Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi. Bundan koʻzlangan maqsad nima?
Oliy Majlis Senatining yigirma beshinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni haqida”gi Qonuni senatorlar tomonidan maʼqullangan edi. Ushbu Qonun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.
Ushbu Qonunda Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining yangi tahririni qabul qilish nazarda tutilgan.
Yangi tahrirdagi Kodeksda Soliq kodeksining amaldagi tuzilmasi saqlab qolingan holda uni umumiy qismga (soliq maʼmuriyatchiligi masalalari) va maxsus qismga (soliqlarni hisoblash va toʻlashning asosiy qoidalari) boʻlinishini nazarda tutadi.
Jumladan, umumiy qismda quyidagilar nazarda tutilgan: soliq solishga oid xalqaro shartnomalarni qoʻllash tartibi iqtisodiyotni faol rivojlantirishning bugungi kungi holati va talablaridan kelib chiqqan holda tubdan takomillashtirilgan.
Soliq toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari prinsiplari qayd etilgani holda, qonun hujjatlarida bartaraf etib boʻlmaydigan qarama-qarshilik va noaniqliklarning soliq toʻlovchi foydasiga hal etilishi ham belgilangan.
Soliq kodeksiga kiritilgan oʻzgarishlarga koʻra soliq turlari 13 dan 9 gacha qisqartirilgan.
Soliq toʻlovchilarning konsolidatsiyalashgan guruhi yaʼni xoʻjalik faoliyati boʻyicha foyda soligʻini hisoblash va toʻlash maqsadida shartnoma asosida ixtiyoriy birlashgan guruh tashkil etish va uni tugatish shartlari kabi bugun biznes yuritishda xalqaro tajribada keng qoʻllanib kelinayotgan talablar ham kodeksda oʻz aksini topgan.
Soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchilarni 42 ta mezon asosida 3 segmentga, yaʼni, “vijdonli”, “shubhali” va “muntazam huquqbuzarlar”ga ajratgan holda ular bilan alohida faoliyat tashkil etish yoʻlga qoʻyiladi.
Vijdonli kategoriyasidagi soliq toʻlovchilar, ularning shu roʻyxatda boʻlgan davri davomida xech qanday tekshiruv oʻtkazilmasligi;
shubhali kategoriyasidagi soliq toʻlovchilar kameral nazorat tartibida nazoratga olinib,aniqlangan kamchiliklar oʻz vaqtida bartaraf qilinsa boshqa tekshirish amalga oshirilmasligi;
muntazam huquqbuzuvchilar esa audit tekshiruvi orqali joyida tekshirish koʻzda tutilgan.
Soliq toʻlovchilarga qulayliklar yaratish maqsadida soliqlarni toʻlash muddatlarini oʻzgartirish, soliq toʻlashni kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash vakolatlari xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga berilgan.
Shuningdek, soliq toʻlovchi tomonidan ortiqcha toʻlangan yoki undan ortiqcha undirilgan soliq summasini soliq toʻlovchining qarzi boʻlmagan hollarda soliq toʻlovchiga qaytarilishi yoki soliq toʻlovchi roziligi bilan kelgusi toʻlovlar hisobiga hisobga olinishi mumkinligi ham belgilangan.
Kodeksning yangi tahririda ortiqcha toʻlovini qaytarib berish muddatidan oʻtgan har bir kun uchun soliq xizmati organlarining penya toʻlashi ham koʻzda tutiladi.
Shuningdek, soliq toʻlovchilarning, soliq organlarining huquq va majburiyatlari, ularning javobgarligi, nazorat qilish tartib-taomilini soddalashtirish va soliq tekshiruvlari turlarini 13 tadan 3 tagacha kamaytirish, soliq tekshiruvlarini tahlika-tahlil dasturi asosida (inspektor aralashmagan holda) kameral, joyiga chiqqan holda tekshirish va soliq auditini vakolatli organ bilan kelishilmasdan amalga oshirishni yangi tartibi, u yoki bu soliq toʻgʻri hisoblanganligini tasdiqlash uchun zarur hujjatlarni soliq toʻlovchidan talab qilish, shuningdek kameral tekshiruv oʻtkazish jarayonida soliq toʻlovchi tomonidan avval taqdim etilgan axborotni tasdiqlash uchun sayyor tekshiruvlarni (omborxonani tekshirish, xodimlar xronometraji) taklif qilish huquqini soliq organi mansabdor shaxsiga berish ham nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, soliq boʻyicha nizolarni sudgacha hal etish tartibi ochib berilgan. Soliq bilan bogʻliq huquqbuzarlik turiga qarab javobgarlik choralari belgilangan, soliq organlari javobgarligi kuchaytirilgan.
Maxsus qismdagi qoʻshimchalar soliqlarni hisoblash mexanizmlarini va toʻlash tartiblarini takomillashtirishni, shuningdek soliqqa tortishning barcha elementlarini aniqlashtirish va tartibga solishni belgilaydi.
Maxsus qismda qoʻshilgan qiymat soligʻi, foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻi, ijtimoiy soliq, aylanmadan soliq, yuridik shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan foyda soligʻi, yuridik shaxslardan olinadigan yer soligʻi, jismoniy shaxslardan olinadigan yer soligʻi, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, yer qaʼridan foydalanishga oid soliqqa oid normalar, shuningdek ularni hisoblash tartibi va ularni toʻlash muddatlari belgilanib, ochib berilgan.
Kodeksning qabul qilinishi soliq qonunchilik normalarini qoʻllashni soddalashtirish, ziddiyatlar va tafovutlarni bartaraf etish, vijdonli soliq toʻlovchilar huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirish, soliq nazorati shakllari va mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan soliq solinadigan obyektlar va soliq toʻlovchilar toʻliq qamrab olinishini va hisobga olinishini taʼminlaydigan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga takomillashtirish, transfert narx belgilash bilan bogʻliq operatsiyalarga soliq solish tartibini joriy etishga koʻmaklashadi.
Muhammad JUMAGALDIYEV,
Oliy Majlis Senati
Byudjet va iqtisodiy islohotlar
masalalari qoʻmitasi raisi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring