbonlariga aylanmoqda.
Avvalroq, Gollandiyada boshpana topgan 60 nafarga yaqin vyetnamlik muhojir bola gʻoyib boʻlgani haqida xabarlar tarqaldi. Gollandiya hukumati bolalar Buyuk Britaniyaga giyohvand moddalar yetishtiradigan fermer xoʻjaliklarida va salonlarda ishlash uchun olib ketilgan, deb gumon qilmoqda.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring