
Ilgari ushbu amaliyot biroz murakkab tarzda oʻtkazilar, bunda chanoq-son kosasi uskunalar yordamida tozalanib, togʻay qismi olib tashlanar va maxsus vositalar yordamida mahkamlanar edi. Bu esa amaliyotning uzoq vaqtga choʻzilishiga, qon yoʻqotish xavfining ortishiga va bemorda jarrohlik amaliyoti bilan bogʻliq boshqa holatlarning kelib chiqishiga sabab boʻlardi.
— Endi esa bunga hojat qolmadi, — deydi 1-Respublika klinik shifoxonasi shifokori, tibbiyot boʻyicha falsafa doktori (PhD) Kamolxoʻja Eshnazarov. — Boisi ushbu usul orqali ham vaqt, ham mablagʻ tejaladi. Jumladan, ushbu amaliyot oʻzining bor yoʻgʻi 45 daqiqagina davom etishi bilan ham ajralib turadi. Bordi-yu, bemorning umumiy ahvoli yaxshi boʻlib, amaliyot jarayonidagi ishtirok etuvchi shifokor-xodimlar guruhi tajribali boʻlsa, unda operatsiya 30 daqiqada ham yakunlanishi mumkin. Tabiiyki, bunda bemor ortiqcha qon yoʻqotish holatidan aziyat chekmaydi. Shuningdek, tananing kesilgan qismidagi kesma uzunligi 7-8 santimetrni tashkil etadi. Eng muhimi esa, shunday murakkab amaliyotdan soʻng bemor qisqa vaqt oraligʻida oyoqqa turib, yura boshlaydi, operatsiyaning beshinchi kunida esa uyiga ruxsat beriladi. Bu dunyo tibbiyotida kamdan-kam holatlardagina kuzatiladi.
Turli xastalikni jarrohlik usuli bilan davolashda, bemorning umumiy ahvoli alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki bir organda qoʻllanilayotgan amaliyot, ikkinchi xastalikni zoʻraytirib yuborishi mumkin. Qizigʻi shundaki, bipolyar endoprotezlash usulida bunga hojat qolmaydi. Boisi tibbiyotimizda yangi joriy etilayotgan ushbu usul ana shu yuqorida aytilgan jihatlari bilan boshqa organ va toʻqimalarga deyarli taʼsir qilmaydi. Qisqa vaqt ichida yoʻlga qoʻyilgan ushbu amaliyot bugun ogʻir kasalliklar sirasiga kiruvchi son suyagi boʻyinchasi jarohatlanishi, ogʻir turdagi politravma, bundan tashqari, turli yondosh kasalliklar (yurak qon-tomir, nafas organlari, ruhiy va boshqa kasalliklar) mavjud boʻlgan bemorlarda ham muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda.

— Endoprotezlash amaliyotining dunyo tan olgan ushbu usuli jahonning sanoqli mamlakatlaridagina amalga oshiriladi, — deydi 1-Respublika klinik shifoxonasi shifokori, tibbiyot boʻyicha falsafa doktori (PhD) Kamolxoʻja Eshnazarov. — Jumladan, AQSH, Germaniya, Turkiya, Yaponiya, Janubiy Koreya singari tibbiyoti rivojlangan davlatlar bu yoʻnalishda yetakchilardan hisoblanishadi. Ilgʻor usul, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalardan keng foydalangan holda oʻtkazilib kelinayotgan mazkur amaliyot mana toʻrt oydan buyon shifoxonamizda ham qoʻllanilmoqda. Muassasamizning bir guruh xodimlari bilan birgalikda Janubiy Koreyaning Yonsey va Chonnam universitetlarida malaka oshirib qaytdik. U yerda bipolyar endoprotezlash amaliyotining keng imkoniyatlari, zamonaviy texnologiyalar yordamida tez va oson ravishda bajariladigan usullarni oʻrgandik.
Ayni paytda shifoxona olimlari tomonidan ushbu murakkab texnologiyali amaliyotlarni yurtimiz tibbiyotida ham keng qoʻllash ustida ish olib borilmoqda. Oʻtgan qisqa vaqt mobaynida 25 nafardan ziyod 70 va undan katta yoshdagi bemorlarda ushbu amaliyotning qoʻllanilgani yuqoridagi fikrimiz tasdigʻidir. Quvonarlisi, amaliyot oʻtkazilgan barcha bemorlar sogʻlom hayotga qaytarilib, oʻzlarini yaxshi his qilishmoqda. Endilikda, ushbu usul dastlab mamlakatimizning Samarqand, Navoiy, Fargʻona, Toshkent, keyinchalik esa boshqa viloyat travmatologiya va ortopediya markazlarida ham yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilayapti.
Sogʻliqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring