Soxta “PUBG” akkaunt sotish bilan fuqarolarni aldab kelgan shaxs qoʻlga olindi
Toshkent shahri, Olmazor tumanida yashovchi 21 yoshli V.L. IIOga murojaat qilib, bank kartasidan 680.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlari nomaʼlum shaxs tomonidan firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirilganligini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatni Fargʻona viloyati, Qoʻqon shahrida yashovchi 19 yoshli A.K. sodir etganligi aniqlangan.
Unga koʻra, A.K., jabrlanuvchi V.L. bilan “Telegram” messenjerida tanishib, unga arzon narxda “PUBG” akkauntini sotishi haqida aytib uni aldab, oʻzining foydalanuvida boʻlgan bank kartasiga oldindan 680.000 soʻm miqdoridagi pul mablagʻlarini oʻtkazdirib olgan va yozishmalarni oʻchirib yuborib, pullarini oʻz ehtiyojlariga sarflab yuborgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, A.K.ning sodir etilib, fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligini tekshirish maqsadida tergov, tezkor-qidiruv harakatlari davom ettirilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring