Sogʻliqni saqlash vazirligi shifokorni oʻz himoyasiga olib, Bosh prokurorga murojaat yoʻlladi

13:51 15 May 2020 Jamiyat
1106 0

Kuni kecha mamlakatimizdagi axborot saytlari va ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand viloyatida fuqaro X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilayotganligi toʻgʻrisida xabarlar tarqaldi. Unda samarqandlik tibbiyot xodimi tibbiy tekshiruvlardan oʻtmasdan 34 kishiga koronavirus infeksiyasini yuqtirishga sababchi boʻlganligi aytiladi. Ushbu holat koʻplab ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilarida qarama-qarshi fikrlar va noroziliklarni keltirib chiqardi.

Maʼlum boʻlishicha, 2020-yil 12-may kuni Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasining boʻlim mudiri X.D.ga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 257-1-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

– Sogʻliqni saqlash vazirligi jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi mazkur qarorni quyidagi asoslarga koʻra bekor qilinishi lozim deb hisoblaydi, – deydi Sogʻliqni saqlash vazirligi yuridik boʻlimi boshligʻi Ruslan Muhammadiyev. – Birinchidan, Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi birinchi qismi dispozitsiyasidagi qasddan sodir etilishi talab etiladigan qilmishlardan birortasi fuqaro X.D. tomonidan sodir etilmagan. Ikkinchidan, Jinoyat kodeksining yuqoridagi moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun maxsus subyekt boʻlish talab etilmaydi. Aniqrogʻi, bu modda bilan faqatgina tibbiyot xodimlari javobgar qilinishi mumkinligi ham qonunda koʻrsatilmagan. Aytmoqchi boʻlganimiz, tana harorati oshganligini bila turib, shifokorga murojaat etmasdan oʻzgaga infeksiya yuqtirganlik uchun javobgarlikka tortish mumkin boʻlsa, nega unda yuzlab holatlarda qonunning bunday kuchidan foydalanilmadi? Nimaga aynan tibbiyot xodimiga kelganda qonunni bunday talqin qilish mumkinligi esimizga tushib qoldi? Masalan, yaqinda samarqandlik juda katta tadbirkorning farzandi koʻpchilikka xuddi shunday sharoitda koronavirus yuqtirganligi haqida internetda maʼlumotlar tarqalgan edi. Nima uchun ushbu holatda qonunning shu meʼyoridan foydalanilmadi?

Qolaversa, qonunchiligimizda tana harorati oshgan fuqaro, xoh u tibbiyot xodimi boʻlsin, xoh boshqa koronavirusga analiz topshirmasa jinoiy javobgarlikka tortiladi, degan majburiyat hali oʻrnatilgani yoʻq.

Yuqoridagi holatda tibbiyot xodimi hisoblangan X.D. koronavirus infeksiyasini juda katta ehtimol bilan bemorlarga xizmat koʻrsatish jarayonida yuqtirib olgan. U koronavirus yuqtirib olganligini joriy yil 28-aprel kuni topshirgan testi natijalari aniq boʻlganidan keyingina bilgan va darhol davolanish uchun yotqizilgan. Bungacha u ushbu infeksiyani yuqtirib olganligini bilmagan va bilishi mumkin ham boʻlmagan. Qolaversa, 34 nafar fuqaroga koronavirus aynan tibbiyot xodimidan yuqqanmi yoki boshqadanligini hali dastlabki tergov jarayonida isbotlash kerak boʻladi.

Toʻgʻri, Sogʻliqni saqlash vazirligi X.D.ning oʻz sogʻligiga nisbatan beparvo boʻlib, kimlarnidir xavf ostida qoldirganligini oqlamoqchi emas. Shu bilan birgalikda, vazirlik mazkur holatda X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qaror asossiz, deb hisoblaydi. Shundan kelib chiqqan holda, Sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shadmanov Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga X.D.ga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatish toʻgʻrisidagi qarorni bekor qilish masalasini oʻz vakolati doirasida koʻrib chiqilishini soʻrab, joriy yil 14-may kuni murojaat yoʻlladi. Oʻylaymizki, ushbu masala nazoratga olinib, oʻz qonuniy yechimini topadi.

Maʼlumki, ayni kunlarda butun dunyoda koronavirus pandemiyasiga qarshi mardonavor kurashayotgan shifokorlar alohida eʼtirof etilmoqda. Oʻz navbatida yurtimiz tibbiyot xodimlari ham, davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda, oʻz hayoti va sogʻligini garovga qoʻyib, pandemiyaga qarshi qahramonona faoliyat olib borishmoqda

Mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimi boshqa davlat idoralari bilan hamkorlikda koronavirus pandemiyasiga qarshi qattiq kurashayotgan ana shunday bir sharoitda, yuqoridagi kabi dilni xira qiladigan bu kabi holatlar olib borilayotgan keng koʻlamli saʼy-harakatlar samarasiga, minglab shifokorlar kayfiyatiga faqatgina salbiy taʼsir koʻrsatishi mumkin.

Sogʻliqni saqlash vazirligi

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Yangiliklar taqvimi

Кластер